Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston va Belarus sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni kuchaytiradi

O‘zbekiston va Belarus sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni kuchaytiradi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Belarus Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Valeriy Malashko boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Uchrashuvda ta’kidlanishicha, tibbiyot sohasini modernizatsiya qilish, bu borada investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, tibbiy ta’lim va kadrlar tayyorlash hamda boshqaruv sohasida axborot tizimini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish kabi yo‘nalishlarda faol hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Tibbiyot ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha ta’lim sohasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Bundan tashqari, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, sanitariya-epidemiologiya, klinik va profilaktik tibbiyot hamda tibbiy radiologiya yo‘nalishida ham fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish kabi sohalarda tajriba almashish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari tashrif doirasida yurtimizning qator tibbiyot muassasalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishmoqda.

Avval xabar qilinganidek, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning yurtimizga rasmiy tashrifi doirasida ikki mamlakat hukumat va vazirliklari o‘rtasida qator ikki tomonlama muhim hujjatlar imzolandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu hujjatlar qatori “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Belarus Respublikasi Davlat sud ekspertizasi qo‘mitasi o‘rtasida idoralararo sud-tibbiy faoliyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim” hamda “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Belarus Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida idoralararo sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim” ham imzolandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring