Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Obodonlashtirish bir martalik hashar yoki bayramoldi tadbiri bo‘lib qolmasligi kerak — Shavkat Mirziyoyev

Obodonlashtirish bir martalik hashar yoki bayramoldi tadbiri bo‘lib qolmasligi kerak — Shavkat Mirziyoyev

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qoraqalpog‘istonda 1 million 100 ming yoshlar bor, shundan 505 ming nafari 14-30 yoshda. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu katta kuch ekanini, yoshlarga to‘g‘ri yo‘nalish berish muhimligini ta’kidladi.

Bir yilda 1 ming, kelgusi ikki yilda yana 5 ming yoshni axborot texnologiyalari va logistika sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Hududda xorijiy til sertifikatiga ega 98 ming, axborot texnologiyalari bo‘yicha 127 ming, aniq fanlar bo‘yicha sertifikat olgan 5,5 ming yosh bor. Ularning 10 minggi chet tili va axborot texnologiyalarini mukammal biladi.

Koreyadagi vatandoshimizning olis hududlardagi yoshlarga axborot texnologiyalarini o‘rgatib, ularni yuqori daromadli qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Yil yakunigacha shunday kamida 10 nafar iqtidorli vatandoshni Qoraqalpog‘istonga jalb etib, loyihalar boshlash topshirildi.

Prezident Nukus shahridagi 1-son texnikumda yo‘lga qo‘yilgan kasbiy ta’lim tajribasini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Texnikumda «Pearson BTEC» xalqaro ta’lim dasturi joriy etilgan bo‘lib, bitiruvchilarga 70 ta davlat tan oladigan kasb sertifikati beriladi.

Tadbirkor Salovutdin Ilyosov bu yerda 37 turdagi kichik asbob-uskuna ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, yoshlarga uskunasozlikni ham o‘rgatmoqda. Ushbu uskunalarni olgan 4 ming ishsiz daromad topishni boshlagan.

Yangi yildan Amudaryo, Beruniy, Chimboy va Qo‘ng‘irotdagi bittadan texnikumda ham shu tajriba yo‘lga qo‘yiladi.

1 oktyabrdan asbob-uskuna uchun beriladigan ssuda miqdori 20 million so‘mdan 50 million so‘mga oshiriladi.

«Usta-shogird» an’anasi asosida kasb o‘rganish xarajatlarini qoplash bo‘yicha yosh chegarasi 30 yoshdan 40 yoshga ko‘tariladi.

Qoraqalpog‘istonda maktabgacha ta’lim qamrovi 84 foizga yetgan. Biroq Amudaryo, Bo‘zatov, Taxiatosh, To‘rtko‘l, Chimboy, Xo‘jayli va Ellikqal’ada bu ko‘rsatkich hali ham pastligi qayd etildi.

Endi Qoraqalpog‘istonda xususiy bog‘cha ochadigan tadbirkorlarga 15 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan 7 foizli kredit beriladi.

Qolgan viloyatlarda kredit stavkasi markazdan uzoq-yaqinligiga qarab, 7 foizdan 15 foizgacha bo‘ladi.

Qoraqalpog‘istonda yuqori texnologik tibbiy xizmatlarning ko‘lami ham kengaymoqda.

Nukusdagi markaziy shifoxonada jigar va buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilmoqda. Orolbo‘yi bolalar shifoxonasida 150 turdagi yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Shu yil bosh miya, yurak va plastik jarrohlik kabi murakkab yo‘nalishlarda 1,5 mingta operatsiya o‘tkazildi.

Hududda tibbiy sug‘urta mexanizmi joriy etildi. Tibbiyot muassasalariga 10 million dollarlik jihozlar olib berildi.

O‘zbekistonda birinchi marta xususiy sheriklik asosida tashkil qilingan Nukus tibbiyot ilmiy akademiyasi soha xodimlari bilimini baholash va malakasini oshirishda metodik markaz bo‘ladi. Tibbiyot akademiyasi, Bolalar klinikasi, Onkologiya markazi hamda yangi tashkil etiladigan ko‘p tarmoqli shifoxonani yaxlit tizimga birlashtirib, Universitet tibbiy klasteri tashkil qilinadi.

Mo‘ynoqqa kelib ishlayotgan shifokorlarga to‘lanayotgan 200 foizgacha oylik ustama 1 yanvardan Bo‘zatov va Taxtako‘pirda ham joriy etiladi.

Yig‘ilishda ko‘cha va mahalla biylari, nuroniylarning jamiyatdagi yuksak obro‘-e’tiboridan samarali foydalanish masalasiga e’tibor qaratildi.

Asosiy maqsad har bir shahar va ovulda qulay turmush sharoitini yaratish, dedi Davlat rahbari. Nuroniylarning tajribasi, yoshlarning g‘ayrati va aholi tashabbuskorligini birlashtirish orqali har bir mahallada obod va farovon muhit yaratish mumkin.

Rahbarlar mahalla va ko‘cha biylari bilan ishini erta tongdan hududlarni aylanish, aholi bilan muloqotdan boshlashi zarurligi qayd etildi.

Ko‘chalar, ariq va zovurlarni toza tutish, daraxt va gullarni ko‘paytirish, har bir insonda o‘z mahallasi taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish muhim.

Obodonlashtirish bir martalik hashar yoki bayram oldidan o‘tkaziladigan tadbir bo‘lib qolmasligi, tozalik va obodlik kundalik madaniyatga aylanishi zarurligi qayd etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring