O‘zbekiston Saudiya Arabistonining ilg‘or iqlim tajribasini o‘rganishni rejalashtirmoqda
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov boshchiligidagi delegatsiya Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Milliy meteorologiya markazi (National Meteorological Center), shuningdek, uning bo‘linmalari — Qum va chang bo‘roni mintaqaviy markazi (Sand and Dust Storm Regional Center), Iqlim o‘zgarishi mintaqaviy markazi (Regional Center for Climate Change) va Bulutlarni urug‘lantirish dasturi (Cloud Seeding Program) faoliyati bilan tanishdi.
Saudiya Milliy meteorologiya markazi fan, raqamli texnologiyalar va davlat boshqaruvini integratsiya qilgan samarali modelni namoyish etadi. Ish jarayonida sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, aerozol kuzatuvlari, yer usti stansiyalari va sun’iy intellekt asosidagi yechimlardan keng foydalaniladi.
Markaz yuqori aniqlikdagi mintaqaviy iqlim modellarini joriy qilgan, tarixiy ma’lumotlar bazasini shakllantirgan va uzoq muddatli prognozlar ishlab chiqadi. Ushbu ma’lumotlar asosida qurg‘oqchilik, tuproq degradatsiyasi va cho‘llanish xavfi baholanadi, tahliliy materiallar esa qishloq xo‘jaligi, suv resurslari va ekologik xavfsizlik sohalarida qaror qabul qiluvchi organlarga tizimli ravishda taqdim etiladi.
Delegatsiya ob-havoga faol ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha davlat dasturiga alohida e’tibor qaratdi. 2019 yildan buyon mamlakatda bulutlarni urug‘lantirishning keng qamrovli dasturi amalga oshirilmoqda, bu amaliyot o‘tkazilgan hududlarda o‘rtacha 15–20% ko‘proq yog‘ingarchilik hosil bo‘lishini ta’minlaydi. Texnologik bazaga maxsus samolyotlar, Doppler radarlar, sun’iy yo‘ldosh tizimlari va zamonaviy laboratoriyalar kiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dastur 1 yilda qo‘shimcha 2–3 milliard kub metr suv manbaini ta’minlaydi, bu esa suv resurslarini barqaror boshqarish va qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Muzokaralar davomida iqlim modellashtirish, qum va chang bo‘ronlarini monitoring qilish, erta ogohlantirish tizimlari, kadrlar tayyorlash va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Olingan tajriba O‘zbekistonda milliy iqlim ma’lumotlari platformasini yaratish, Markaziy Osiyo uchun yuqori aniqlikdagi mintaqaviy modellashtirishni joriy etish va qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi hamda energetika sohalari uchun sohaga oid iqlim xizmatlarini rivojlantirishda amaliy ahamiyatga ega.
Shuningdek, Green University bilan akademik hamkorlik, malaka oshirishni tashkil etish, qo‘shma nashrlar va ta’lim dasturlarini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif yakunlariga ko‘ra Saudiya mutaxassislarining O‘zbekistonga texnik missiyasini tashkil etish va mintaqaviy iqlim modellashtirish bo‘yicha pilot loyihani ishga tushirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter