Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda har yili 600 ga yaqin ayol o‘z joniga qasd qilmoqda

O‘zbekistonda har yili 600 ga yaqin ayol o‘z joniga qasd qilmoqda

Foto: «Aoka.uz»

Kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Oiladagi zo‘ravonlik masalalari, turli vaziyatlar tahlili va bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlar» mavzusida brifing jurnalistlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezident qaroriga muvofiq, joylarda zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bilan shug‘ullanadigan 165 ta markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi. Har bir markazda psixolog, huquqshunos, ijtimoiy soha va tibbiyot xodimlari jamoatchilik asosida faoliyat yuritmoqda.

Hozirga qadar ushbu markazlarga 5 ming 468 nafar xotin-qiz murojaat etgani qayd etildi.

Qo‘mita IIV bilan hamkorlikda joylarda xotin-qizlar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan o‘z joniga qasd qilish holatlarini tahlil qilish maqsadida vaziyatni joylarga chiqqan holda o‘rganayotganini ta’kidladi. Aytilishicha, uyma-uy yurish davomida mahallalar kesimida notinch oilalar, ruhiyatida salbiy o‘zgarish bo‘lgan fuqarolar aniqlanib, ular bilan individual ishlar tashkil qilingan.

«Hozirgi vaqtda o‘z joniga qasd qilish dunyo miqyosida jamiyatning global muammosiga aylanib qoldi, — dedi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova. — Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, har yili 4-5 million nafar inson o‘z joniga qasd qiladi. Yevropa mamlakatlari bu borada oldingi o‘rinlarda».

Ta’kidlanishicha, suiqasdning eng yuqori ko‘rsatkichlari so‘nggi yillarda rivojlangan mamlakatlarda qayd etilmoqda. Masalan, har 100 ming kishiga — Litvada 68,1 ta holat, Belarusda 63, Rossiyada 58, AQShda 52, Shri Lankada 44, Ukrainada 40 ta holat to‘g‘ri keladi.

«O‘zbekistonda esa o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha yiliga har 100 ming kishiga 5,2 ta holat to‘g‘ri kelmoqda, — dedi Bositxonova. — Lekin shu ko‘rsatkich ham biz uchun ko‘p. Shuning uchun davlatimiz rahbari bu muammoga jiddiy e’tibor berish, uning oldini olish choralari bo‘yicha topshiriqlar beryaptilar».

Qo‘mita raisi mazkur holatlarni globallashuv davri bilan izohladi, globalizatsiyaning ayanchli ta’sirlari O‘zbekistonga yetib kelishi mumkinligidan xavotir tuyishini aytdi.

«O‘zbekistonda 2019 yilning o‘tgan davrida erkaklar va ayollar o‘rtasidagi suiqasd ko‘rsatkichlari tahlil qilinganda, erkaklar bilan bog‘liq holat 57,3 foizni, ayollar bilan bog‘liq holat 42,7 foizni tashkil etdi», — dedi Elmira Bositxonova.

Jurnalistlar o‘z joniga qasd qilayotganlarning nechtasi erkak, nechtasi ayol ekani, qanchasi voyaga yetmaganlar va shundan qanchasi qizlar ekani haqida aniq statistik raqamlar keltirishni so‘radi.

«Men foiz ko‘rsatkichlarida aytib o‘tdim, buni aholi soniga taqsimlab hisob-kitob qilsa, aniq raqamlar kelib chiqadi, — dedi Bositxonova. — O‘zbekiston aholisi 33 mln ekanini inobatga olsak va foizlar kesimida chamalasak, mamlakatimizda 700 dan ortiq erkak hamda 600 ga yaqin ayol suiqasd qilayotgani ma’lum bo‘ladi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring