Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda yangi jurnal chop etila boshlandi

O‘zbekistonda yangi jurnal chop etila boshlandi

Foto: «Xabar.uz»

Yurtimizda muborak ramazon oyi shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda ko‘ngillarga surur, qalblarga huzur, ko‘zlarga nur ulashuvchi yana bir nashr – «Mo‘minalar» jurnali chop etildi.

Ayol – murabbiy, nasllar davomiyligini ta’minlashdek sharafli vazifaga mas’ul zot. Muqaddas dinimiz ayolning ma’naviy xazinasini boyitish, uni ma’rifatga oshno qilib, ko‘nglini mehr javohirlari bilan to‘ldirishga amr etadi.

Shuni inobatga olib O‘zbekiston musulmonlari idorasi «Movarounnahr» nashriyoti muassisligida «Mo‘minalar» jurnali chop etila boshlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning «Mukarramlik nasib etsin!» tabrik-maqolasi bilan ochilgan jurnalda dinimiz ahkomlari, ayollarga xos hukmlar maxsus ruknlarda bayon etilgan.

«Diniy bilimlar hayotning hamma jabhalarida har doim hammamizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi. Muqaddas oila qo‘rg‘onini mustahkam saqlab, farzandlarini halolu pok, insof-diyonatli, xalqparvar, vatanparvar qilib voyaga yetkazgan, erlarini sadoqat, mehru oqibat, tadbirkorligu tejamkorlik bilan qo‘llab-quvvatlagan momolarimiz, onalarimizning hayoti bu fikrimizning isbotidir. Zero, islom dini ta’limotlariga amal qilib yashashni ikki dunyo saodati deb bilgan ajdodlarimiz o‘z zurriyotlariga diniy ta’lim-tarbiya berganlar. «Mo‘minalar» jurnali, o‘ylaymizki, hammamiz uchun kutilgan ilmu ma’rifat chashmasi, tarbiyachi muallim, chiroyli fazilatlaru yaxshi ibratlar maktabi bo‘ladi. Uning nishona soni – birinchi qadami qutlug‘ va xayrli oqibatlarga debocha bo‘lishini tilayman», – deyiladi O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyevaning «Hammamiz kutgan jurnal» sarlavhali maqolasida.

Oilalarimiz chirog‘i va charog‘boni – mo‘’tabar onalarimiz, opa-singillarimiz haqida Allohning kalomida nimalar deyilgani, saharmardonda uyg‘ongan ayol qanday duo-iltijo qilishi lozimligi, ayollar fiqhi, respublikamiz bo‘yicha yuqori saviyada o‘tkazilgan Qur’on musobaqalaridan lavhalar, mo‘minlar onasi – Xadicha binti Xuvaylid(rohiyallohu anho)ning ibratga to‘la hayotidan o‘rnak olib yashamoqchimisiz?

Dinimizda mahrning hukmi qanday, kuyov kelinga qancha mahr berishi kerak? Mo‘mina ayol farzand tarbiyasida nimalarga e’tibor qaratishi zarur? Poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan «Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus bilim yurti faoliyati sizni qiziqtiradimi?

«Folbinga borsa nima bo‘ladi?», Shayx Ziyovuddinxon hazratlarining avlodlari, sulolalari bugun qanday xayrli ishlar bilan band?

Ushbu savollarga «Mo‘minalar» jurnalidan atroflicha javob olishingiz mumkin.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Qutlibeka Rahimboyeva ham: «Mo‘minalar»ning yo‘li Allohning yo‘li, islom yo‘li, mehr-muhabbat yo‘lidir. Opa-singillarimizni o‘z so‘zlaring, o‘z kuching bilan ana shunday yo‘llarga solishni, ularning qalbi, ruhiyati, onaligi, ayolligini yaxshilik bilan muhofaza qilishni maqsad qilibsanki, niyating yo‘ldoshing bo‘lsin! Poklik, halollik manzili, sadoqat, saodat manzillari sari senga chin dildan oq yo‘l tilayman, «Mo‘minalar» jurnali», – deb yozadi maqolasida.

Muxtasar aytganda, yangi nashr yangi nasllarni barkamol qilib ulg‘aytirishda mo‘mina ayollarning ko‘makchisidir.

Tolibjon Nizomov,
«Mo‘minalar» jurnali muharriri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring