Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

So‘rov: O‘zbekiston yoshlari Navro‘z bayramini nishonlaydimi?

So‘rov: O‘zbekiston yoshlari Navro‘z bayramini nishonlaydimi?

Foto: «Afisha.uz»

U-Report yoshlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, ularning Navro‘z haqidagi fikrlari, bayram an’ana va udumlariga munosabatlari va Navro‘zni qanday nishonlashlarini aniqladi.

So‘rovda O‘zbekiston bo‘ylab 1700ga yaqin respondentlar qatnashdi.

Tahlillarga ko‘ra, respondentlarning yoshi qancha kichik bo‘lsa, Navro‘zni nishonlamaydiganlar, sumalak tayyorlamaydiganlar, bayramning udum va an’analarini hushlamaydiganlar soni shuncha ortib borgan.

Navro‘zni kim bilan nishonlashlari haqidagi savolga 67 foiz ishtirokchilar bayramni oilasi yoki qarindoshlari bilan nishonlashini aytgan. Qolgan respondentlar boshqa variantlarni tanlashgan:

  • Do‘stlar/hamkasblar bilan – 13%
  • Nishonlamayman – 12%
  • Mahalla/qo‘shnilar bilan – 5%
  • Bir o‘zim – 3%

Respondentlarning yoshi qancha kichik bo‘lsa, Navro‘zni nishonlamaydiganlar soni shunchalik ortib borgan: 14-19 yoshdagi ishtirokchilarning o‘rtacha 32 foizi Navro‘zni nishonlamasligini aytgan bo‘lsa, 20 va undan ortiq yoshdagilar o‘rtasida bu javob 6 foizni tashkil qilgan.

So‘rovda qatnashganlarning 28 foizi Navro‘zni islomiy bayram, deb hisoblasharini aytishgan. 17 foiz ishtirokchilar Navro‘z diniy bayrammi yoki dunyoviymi, bir qarorga kela olishmagan.

Ta’kidlash joizki, aslida Navro‘z – milliy bayram bo‘lib, uning islom diniga aloqasi yo‘q.

Navro‘zda xalq sayillarida qatnashasizmi, degan savolga respondentlar quyidagi javoblarni berishgan:

  • Jonim bilan! – 56%
  • Xohlardim, lekin vaqt yo‘q – 24%
  • Qatnashmayman – 20%.

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 73 foizi Navro‘z arafasida o‘ziga yaqin insonlari (qo‘shnilar, qarindoshlar, hamkasblar va boshqalar) bilan sumalak tayyorlashini aytgan. 

Shu bilan birga, sumalak tayyorlamaydiganlar soni 14-19 yoshlilar o‘rtasida ko‘pchilikni tashkil qilgan – 44 foiz; bu ko‘rsatkich 20 va undan yuqori yoshdagilarning faqat 19 foizini tashkil qilgan.

70 foiz respondentlar Navro‘z arafasida oilasida katta ishtiyoq bilan an’analarga va urf-odatlarga (uylarni tozalash, qarindoshlarni ziyorat qilish, maxsus ovqatlar tayyorlash va boshqalar) rioya qilishlarini aytsa, 21foizi ba’zan rioya qilishini va 10 foizi esa bularni o‘tmish sarqiti deb hisoblashini aytishgan.

Qizig‘i, aynan erkaklar (72 foiz) Navro‘zga oid an’analarga va urf-odatlarga rioya qilish istagi yuqori ekanligini bildirishgan, ayollar orasida esa bu ko‘rsatkich 65 foizni tashkil qildi.

Navro‘zga oid irimlarga 35 foiz respondentlar qisman ishonishsa, 30 foizi ishonishini va yana 30 foizi ishonmasligini aytishgan. Ammo ginalarni unutib, kechirimli bo‘lishga 50 foizdan ortiq ishtirokchilar amal qilishini aytgan.

Erkaklarga (61 foiz) nisbatan ayollar ko‘proq (73 foiz) Navro‘zga oid irimlarga to‘liq yoki qisman ishonishini bildirganlar.

Ma’lumot uchun, Navro‘z bayrami qariyb 3000 yil oldin paydo bo‘lgan. «Shohnoma» asarida bayramning ilk nishonlanishi Shoh Jamshid hukmronligiga to‘g‘ri kelishi aytilgan (shuning uchun bu bayramni «Jamshidi Navro‘z» deb ham atashadi). Tun va kun bir-biriga teng bo‘lgan 21 mart kunida yangi quyosh davri, yangi astronomik yil boshlanadi. Shuning uchun turkiy va eron xalqlari uchun Navro‘z – Yangi kun hisoblanadi. Bugungi kunda «Navro‘z» O‘zbekistonda sevimli bayram sifatida nishonlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring