Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mudofaa vaziri maktab-internat bog‘iga ko‘chat o‘tqazdi va kitoblar sovg‘a qildi

Mudofaa vaziri maktab-internat bog‘iga ko‘chat o‘tqazdi va kitoblar sovg‘a qildi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov Toshkentning Olmazor tumanidagi 100-, 102- va 106-son maktab-internatida bo‘lib, o‘quvchilar uchun kitoblar jamlanmasini taqdim etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Kun avvalida har uchala maktabda ham Mudofaa vazirligining 600 dan ortiq harbiy xizmatchilari ishtirokida xayriya hashari uyushtirildi. Maktablar bog‘iga ekilgan daraxtlar oqlandi, tagi yumshatildi, anvoyi gullar ekildi, manzarali o‘simliklarga qayta ishlov berildi. Yer sathida ko‘rinib turgan eski daraxt kundalari olinib, ularning o‘rniga yangi mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazildi.

– Maktab bog‘i va hovlisida yig‘ilib qolgan ancha ishimiz bor edi, – deydi Olmazor tumanidagi 100-sonli miya falaji va tayanch harakat tizimida nuqsoni bo‘lgan bolalar maktab-internati direktori Tohir Matyoqubov. – Harbiylarimiz baraka topishsin, erta tongdan kelib, hamma yoqni obod etishdi. 

Bahodir Qurbonov bog‘da harbiy xizmatchilar bilan birga ko‘chat o‘tqazayotgan o‘quvchilarni ko‘rib, yo‘lni bog‘ tomon burdi. O‘sib-unib, shirin-shirin mevalar beraman, deb turgan yangi daraxt ko‘chatini tutib turgan o‘quvchi bilan birgalikda bu so‘lim bog‘ga yana bir tup nihol qadaldi. 

Eslatib o‘tamiz, Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonovning eng sevimli 3 kitobi ro‘yxatidan Amir Temurning «Temur tuzuklari», Erix Mariya Remarkning «Uch og‘ayni» va Gabriel Garsiya Markesning «Yolg‘izlikning yuz yili» kitoblari joy olgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring