Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekni «fuqaro» deb emas, «bek», «beka» deb chaqirsak yarashadimi?

O‘zbekni «fuqaro» deb emas, «bek», «beka» deb chaqirsak yarashadimi?

Foto: «Gazeta.uz»

«O‘zA» saytida e’lon qilingan va Xalq bilan muloqot guruhiga joylangan «Butun aholisi «faqir» bo‘lgan bizdan boshqa davlat yo‘q» nomli maqola yurtdoshlarimiz orasida qizg‘in bahs va munozaralarga sabab bo‘lib turibdi. Bir guruh ziyolilar tomonidan «fuqaro» so‘zidan voz kechish taklif qilingan ushbu maqola avval ham internet sahifalarida paydo bo‘lgan va o‘shanda ham turli fikrlarni keltirib chiqargan edi. Ayni mavzuning takror tilga olinishiga sabab yetarli tuyuladi bir qarashda.  

«Mustaqillik sharofati bilan O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli a’zosi bo‘ldi, – deya boshlashadi maqolani ziyolilar, – ko‘plab davlatlar bilan o‘zaro tenglik asosida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi va rivojlanmoqda. Biroq «tenglik» deganda, bir xatoimiz ko‘ngilni xira qiladi. Bu odamlarimizni fuqaro deb atashimizdir. «Fuqaro» ko‘plik shaklidagi arabcha so‘z bo‘lib, uning birligi faqir, birovning hisobiga yashaydigan, bir kunlik yemishini ham topa olmaydigan shaxs ma’nosini beradi. Uning lug‘aviy ma’nosi o‘zgargani yo‘q va bu holat bizdek dunyoga dars berib kelgan millat uchun kechirilmas xato va uni to‘g‘rilash kerak».

Mualliflar mazkur masala turli davrlarda har xil odamlar tomonidan ko‘tarilgan, lekin hamon e’tiborsiz qolib kelayotganini ta’kidlagan holda davom etishadi: «Fuqaro» atamasi bilimsizlik, shoshmashosharlik tufayli mustaqilligimizning boshlarida qator boshqa ajnabiy va yarim-yasama (tayyora, tayyoragoh, nafaqaxo‘r) so‘zlar kabi hech qanday ilmiy asossiz qo‘llanila boshladi. Uning eng ashaddiy tarafdorlari ham hech qanday dalil ko‘rsata olmadi. Hatto «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da ham «fuqaro» butun dunyo tilshunoslarining fikrlariga zid va xato ta’riflandi. Bu atamani o‘zgartirish zarur. «Fuqaro»ning xalqimizga noloyiqligi ilmiy asoslangan».

«Fuqaro» so‘zining naqadar noo‘rin qo‘llanganini har jihatdan asoslab va ochib bergan ziyolilar uning o‘rniga qo‘llash mumkin bo‘lgan variantlarni ham ilgari surishadi: Biz «fuqaro» o‘rniga ishlatilishi mumkin bo‘lgan, tilimiz va Konstitutsiyamizga mos keladigan variantni taklif qilamiz. Bu «bek va beka», ya’ni «O‘zbekiston beki» va «O‘zbekiston bekasi» atamalaridir! Bu atama O‘zbekiston farzandi, shu zamin egasi, mulkdori, himoyachisi degan ma’noni beradi. Shu so‘z «fuqaro»dan qolgan ma’naviy zararni bartaraf etishda qo‘l keladi.

Demak, «fuqaro» o‘rniga «bek» va «beka»! Xo‘sh, siz nima deysiz?

Xalq bilan muloqot guruhidagi istehzoli izohlardan anglash mumkinki, bu taklifni qo‘llaganlardan ko‘ra, qarshi chiqqanlar ko‘p bo‘lgan. «Olimlarimiz shu so‘zni iste’molga kiritishdan oldin qayoqda edi? Bundan boshqa qilinishi zarur bo‘lgan muammolarni hal qilishsa yaxshi bo‘lardi», deydi bir foydalanuvchi. Boshqasi esa, turaversin o‘zi, aks holda pasport almashtirish kerak, deya izoh qoldiradi. Kimdir «grajdan» va «grajdanka»ga almashtirishni taklif qilsa, boshqasi bu so‘zlar urfdan qolganini, yaxshisi, «senior» va «seniora» kabi zamonviy atash kerakligini uqtiradi. Xullas, fikrlar xilma-xil...

Ta’kidlash joizki, mualliflar taklifi o‘rinli. Qozoqlar – azamat, tojiklar – shahrvand, qirg‘izlar – joron deb atasa o‘zlarini. Zamaxshariy, Buxoriy, Termiziy, Temuriylar, Navoiy avlodlari bo‘lgan o‘zbeklar o‘zimizga «faqir» (yo‘qsil)likni ep ko‘rishimiz yaxshimi? Albatta, yo‘q!

Lekin «fuqaro» so‘zidan dahshatli tushuncha yasamaslikka undovchilar ham bor. Ushbu mavzu joriy yilning boshida ham o‘rtaga tashlangandi. O‘shanda jurnalist Shuhrat Jabborovni bahsga kirishgan mutaxassislarning barchasi nuqul bir xil fikr bildirgani uni ajab­lantirayotganini yozgandi: «Emishki, «fuqaro» so‘zining o‘zagi «faqir» bo‘lib, ba’zilar faqir so‘zining mazmunini yanada g‘ariblashgan ta’rif bilan izohlashibdi. So‘z va uning semantikasi bilan shug‘ullanganlar yaxshi biladiki, har bir kalomning etimologik kelib chiqishi bo‘ladi. «Fuqaro»ning asl kelib chiqishi «faqir» so‘zidan olingan bo‘lishi mumkin. Lekin oradan zamonlar o‘tib, asl ma’no unutilib, yangi mazmun kasb etishi lingvistikada mavjud jarayondir».

Shunga o‘xshash fikrni Jamoliddin Tuxtashev ham o‘rtaga tashlaydi: «Har qanday so‘z vaqt o‘tishi bilan o‘z ma’nosini o‘zgartirishi mumkin. Masalan, Alisher Navoiy davrida «mehnat» so‘zi «mashaqqat» degan ma’noda ishlatilgan. Bugungi kunda «fuqaro» so‘zi «grajdanin» ma’nosida ongimizga singib bo‘lgan. Tilshunoslar aytmasa, ko‘pchilik bu so‘zning qachonlardir «qashshoq» ma’nosida ishlatilganini bilmaydi ham. Tilni xalq yaratadi. Olimlar sun’iy so‘zlar o‘ylab topgani bilan, ular muloqotda baribir ishlatilmaydi».

Shu o‘rinda shaxsiy fikrlarimni ham bildirib o‘tsam. Mayli, mualliflar fikriga qo‘shilgan holda «fuqaro» atamasidan voz kechish kerak ham deylik. Xo‘sh, nega endi aynan «bek» va «beka» atamalari tanlanishi kerak? Nima, tilimizda o‘sha sobiq «grajdan» so‘ziga muqobil boshqa variantlar yo‘qmi? Sababi, «bek» va «beka» atamalari ham maqsadimizni to‘la ochib berolmaydi. Tarixchi emasman, lekin o‘qiganlarim-bilganlarim asosida aytishim mumkinki, yaqin o‘tmishgacha hozirgi tuman darajasidagi amaldor «Bek» nomi bilan atalgan. Yevropada «dvoryan» degandek bir gap nazarimda. «Beka» so‘zi esa ayni damda tilimizda rus tilidagi «domoxozyayka» (uy bekasi) so‘zini ifodalashda qo‘llaniladi. Demak, bu so‘zlar ikki xil ma’noga ega bo‘lib, mamlakatimizda yashovchi xalqning umumiy izohiga mos emas. Agar rus tilidagidek rodlar (on, ona, ono)ga ajratish tilimiz xususiyatida yo‘qligini hisobga olsak ham, «bek» va «beka»lik uncha yopishmaydi.

Bundan tashqari, pasportimizga «O‘zbekiston Respublikasi beki» yoki «O‘zbekiston Respublikasi bekasi» tarzida yozib qo‘yish bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. Har qanday atama jamiyat hayotining barcha jabhalarida juda silliq va ravon singib keta olsagina ommalasha oladi. Masalan, bir paytlar qabul qilganimiz «nohiya» (rayon), «tayyoragoh» (aeroport), «jumhuriyat» (respublika) va hokazo so‘zlar hayotga singmadiku. Demoqchimanki, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarib qo‘ymaslik kerak.

Keling, fikrimni mualliflarning o‘z qarashlaridan kelib chiqqan holda ifodalab ko‘raman. Ular shunday deydi: «Gap lug‘atimizga nima deb yozganimizda emas, balki butun dunyo «fuqaro» deganda nimani tushunishida, bu so‘zga munosabatda. Lug‘atimizni chetdan kelgan hech bir kimsa varaqlab ko‘rmaydi, chunki bu so‘z to‘g‘risida o‘z tushunchasi bor. Biz «fuqaroman» deb boshni baland ko‘tarmoqchi bo‘lganda, ularda istehzo paydo qilmaymizmi?» bir qarashda ular haq. To‘g‘rida, «fuqaro»ning asl ma’nosini arablar, forslar juda yaxshi bilishadi, bu so‘zni qabul qilgan ilk davrlarda ular oshkora kulishgan ham ekan eshitishimcha. Ma’lum so‘zlarda «vaqtlar o‘tishi bilan asl ma’no unutilib, yangi mazmun kasb etishi lingvistikada mavjud jarayon» ekanligidan ularning nima ishi bor.

Bunga qo‘shilaman va shu xato yana takrorlanishidan hadikdaman. Nega deysizmi? Mayli, «bek» va «beka» atamasini qabul qildik ham deylik. Dunyo hamjamiyati albatta bu so‘zlar ma’nosiga qiziqishi tabiiy. Hayratga ham tushishi mumkin: bek, beka – o‘ziga bek, o‘zi xon – ko‘lankasi maydon, birovga ehtiyoji yo‘q, boy-badavlat. Ayollari ham erkaklaridan qolishmaydi. Qoyil! Bo‘ldimi? Menimcha, yo‘q. Keyin matbuotda istehzoli sarlavhalar, qadrimizni yerga uruvchi maqolalar paydo bo‘la boshlaydi. Masalan: «Qozog‘istonning falon cho‘lida ... nafar o‘zbek beklari avtobusda yonib ketdi», «...shuncha o‘zbek beklari sovuqda muzlab qoldi», «Rossiyada qullikka tushib qolgan o‘zbekistonlik beklar qutqarildi»... «Dubayda (yoki istalgan boshqa davlatda) falon nafar o‘zbek bekalari fohishalik bilan qo‘lga tushdi», «Falon joyda o‘zbek bekasi o‘z bolasini pulladi»... Bu ustimizdan kulish bo‘lmaydimi? Buning oldida «fuqaro» atamasi holva bo‘lib qolmaydii?

Meni faqat qora jihatlarni ko‘rishda ayblamang. Men faqat «bek» va «beka» atamasiga o‘sha bir guruh ziyolilarning «fuqaro» atamasiga qaragan ko‘zi bilan nazar tashladim, xolos.

Kimlardir aytar, o‘zbeklar bir umr mardikorchilik qilib yoki yuqoridagidek vaziyatlarda yashamaydiku, deb. Albatta, men ham shu umiddaman. Faqat gap bu haqidamas, gap atama hamda unga bo‘lgan munosabat borasida ketyapti.

Xulosam shu: «Fuqaro» atamasi o‘rniga boshqa so‘z topish kerak. Faqat «bek» va «beka» bo‘lmasin (undan ko‘ra VATANDOSh degan so‘z ham o‘rinliroq bo‘lardi). Bu masalani o‘rtaga tashlagan mualliflarga minnatdorlik bildirgan holda ayni mavzu bilan tilshunoslarimiz shug‘ullangani ma’qulligini ham ta’kidlab o‘tmoqchiman. Yurtimizda kuchli tilshunos, atamashunos olimlarimiz bor. Astoydil izlansa «fuqaro» o‘rniga bittagina so‘z topiladi.

Usmonjon Yo‘ldoshev, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring