Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sanjar Said

Hayotda mo‘jizalar sodir bo‘ladi

Nima uchun Amerika dunyodagi eng qudratli davlat?

Nima uchun Amerika dunyodagi eng qudratli davlat?

AQSh bayrog‘i

Foto: «Japantimes.co.jp»

Chunki hamma, birinchi navbatda amerikaliklar, bunga ishonadi. Ular o‘zlari ishongan narsaga butun dunyoni ishontirishga ustasi farang. Amerika kinolari, qo‘shiqlari, mahsulotlari va hokazolarda bot-bot Amerika kuchli, Amerika qudratli, Amerika eng zo‘r, degan g‘oya takrorlanaveradi. Hadeb bir so‘zni eshitavergan odam, u xoh rost, xoh yolg‘on bo‘lsin, unga qattiq ishonib qoladi…

Men aslida Amerika haqida yozmoqchi emasman. Meni nega o‘zbekistonliklar O‘zbekistonni dunyodagi eng kuchli davlat deb tan olmaydi, degan savol ko‘proq o‘ylantiradi. Biz «O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat», «Biz hech kimdan kam emasmiz, kam bo‘lmaymiz ham», degan balandparvoz shiorlarni uzoq yillar eshitib keldik. Tilda aytsak ham, negadir qalbimiz tasdiqlamas edi. Axir ahvolimiz o‘zimizga ayon – olayotgan oyligimiz oy oxirigacha yetib bormaydi, boshimiz qarzdan chiqmaydi, oddiy davlat ishida halol mehnat qilib biror narsali bo‘lishga ko‘zimiz yetmasdi. Bunday sharoitda hech kim bizning boshqa davlatlar fuqarolaridan kam emasligimizga ishontira olmasdi. Hozir ham juda ko‘p balandparvoz so‘zlar, olamshumul va’dalarni eshityapmiz, ammo toki ahvolimiz o‘nglanmas ekan, siniq tabassum bilan qabul qilaveramiz bunday gap-so‘zlarni.

Ammo, aslini olganda, dunyodagi eng qudratli davlat – bu o‘z Vatanimiz, o‘z yurtimiz. Bepoyon yerlar, purviqor tog‘lar, tabiiy boyliklar, dalayu yaylovlar, daryoyu ko‘llar, xullas, o‘sha Amerikada bor hamma narsa bizda ham bor, bo‘lmaganlari vaqti soati kelib albatta bo‘ladi. Menimcha, hamma narsa munosabatga bog‘liq. Davlatning xalqqa, xalqning davlatga munosabatiga. Koreyada bir shiorga ko‘zim tushgandi (bu haqda avval ham bir necha marta yozganman): davlatning yaxshi bo‘lishi – xalqqa yaxshi, xalqning yaxshi bo‘lishi davlatga yaxshi. Ya’ni, davlat qancha kuchaysa – xalqqa yaxshi: turish-turmushi, oylik-maoshi yaxshilanadi, infratuzilmalar yaxshilanadi, yo‘llar ravon, energiya ta’minoti barqaror bo‘ladi, odamlar munosib va adolatli mehnat sharoitlarida faoliyat ko‘rsatadi, oyligi bir oy yashashi, yeb-ichishidan ortib, orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarishi uchun ham yetadi. O‘z navbatida, xalq qancha vijdonli, mehnatkash, halol va fidoyi bo‘lsa davlat shuncha kuchayadi, qudratli bo‘ladi, rivojlanadi.

Amerika ham o‘z-o‘zidan «dunyodagi eng qudratli mamlakat»ga aylanib qolmagan. Fidoyi insonlar harakati, jonbozligi evaziga oyoqqa turgan (albatta, boshqa sabablari ham ko‘p). Ana shu oyoqqa turish va oyoqda turib qolish jarayonida qator qadriyatlar o‘zgarmas qonunlarga aylandi. Bular ichida eng asosiylari – erkinlik va ishonch. Bizga shu ikki narsa yetishmayapti. Davlat xalqqa, xalq davlatga, amaldor xodimga, odamlar bir-biriga ishonmayapti. Ishonganlar pand yeb qolayapti ham. Shuningdek, erkinlik masalasida ham og‘riqlarimiz yetarlicha. Erkinlikning to‘silishi oqibatida yashash, ta’lim olish va mehnat qilish kabi umuminsoniy huquqlar chegaralanyapti. Ayniqsa propiska masalasi haliyam ijobiy yechim topmayapti? Fuqaro o‘zi istagan joyda hech qanday to‘sqinliklarsiz yashab, mehnat qila olmasa, o‘zi xohlagan joyda ta’lim ololmasa (o‘qishga kirishning qiyinligini, kvotalar kamligini nazarda tutayapman).

To‘g‘ri, juda ko‘p narsalar yengillashyapti, kuni kecha propiska olishda ayrim hujjatlarni talab qilish bekor qilindi. Ammo bular kam. Avval davlatning xalqqa munosabati amalda ijobiy tomonga o‘zgarsin, keyin xalq ham o‘z fikrini o‘zgartiradi. Ishonch va erkinlik uzoq kelajak rejalarini tuzish va ularni amalga oshirish uchun dadillik bilan qadam tashlashga zamin yaratadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring