«O‘zbekiston havo yo‘llari» Seul aeroporti bilan hamkorlikni davom ettiradi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Seul aeroporti bilan hamkorlikni davom ettiradi

Foto: «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniya direksiyasida Seulning «Inchon» aeroporti mutaxassislari bilan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti infratuzilmasi samaradorligini oshirish yuzasidan konsalting xizmatlari ko‘rsatishning birinchi bosqichi natijalari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

«Inchon» xalqaro aeroporti mutaxassislarini «Toshkent-2» yo‘lovchi terminali ishini yaxshilashga jalb etish bo‘yicha tadbirlar rejasi hayotga tatbiq etilmoqda. Zarurat bo‘lganda, koreyalik mutaxassislar doimiy asosda aeroportda ishlash uchun jalb etiladi. Shuningdek, Janubiy Koreyada MAK xodimlari uchun aeroport xizmatlari va inshootlarining samarali ishlashini tashkil etish masalalari yuzasidan o‘quv seminari tashkil etiladi.

Aeroport faoliyatini tahlil etishning birinchi bosqichida Koreyadan tashrif buyurgan sakkiz mutaxassis ishtirok etdi. Uchrashuvda konsultantlar terminal ishini optimallashtirish bo‘yicha o‘zlarining birinchi tavsiya va takliflarini berdilar, shuningdek, havo maskani ishini baholadilar.

MAK axborot xizmatining xabariga ko‘ra, «Inchon» aeroporti mutaxassislari tomonidan konsalting xizmatlari ko‘rsatishning birinchi bosqichi natijalari bo‘yicha uchrashuv Koreya xalqaro aeroportining o‘zida ikkinchi yo‘lovchi terminali ochilishi bilan bir kunga to‘g‘ri kelgani ramziy ma’noga ega.