Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oqto‘ba fojiasi qurbonlari Namanganda dafn etildi

Oqto‘ba fojiasi qurbonlari Namanganda dafn etildi

Kadr: «Youtube»

Bugun, 23-yanvar kuni erta tongda Favqulodda vaziyatlar vazirligining Toshkentdan uchgan maxsus ikki samolyoti Namangan xalqaro aeroportiga qo‘ndi.

Qozog‘istonning Oqto‘ba viloyatida sodir bo‘lgan avtobus yong‘inida halok bo‘lgan marhumlar Namangan xalqaro aeroportidan viloyat ishchi komissiyasi tomonidan ko‘rilgan tashkiliy chora-tadbirlarga asosan zamonaviy tez tibbiy yordam avtomashinalarida To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy va Uchqo‘rg‘on tumanlaridagi motamsaro xonadonlarga yetkazildi.

Janoza namozida viloyat, shahar va tumanlar rahbariyati, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, bevaqt halok bo‘lgan yigitlar haqiga duoi fotiha qildilar. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasining Namangan viloyatidagi vakili Abdulxay Tursunov, «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limining raisi Ikromxon Najmiddinov, viloyat hokimi Xayrullo Bozarov viloyat ahli nomidan marhumlarning ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlariga hamdardlik izhor qilib, sabr-bardosh tiladilar.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 18-yanvar kuni Qozog‘istonning Oqto‘ba viloyatida avtobus yonishi oqibatida 52 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring