Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon vafot etdi

O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon vafot etdi

2020-yilning 28-oktyabridan 29 oktyabriga o‘tar kechasi O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Omon Matjon 77 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xabar berdi.

Omon Matjon 1943 yili Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tavallud topgan. O‘rta maktabni tugatgach, Samarqand davlat universitetida tahsil oldi. 1969-2002 yillar mobaynida G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, bo‘lim boshlig‘i, «Yoshlik» jurnalida bosh muharrir, «Cho‘lpon»nashriyotida direktor bo‘lib ishladi.

Omon Matjon o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab matbuotda o‘z she’rlari bilan ko‘rina boshladi. Keyinchalik shoirning yigirmaga yaqin she’riy to‘plami, «To‘rabekaxonim» nasriy qissasi va «Najmiddin Kubro», «Ardaxiva» badialari chop qilindi.

Omon Matjon ijodida «Cho‘ldagilar» doston xronikasi, «Gaplashadigan vaqtlar» she’riy qissasi alohida o‘rin egallaydi.

Omon Matjon qardosh va chet el adabiyotidan ko‘plab namunalarni ona tilimizga mahorat bilan o‘girgan. Xususan, F.Shiller, Sh.Bodler kabi jahon klassiklari, Ye.Yevtushenko, R.Hamzatov, Sh.Petefi, Yu.Marsinkyavichyus, B.Kerboboyev, Suxrob Tohir, I.Yusupov singari shoir va adiblar ijodidan qilgan tarjimalari e’tiborga loyiq.

O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon adabiyotimiz rivoji yo‘lidagi xizmatlari uchun Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

«Xabar.uz» jamoasi shoirning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring