Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

«O‘zbekenergo» raisi yolg‘onchimi yoki chiroqsiz qolayotgan aholimi?

«O‘zbekenergo» raisi yolg‘onchimi yoki chiroqsiz qolayotgan aholimi?

Foto: «Kakprosto.ru»

«O‘zbekenergo»ning telegramdagi kanali 8 noyabr kuni O‘zAning xabariga asoslanib bir xabarni berdi: «2018-yil 2-noyabr kuni  Ostona shahrida MDH Elektr energetika kengashining  53-majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar energetika kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishdi.

O‘tkazilgan navbatdagi majlisda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, «O‘zbekenergo» AJ boshqaruv raisi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirok etdi va quyidagilarni ta’kidladi:

— O‘zbekiston Respublikasining elektr energiya tizimi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar 100 foizga bajarilib, iste’molchilarga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish ta’minlanmoqda».

Ochig‘i bu yangilikni o‘qib, janob Mustafoyevga ishonaymi yoki o‘zimgami — ikkilanib qoldim. Chunki, mana o‘n kundan oshdi, biz yashayotgan hududlarda elektr energiyasini sutkasiga 5-10 soatlab vaqti-vaqti bilan uzib qo‘yishyapti. Aynan 2 noyabr kuni janob Ulug‘bek Mustafoyev Ostonada MDH  energetiklari qarshisida «O‘zbekiston Respublikasining elektr energiya tizimi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar 100 foizga bajarilib, iste’molchilarga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish ta’minlanmoqda», deb gapirayotgan mahalda ham bizda vaqti-vaqti bilan chiroq o‘chayotgan edi. Shuningdek oxirgi paytlarda nafaqat Urgutda, balki mamlakatimizning ko‘plab mintaqalarida elektr energiyasi  ta’minotida tez-tez uzilishlar ro‘y beryapti. Bu haqda ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda yozyapti. Hozir, shu gaplarni yozayotganimda ham bizda chiroq o‘chgan edi. (8-noyabr, 2018-yil, soat 18.35 da).

Bosh injener hali qishki limitga o‘tishmagani uchun chiroqni o‘chirishga majbur bo‘layotganlarini, ikki-uch kunda qishki limitga o‘tganlaridan keyin elektr energiyasi ta’minotida  uzilishlar umuman bo‘lmasligini aytdi.

Men oxirgi o‘n kun ichida «O‘zbekenergo» AJning telegram kanaliga hududimizda elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar haqida yozib yubordim. Birinchisida menga umuman tushunarsiz bo‘lgan javobni berishdi. Ikkinchisida esa Urgut elektr tarmoqlari korxonasidan bosh injener javob berdi  va «hali qishki limitga o‘tishmagani uchun chiroqni o‘chirishga majbur bo‘layotganlarini, ikki-uch kunda qishki limitga o‘tganlaridan keyin elektr energiyasi ta’minotida  uzilishlar umuman bo‘lmasligini aytdi (suhbat yozib olingan va audiosi menda saqlanmoqda) Ammo o‘sha «ikki-uch kun»ning ikki-uchtasi o‘tdi, ammo elektr energiyasi ta’minoti battar bo‘lsa bo‘ldi-ki, yaxshi bo‘lmayapti.

Ana shu yerda savol tug‘iladi. Ostonada «aholiga uzluksiz elektr  energiyasini yetkazib beryapmiz» deb bayonot berayotgan Mustafoyev yolg‘on gapiryaptimi yoki «O‘zbekenergo» AJning viloyat va tumanlarda joylashgan hududiy korxonalari kompaniya boshqaruvi raisidan joylarda elektr energiyasida uzilishlar bo‘layotganini yashirishmoqdami?

MDH energetiklari oldida «aholiga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berilayotganligi» haqida «O‘zbekenergo» AJ boshqaruv raisi tomonidan gapirilyaptimi, unda  ish ham gapga mos bo‘lishi kerak. Aks holda ular oldida ahvol boricha gapirilib «bizda qishki mavsumda elektr energiyasi ta’minotida biroz uzilish bo‘lyapti», deyish kerak. Chunki ular bizda hozir elektr  energiyasi  ta’minotida uzilishlar bo‘layotganini baribir bilib o‘tirishibdi.

Tok o‘chishi bilan uyali aloqa kompaniyalariga qarashli antennalar taqqa to‘xtaydi, aholi tashqi dunyodan batamom uziladi.

Oxirgi paytlarda hamma ishlar elektron tarzga o‘tayapti: elektron murojaat, elektron imzo, elektron ro‘yxatga olish, elektron navbatga yozilish va hokazo-hokazolar. Umuman olganda, elektron so‘zi bilan bog‘liq ko‘plab ishlar joriy qilinyapti, qonunlar qabul qilinmoqda. Xo‘sh, elektr energiyasi uzluksiz yetkazib berilmasa, tez-tez va soatlab uzilishlar bo‘laversa o‘sha elektron ishlarni bajarib bo‘ladimi? Aksiga olib ko‘pgina aholi punktlarida, xuddi bizning qishlog‘imizday, aholiga xizmat ko‘rsatayotgan uyali aloqa kompaniyalariga qarashli antennalar elektr energiyasi uzilishi bilan ishlashdan to‘xtaydi, aholi tashqi dunyodan batamom uziladi. Xo‘sh, shunday holatda chiroq bo‘lmasa, telefonlar ishlamasa, aholi nima qilsin? Dodini Prezident portaliga yozsinmi yoki U.Mustafoyevgami?

Oldinlari chiroq o‘chirilishiga elektr energiyasi yetishmovchiligi sabab bo‘lsa-da «O‘zbekenergo» AJ rahbarlari va ularning hududiy bo‘limlari ham buni yashirib, «aholida qarzdorlik katta, shuning uchun elektr energiyasida uzilishlar bo‘lyapti» deyishar edi. Endi to‘lovlarni undirish MIBga o‘tganidan beri iste’mol qilingan elektr energiyasi to‘lovlarini undirish ancha yaxshilandi. Endi elektr energiyasining uzilishlariga kompaniya rahbarlari «aholining qarzdorligini» bahona qila olishmaydi. Endi bahonalar o‘zgardi, endi «falon joyda ta’mirlash ketyapti, falon joyda falon ishlar bajarilyapti» deb bahonalar to‘qilmoqda. To‘g‘ri, sohada turli ishlar bajarilyapti, ammo o‘sha ishlar yozda ham bajarilgan edi va elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘lmagan edi. Nega endi turli ta’mirlash ishlari qishda bajarilganda aholi soatlab elektr energiyasidan uzib qo‘yilishi kerak?!

Oxirgi yigirma yillikda chiroqsiz o‘tirish odamlarning joniga tegib bo‘lgan. Buni «O‘zbekenergo» AJ ning rahbarlari ham, uning hududiy korxonalari rahbarlari ham tushunib yetishlari kerak. Nima qilsalar qilsinlar, ammo odamlarga chiroqni uzluksiz topib bersinlar.

Endi har qanday holatda ham «O‘zbekenergo» AJ  elektr energiyasi ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘yishga haqqi yo‘q. Zero, tashqarida 21-asr, axir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring