Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

«O‘zdonmahsulot» qachon o‘zgaradi?

«O‘zdonmahsulot» qachon o‘zgaradi?

Biror marta bozorlarda sotish uchun terib qo‘yilgan un qoplariga e’tibor berganmisiz? Turli ranglardagi, tepasiga har xil ishlab chiqaruvchi firma yoki kompaniyalarning nomi yozilgan bir-biridan chiroyli qoplarga ko‘zingiz tushadi. Ana o‘sha qator terib qo‘yilgan qoplarning oxirida hech qanday yozuvsiz, oddiy, un solingan sifatsizroq qopni ko‘rasiz. Qatorda turgan chiroyli qoplarga solingan unlar Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan yoki o‘zimizda, xususiy firma va kompaniyalarga tegishli tegirmonlarda Qozog‘iston bug‘doyidan yanchib tayyorlangan unlardir. Bir chetda sifatsiz qopda turgan unning esa kim tomonidan, qayerda ishlab chiqarilganini qopiga qarab zinhor bila olmaysiz. Faqat qopning tepa qismi ich tomonida kichkina bir yorliqchada «Falonchadon» deb yozib qo‘yilganidan uni «O‘zdonmahsulot» davlat kompaniyasiga qarashli qaysi bir tegirmonda ishlab chiqarilgan unligini bilasiz.

Yo‘q, men quyida o‘sha un qoplaridagi yozuvlarga e’tiboringizni tortmoqchi emasman. Un qoplariga o‘z brendini yozish yoki yozdirish bu o‘sha unlarni ishlab chiqarayotgan firma va kompaniyalarning ishi. Xohlashsa yozishsin, xohlashmasa yozishmasin. Mening e’tiborimni tortgan narsa shuki, nega qozog‘istonlik un ishlab chiqaruvchilar yoki Qozog‘iston bug‘doyini olib kelib uni o‘zimizda yanchib un qiluvchi firma va kompaniyalar o‘z unlarini sifatli, pishiq qopga solishadi-yu, «O‘zdonmahsulot» davlat kompaniyasiga qarashli tegirmonlar aholiga yetkazib berilayotgan unlarini o‘ta sifatsiz qopga solib chiqaradi?

Yosh avlod bilmas, ammo yoshi kattalar yaxshi eslashadi — sobiq ittifoq davrida tegirmonlar unlarni ipakdan tayyorlangan qoplarga solib, keyin sotuvga jo‘natishar edi. O‘tgan asrning 90-yillar boshida — mustaqil bo‘lganimizdan biroz o‘tib, tegirmonlar unni o‘sha ipak qoplar o‘rniga polietilen qoplarga solib savdoga chiqaradigan bo‘lishdi. Eslab ko‘rsam, «O‘zdonmahsulot»ga qarashli tegirmonlar polietilen qoplarni ishlatishga o‘tgan o‘sha vaqtlardan beri ana shunday sifatsiz bir xil qoplarni ishlatib kelayotgan ekan. Qarang-a, orada yigirma yildan ko‘proq vaqt o‘tyapti, odamlar ongida, jamiyatda, sanoatda qanchalab o‘zgarishlar bo‘lib yangidan-yangi texnologiyalar kashf etilib, ishlab chiqarishga qo‘yilayapti. Ammo «O‘zdonmahsulot»ga tegishli ishlab chiqaruvchilar bunday yangiliklarni o‘zlariga daxli yo‘qday tutib hanuzgacha o‘zlari ishlab chiqargan unlarini sifatsiz qoplarga solib yurishibdi.

«Xo‘sh, shunga nima bo‘pti?» dersiz. Aytarli hech narsa. Ammo har gal uyga un olib kelganimda ortib-tushirishda sifatsiz qopdan shunchaki sizib chiqib ketayotgan yoki sifatsizligi uchun ortib-tushirishda uyoq-buyog‘i teshilib, yirtilib to‘kilayotgan unni ko‘rib «buni uvoli kimni tutarkin?» deb o‘ylayman.

O‘sha unlarni ortib-tushirish jarayonini ham ko‘p kuzatganman, yuk mashinasining bortiga ancha-muncha un to‘kilib qoladi. Keyin uni sotayotgan yoki hukumatimiz belgilagan arzon narxlarda tarqatayotgan do‘konlarning un saqlayotgan omborlarida oyoq ostiga to‘kilayotgan unlarni ko‘rib hayron qolasiz. Qopning sifatsizligi uchun unlar tegirmondan boshlab to iste’molchining qo‘liga yetib borguncha necha marta ortib tushirilsa o‘shancha marta hammayoq oppoq unga belanadi.

Shu tanqidiy maqolani yozish jarayonida agar tegirmondan to iste’molchi qo‘liga yetib borguncha har bir qopdan 100 grammdan un to‘kilib qolsa o‘n qop undan qancha un to‘kiladi, yuz qop undan qancha to‘kiladi, ming qop undan qancha to‘kiladi — hisoblab ko‘rdim. Ishoning, bir yilligi ancha-muncha tonna bo‘lib ketar ekan. Axir isrofning ham javobgarligi borku!

Yuqorida yangi texnologiyalar haqida yozdim, balki mening xabarim yo‘qdir, «O‘zdonmahsulot» o‘z qo‘l ostidagi tegirmonlarning asbob-uskunalarini zamonaviylariga almashtirgandir (Savdoga chiqarilayotgan unning sifati o‘sha yigirma yil oldingi unning sifati bilan bir xilligini inobatga olsak, men tegirmonlarga yangi texnologik uskunalar o‘rnatilganiga ishonmayman. Mayli, bunga kompaniya vakillari vaqti kelsa javob berishar). Ammo nega yigirma yildan oshiqroq vaqt o‘tsa ham kompaniyaga tegishli tegirmonlar hanuzgacha sifatsiz qoplardan voz kecha olmayotganlarini va nega ishlab chiqargan unlarini Qozog‘istondan kelayotgan unlarning qoplariga o‘xshash pishiq va sifatli qopga solib chiqarmayotganlarini nima deb izohlar ekanlar?

Nega jamiyatimizda, odamlar ongida yuz berayotgan o‘zgarishlar, qolaversa texnologik o‘zgarishlar «O‘zdonmahsulot» va unga tegishli tegirmonlarga yetib bormayapti?

Nahotki birgina sifatsiz qopni pishiq sifatli qoplarga almashtirishi uchun o‘tgan 20-25 yil muddat bu kompaniya uchun kamlik qilgan bo‘lsa?

Albatta, bu tanqid kompaniya rahbariyatiga yetib borib o‘sha o‘zlari ishlab chiqarayotgan unlarni nega hanuzgacha sifatsiz qoplarga solib savdoga chiqarayotganlariga izoh berishar. Ammo xohlardik, ular bunga qandaydir izoh berguncha o‘z ish uslublarini o‘zgartirishsa va yuqorida aytilgan kamchilikni bartaraf etishsa.

Chunki o‘sha un solinayotgan qoplarning sifatsizligi tufayli oyoq ostida to‘kilib-sochilib ketayotgan unning un bo‘lguncha bo‘lgan jarayonida qanchalab insonlarning og‘ir va zahmatli mehnatlari bor. Ular shuni unutmasalar bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring