Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Moskva qamoqxonasida ochlik e’lon qilgan o‘zbekistonlik talaba haqida rasmiy bayonot berildi

Moskva qamoqxonasida ochlik e’lon qilgan o‘zbekistonlik talaba haqida rasmiy bayonot berildi

Ma’rufjon Shakarov.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bugun, 17-iyul kuni giyohvand moddalar saqlashda ayblanib, Rossiyada qamalgan O‘zbekiston fuqarosi — Ma’rufjon Shakarov masalasida bayonot berdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Konsullik bo‘limi tomonidan Shakarovga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Ma’rufjon Shakarov Moskva shahar Preobrajenskiy tuman sudining 2017-yil 13-dekabridagi hukmi bilan, katta miqdorda giyohvandlik moddalarini o‘tkazish (sotish)ni ko‘zlab saqlaganlikda aybdor deb topilib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Moskva shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Sud hay’atining 2018-yil 14-iyundagi apellyasiya ajrimiga ko‘ra, Shakarovning qilmishida «keyinchalik o‘tkazish (masalan, sotish) maqsadi bo‘lmaganligi» uchun jinoyat ishi qayta malakalanib, 2017-yil 13-dekabrda berilgan 10 yillik jazo 5 yilga qisqartirilgan.

Ma’lum qilinishicha, 14-iyul kuni O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Konsullik bo‘limi xodimi Moskvadagi qamoqxona rahbariyati bilan telefon orqali suhbatlashgan. Ma’rufjon Shakarov ochlik e’lon qilganidan so‘ng, u bir kishilik kameraga o‘tkazilgan va doimiy videokuzatuv hamda tibbiy xodimlar nazoratida, qamoqxona rahbariyati ham u bilan har kuni suhbatlashadi. Unga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish zarurligini bildiruvchi alomatlar yo‘q. Yaqin vaqt ichida Shakarovga onasi va xolasi bilan uchrashish imkoni taqdim etiladi.

Preobrajenskiy tuman sudining Moskva shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sud hay’ati qarorini tasdiqlash haqidagi hukmi kuchga kirgach, konsullik bo‘limi xodimining Shakarov bilan uchrashishiga ruxsat berilishi mumkin.

Elchixona Konsullik bo‘limi ushbu masalani doimiy nazoratiga olgan, deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi axborotida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring