Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK «Chegara bilmas Markaziy Osiyo» g‘oyasini ilgari suradi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK «Chegara bilmas Markaziy Osiyo» g‘oyasini ilgari suradi

Mamlakatimiz tarixida ilk bor «Markaziy Osiyo xalqaro transport yo‘laklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar» mavzuida yuksak darajada o‘tkaziladigan birinchi xalqaro transport konferensiyasi arafasida fuqaro aviatsiyasi sohasida erishilgan natija va yutuqlarga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

So‘nggi yillar «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi rivojida eng samarali davr bo‘ldi. Ayniqsa, aviakompaniya floti zamonaviy va shinam Dreamliner samolyotlari bilan to‘ldirilganligini alohida ta’kidlash joiz.

Mazkur yangi avlod samolyotlarining keltirilishi MAK aviaparkini modernezatsiya qilish dasturiga muvofiq «Boeing» korporatsiyasi bilan oltita Boeing 787 Dreamliner havo kemalarini olish yuzasidan imzolangan shartnoma asosida amalga oshirilmoqda.

Hozirda uchta «Orzu layneri» MAK belgisi ostida yo‘lovchilarni Yevropa, Amerika va Osiyo davlatlariga yetkazib, havo kengliklarini zabt etmoqda.

Shu o‘rinda kompaniya tomonidan 2017 yilda 2,7 million yo‘lovchi o‘z manziliga yetkazilgan bo‘lsa, 36 ming tonna yuk tashilganligini qayd etib o‘tish zarur. Ular orasidan 187 ming yo‘lovchi va 23 ming tonna yuk tranzit ko‘rinishga ega. 2018-2019 yillarda esa bu ko‘rsatkichni, ya’ni yo‘lovchilar tashishni 3-3,5 millionga, yuk tashishni esa 40-48 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Havo kemalarining umumiy soni 25 tani tashkil etadi. Kelgusi yillarda ularning sonini yana 5 taga ko‘paytirish mo‘ljallangan. Bugungi kunda «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK samoletlari 40 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘z xizmatini ko‘rsatib kelmoqda. Kompaniyada 11 ta aeroportlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Yer usti xizmatlarini takomillashtirish borasida to‘xtaladigan bo‘lsak, joriy yilning iyun oyida Islom Karimov Karimov «Toshkent» xalqaro aeroportida yangi uchib kelish terminali ishga tushirildi. Mazkur terminal xalqaro aviayo‘nalishlar yo‘lovchilariga mo‘ljallangan bo‘lib, ularga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishni yaxshilashda sezilarli natijalarni ko‘rsatdi. Bunga mamlakatga kirishda zaruriy tekshiruv jarayonidan o‘tish vaqtini maksimal darajada qisqartiruvchi zamonaviy uskunalar hisobiga erishildi.

Albatta, tezkorlik va qulaylik asosiy mezonlardan hisoblanadi, biroq xavfsizlik ulardan ustun turadi. Xavfsiz parvozlarni esa, texnik jihozlanganlikka qaramasdan, yuqori malakali mutaxassislarsiz tasavvur qilish qiyin. Aynan professional darajadagi mutaxassislarni tayyorlash uchun o‘tgan yilning iyun oyida MAK O‘quv-mashq markazining Trenajyor markazida Boeing 767 yangi aviatsion trenajyorining ekspluatatsiyasi boshlandi. Mazkur trenajyor nafaqat O‘zbekistonning, balki xorijiy aviatashuvchilar uchuv ekipajlarining trenajyor tayyorgarligini amalga oshirish imkonini bermoqda.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash borasida aviatsiya sohasidagi turli xalqaro tashkilot va kompaniyalar bilan faol hamkorlik qilish siyosatini ilgari surmoqda. Ushbu siyosat doirasida Koferensiyada o‘tkaziladigan «Markaziy Osiyoda havo transportini rivojlantirishning dolzarb masalalari» mavzusidagi sho‘’ba yig‘ilish davomida xalqaro ekspertlar bilan aviatsiya xizmatlarining o‘zaro hamkorligini muhokama qilish va yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Milliy aviakompaniya va IATA Xalqaro havo transporti assotsiyasiyasining hamkorlikdagi harakatlar Rejasi imzolanishi kutilmoqda. Mazkur rejaga Toshkent shahri aeroportida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishda zamonaviy standart va texnologiyalarni joriy etish, «Navoiy» xalqaro intermodal logistika markazi orqali yuk tashuvlarini rivojlantirish va havo kengligini muqobillashtirish kabi tadbirlar kiritiladi.

Bu kunga qadar salmoqli ishlar amalga oshirildi, biroq bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar hali oldinda. Ishonamizki, ko‘rilgan choralar va ishga solingan imkoniyatlar «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi tomonidan sho‘’ba yig‘ilishida ilgari suriladigan «Chegara bilmas Markaziy Osiyo» g‘oyasini oqlash va barcha sarhadlarni zabt etish imkonini beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring