Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oliy sud raisi jurnalistlar bilan tez-tez ko‘rishmoqda

Oliy sud raisi jurnalistlar bilan tez-tez ko‘rishmoqda

Foto: AOKA matbuot xizmati

Ikki hafta avval markaziy ommaviy axborot vositalari rahbarlarini huzuriga chorlab, tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, oldinda turgan vazifalar xususida axborot berish asnosida  sud va OAV o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida gapirgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov 15-may kuni shunga yaqin mavzuda yana jurnalistlar oldida chiqish qildi. 

Nega desangiz, bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Sud organlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish» mavzusida davra suhbati o‘tdi. Ushbu tadbir ayni agentlik bilan hamkorlikda uyushtirilib, unda tizim birinchi rahbarlari ishtirok etmasa bo‘lmasdiki, muhtaram K. Komilov bilan navbatdagi diydorning sababi shunda.

Oliy sud raisining bu safargi chiqishi avvalgilariga qaraganda ancha lo‘nda va ixcham bo‘lgani kuzatildi. Mavzu yuzasidan aytarli yangi gap bo‘lmadi, biroq «eski»lari ham hamon dolzarblicha turibdi. Xususan, K.Komilovning qonuniy kuchga kirmagan sud hukmlari ommaviy axborot vositalariga bemalol chiqib ketayotgani haqida kuyinib gapirganini tushunish mumkin. Shuningdek, sud  idoralari jurnalistlar uchun ancha ochiq organga aylanganini ham e’tirof etish joiz. Ommaviy axborot vostalari xodimlarining ochiq sud majlislarida hozir bo‘lishilarida muammo yo‘q, ammo ish qurollaridan foydalanishga izn bo‘lmayotgani bor gap. Chunki, qonunga ko‘ra, sud majlisida fotoapparat, audio yoki video moslamalaridan foydalanish faqat raislik etuvchi izni bilan amalga oshiriladi. Ya’niki, bu sudyaning xos huquqi. Bu huquqda muhtaram qonun peshvolari vaziyat taqazosidan ko‘ra kayfiyat quvvatidan kelib chiqib foydalanayotganday ko‘rinadi. Bunaqada jurnalistning sud majlisida ishtirokidan ma’ni bormi? Rost-da, bo‘yniga fotoapparatini ilib sudga borgan jurnalistning niyati sudyani esdalik uchun suratga olib qo‘yish emas-ku?!

Xullas, sud organlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikning izchil rivoji uchun birinchi navbatda huquqiy mexanazm takomillashtirilishi talab  etiladi. Buni Oliy sud raisi me’yoriy hujjat ko‘rinishida emas, rostmona qonun shaklida tartibga solish maqsadga muvofiqligini aytdi. Buning uchun soha faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar jiddiy qayta ko‘rib chiqilishi talab etadiki, bu endi uzoqroq cho‘ziladigan jarayon...

Tadbir sal qolmasa savol-javob shakliga o‘tib ketishi mumkin edi. Tabiiyki, jurnalistlarda savol doim topiladi, javob bermoq unchalar ham qiyinmas. Xususan, Oliy sud raisi uchun – jurnalistlar bilan muloqotda bo‘laverib, muloqot tajribasi ancha oshgani ko‘rinib turibdi. Biroq agentlik rahbari Komil Allamjonov vaziyatni boshqacharoq o‘zanga burib yubordi: yaxshisi, savolni qo‘yib, taklif beringlar, shu foydaliroq...

Ancha-muncha takliflar o‘rtaga tashlandi, fikr-mulohazalar bildirildi. Tadbir uchun ajratilgan vaqt poyoniga yetib qolmaganda bildirilayotgan taklif-mulohazalar yana davom etishi mumkin edi. Biroq bundan hech kim norizo bo‘lmadi. Tadbirda aytishga ulgurmagan fikrlarini matbuot orqali bildirishda jurnalist uchun muammo yo‘q-da: «o‘zining tomorqasi» axir?!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring