Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston «Puteshestvuy!» xalqaro turizm forumida qatnashmoqda (foto)

O‘zbekiston «Puteshestvuy!» xalqaro turizm forumida qatnashmoqda (foto)

Joriy yilning 4–7-avgust kunlari Moskva shahrida VDNX Sanoat maydonida O‘zbekiston hamkor mamlakat sifatida ishtirok etayotgan «Puteshestvuy!» Xalqaro sayyohlik forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur tadbir Roskongress fondi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, «Uzbekistan Airways» Milliy aviakompaniyasi hamda «Milliy PR-markazi» DUK ko‘magida tashkil etildi.

Forumda Rossiya turizm federal agentligi (Rosturizm) rahbar o‘rinbosari Yelena Lisenkova, O‘zbekistonning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi milliy PR markazi Davlat unitar korxonasi direktori Dilfuza Samandarovalar ham ishtirok etmoqda.

«Bu pavilonni ko‘rib, xuddi O‘zbekistonga sayohat qilgandek bo‘ldim. O‘ziga xos an’analaringiz, manzaralaringiz bilan Forumga o‘zgacha muhit bag‘ishlaganingizdan mamnunmiz, – dedi Yelena Lisenkova. – O‘zbekiston turizm sohasida yuqori salohiyatga ega davlatlardan hisoblanadi. Biz turizmning har bir yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlik qilishga oid rejalar tuzganmiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari uzoq va samarali bo‘lishiga ishonamiz. Bugungi forum ham buning yaqqol tasdig‘idir».

Forumning asosiy tashkilotchisi – «Roskongress» direktori o‘rinbosari Vladimir Zatinayko ushbu forumdagi ishtirok va hamkorlik uchun O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirdi.

Tadbir doirasida o‘zbek palovi tarqatildi. Shu bilan birga, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ham namoyish qilindi. Bu esa mahalliy aholining katta qiziqishiga sabab bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, Forumda O‘zbekiston delegatsiyasi bir vaqtning o‘zida ikkita stendni taqdim etmoqda: biznes stend va mamlakatimizning turizm salohiyati va madaniyatiga bag‘ishlangan stend.

55-pavilonda joylashgan biznes-stendda barcha mavsumlarda faoliyat yurituvchi jahon miqyosidagi «Amirsoy Resort» tog‘ kurorti, yangi «Silk Road Samarkand» sayyohlik majmuasi, «Ipak yo‘li» xalqaro turizm va madaniy meros universiteti, shuningdek, sayyohlik kompaniyalari haqida ma’lumotlar berilgan.

O‘z navbatida, 55-pavilonga tutash hududda O‘zbekistonning turizm salohiyati va madaniyatiga bag‘ishlangan stend joylashtiriladi. Bu yerda O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan hunarmandlarning ishlari, O‘zbekiston milliy taomlari, turizmning har xil turlari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etiladi, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan vinolarni tatib ko‘rish va hunarmandchilik buyumlarini tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari tashkil etiladi.

Tadbirda zamonaviy turizm sanoatining ko‘plab turlari, aynan tarixiy, etnografik, ekstremal, sport, gastronomik, ziyorat sayohatlari va O‘zbekistonda bugungi kunda nafaqat arzon va qulay bo‘lgan, balki juda ommalashgan boshqa ko‘plab sayohat turlari namoyish qilinadi. Shuningdek, «Uzbekistan Airways» Milliy aviakompaniyasining Rossiya shaharlaridan amalga oshirilayotgan reyslari haqida ham ma’lumotlar beriladi.

Hech kimga sir emaski, ayni vaqtda O‘zbekistonda turizm jadal rivojlanmoqda: bu yil mamlakatga rossiyalik turistlarning tashrifi ko‘lami rekord darajaga yetdi. Samarqanddagi Registon maydoni, Xivadagi Ichan-qal’a majmuasi, Buxoroning Eski shahri, Toshkentdagi sobiq ittifoq modernizmi yodgorliklari – bular Ipak yo‘lidagi eng mashhur diqqatga sazovor joylardir. Forumda mehmonlar O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari – ta’tilni maksimal qulaylikda o‘tkazish imkonini beruvchi jadal rivojlanayotgan sayyohlik infratuzilmasi hamda sharqona me’morchilik durdonalari bilan uyg‘unlashgan qadimiy madaniyatning haqiqiy vohasi haqida ma’lumot olishlari mumkin.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring