Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pensiya yoshidagilar nega sarson bo‘lishmoqda?

Pensiya yoshidagilar nega sarson bo‘lishmoqda?

Foto: «Advokat» jurnali

Pensiya yoshidagi yuzlab fuqarolarimiz qonun hujjatlari orasidagi nomuvofiqliklar tufayli o‘z ish stajlarini tasdiqlata olmay sarson bo‘lishmoqda. Bu haqda «Advokat» jurnalida chop etilayotgan maqolada so‘z boradi.

Bu haqda aniq faktlar bormi?

To‘g‘risi, tahririyatimizga maqola yo‘llagan advokat N.Haydarovning («Adolat chashmasi» advokatlik byurosi rahbari, yuridik fanlar nomzodi) fuqarolar o‘z ish stajlarini tasdiqlata olmay sarson bo‘layotgani haqidagi ma’lumotlarini shubha bilan qabul qildik. Zero, u bunday fuqarolar soni birgina Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 200 nafardan oshiq ekanini yozgan edi. Agar, advokat ta’kidlaganidek, Respublika bo‘ylab bunday muammoga uchrayotganlar sonini mazkur raqamdan kelib chiqib tasavvur qilinadigan bo‘lsa, har qanday odamning kapalagi boshidan uchib ketishi turgan gap...

Shunga ko‘ra aniq fakt bilan ishlashni ma’qul ko‘rib, eng avvalo, o‘sha sarson bo‘layotgan fuqarolardan bir necha nafarini advokat N.Haydarov yordamida izlab topdik.

«Mening yoshga doir pensiyaga chiqarish to‘g‘risidagi arizamni Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining Shayxontohur tuman bo‘limi ko‘rib chiqib, 1979-1997-yillarda ishlagan davrlarim uchun sug‘urta badallari ushlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmaganligi sababli bu yillardagi (18 yillik) ish stajim inobatga olinmasligi to‘g‘risida 2018-yilning may oyida qaror chiqarib berdi, — deydi fuqaro Mahmudjon Tolipov. — Shundan beri sarsonman. Bu davrda men ishlagan korxonalar allaqachon tugab ketgan bo‘lib, arxivda ham ularning hujjatlari yo‘q ekan. Shu bois qarorda ko‘rsatilgan tavsiyaga ko‘ra ish stajimni tasdiqlab berishlarini so‘rab fuqarolik sudiga borsam, bu ishni biz ko‘rmaymiz deb arizamni qabul qilishmadi. Ularning gapiga ishonib ma’muriy sudga ariza berdim. Ma’muriy sud esa fuqarolik sudiga murojaat qilishni tushuntirib ajrim chiqarib berdi. Qaytib yana fuqarolik sudiga keldim, ammo ular baribir arizamni qabul qilishmadi...»

Pensiya jamg‘armasi Shayxontohur tuman bo‘limining pensiya va nafaqalar tayinlash komissiyasi yana bir fuqaro — Abdubasit Safayevning yoshga doir pensiya belgilash to‘g‘risidagi arizasi bo‘yicha ham xuddi shunga o‘xshash qaror chiqargan. «Mehnat daftarchamda 32 yillik mehnat stajim qayd etilgan, — deydi fuqaro. — Biroq ulardan 7 yili (1996-2003-yillar) sug‘urta badallari to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumot yo‘qligi sabab ish stajimga kiritilmadi. Korxonalar tugatilib ketgan, arxivda ham ularning hujjatlari mavjud emas. Davlat soliq inspeksiyasi esa ma’lumotlar bazasi 2001 yildan boshlab yuritilgani bois undan oldingi ma’lumotlarni bera olmasligini aytmoqda...»

Xuddi shunday tashvish fuqaro Nigmatdjan Djurayevda ham bor ekan. Uning 22 yillik (1978-yildan 2000-yilgacha) ishlagan davri uchun sug‘urta badallari to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar topilmaganligi sababli 5 yil kami bilan — 20 yillik ish staji asosida pensiya belgilangan...

Bu ikki fuqaroning ham sarsongarchilik tarixi Mahmudjon Tolipovniki bilan deyarli bir xil ekan. Ular ham boy berilayotgan ish stajlarini qanday tasdiqlatishni, qaysi idoraga murojaat qilishni bilolmay 2018-yil boshidan buyon ovora — Pensiya jamg‘armasi bo‘limi fuqarolik sudi orqali hal qilib kel deydi, fuqarolik sudi arizani qabul qilmasdan, bunaqa ishlar endi ma’muriy sudda ko‘riladi deydi, ma’muriy sud esa Pensiya jamg‘armasi qarorini to‘g‘ri deb topadi...

Foto: «Advokat» jurnali

Pensiya jamg‘armasi nimaga asoslanadi?

Albatta, bu muammoni ko‘rgach, eng avvalo, Pensiya jamg‘armasi fuqarolarning ish stajlarini qaysi hujjatga asosan rad etayapti degan savol tug‘iladi. Shunga ko‘ra fuqarolarning qo‘lidagi qarorlarga ko‘z tashlaymiz va unda O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuni 37-moddasining «a» bandi asos qilib keltirilganini ko‘ramiz. Mana o‘sha bandning tegishli qismi:

Quyidagilar ish stajiga qo‘shib hisoblanadi:

a) 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — faoliyat turi, mulk va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sug‘urtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan bo‘lsa...

Shuningdek, Pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limining qarorida bunday holatlarda «ish staji sud tartibida belgilanadi» deb ham ko‘rsatilgan va unga asos qilib «Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizom1ning 74-bandi ko‘rsatib o‘tilgan. Mana o‘sha band:

«Avariyalar va mahalliy ko‘lamdagi boshqa favqulodda vaziyatlar (yong‘in, suv bosishi), tashkilotning to‘liq tugatilishi yoxud ushbu Nizomning 58-bandida nazarda tutilgandan boshqa sabablar bo‘yicha arxiv ma’lumotlarining mavjud emasligi munosabati bilan mavjud ish staji to‘g‘risidagi hujjatlar mavjud bo‘lmaganda va ularni olish imkoni bo‘lmaganda ish staji sud tartibida belgilanadi».

58-band «Ish staji to‘g‘risidagi hujjatlar harbiy harakatlar, tabiiy ofatlar, avariyalar, halokatlar yoki boshqa favqulodda vaziyatlar natijasida to‘liq saqlanmagan yoki qisman saqlangan hollarda ish stajini tasdiqlash» haqida.

Ma’muriy suddan natija chiqmadi...

Yuqoridagi holatga ko‘ra hozircha hammasi risoladagidek. Ya’ni fuqarolik sudi masalani ko‘rib chiqib, tegishli davrda fuqaroning ko‘rsatilgan korxonalarda ishlagan-ishlamaganligini aniqlab, ish stajini belgilab bersa bo‘ldi. Ammo... biz suhbatlashgan har uchala fuqaroning aytishicha, ular Pensiya jamg‘armasi bo‘limi qaroridagi maslahatga asosan fuqarolik sudiga ariza ko‘tarib borishgan. Biroq u yerda arizalarini qabul qilishmasdan, bu kabi ishlar endilikda ma’muriy sudlarda ko‘rilishini tushuntirishgan. Shunga ko‘ra A.Safayev va N.Djurayevlar Shayxontohur tuman ma’muriy sudiga murojaat qilib, o‘zlarining umumiy ish stajiga qo‘shilmay qolgan ish stajlarini inobatga olishni Pensiya jamg‘armasining Shayxontohur tuman bo‘limiga yuklab berishni so‘ragan. Ammo sud har uchala holatda ham Pensiya jamg‘armasi bo‘limining qarorlarida keltirilgan asoslarni o‘rinli deb topib, arizalarni qanoatlantirishni  rad etgan.

M.Tolipovning murojaati esa sal boshqacharoq ko‘rinishda bo‘lgan. Ya’ni u ma’muriy suddan ish stajini tasdiqlab berishlarini so‘ragan. Shunga ko‘ra Shayxontohur tuman ma’muriy sudi bu mazmundagi ishni ko‘rib chiqish ma’muriy sudga taalluqli emasligi sababli arizani qabul qilishni rad etish to‘g‘risida ajrim chiqaradi va arizachiga kelgusida “shu mazmundagi talab bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkinligi” tushuntiriladi...

Shunday qilib, ma’muriy suddan natija chiqmasligiga ko‘zi yetgan fuqarolar yana fuqarolik sudiga borishadi. Ma’muriy sud chiqazib bergan qaror va ajrimlarni ko‘rsatishadi. Qani ularga bu zorlanishlar ta’sir qilsa...

Fuqarolik sudida nima muammo?

To‘g‘risi, fuqarolik sudlari tomonidan fuqarolar arizalarining qabul qilinmayotganiga ishonishimiz oson kechmadi. Zero, protsessual qonunchiligimizda sudlar tomonidan arizalarni qabul qilmaslik degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual Kodeksida «arizani ko‘rmasdan qoldirish» haqida normalar mavjud bo‘lsa-da, shunda ham sud Kodeksning 123-moddasiga ko‘ra arizani ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqarishi kerak. Qolaversa, bunga asos bo‘luvchi holatlar 122-moddada aniq-tiniq ko‘rsatib o‘tilgan. Demak, har qanday holatda ham fuqaroning arizasi avvaliga qabul qilib olinishi lozim...

Shularni inobatga olgan holda vaziyatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun A.Safayev va N.Djurayevlardan yana bir bor fuqarolik sudiga ariza berish uchun borishlarini iltimos qildik va ularga o‘zimiz ham sherik bo‘ldik.

2018 yilning 10 dekabr kuni. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi binosiga yaqinlashdik. Mabodo fuqarolarning arizalarini yana qabul qilishmasa, hujjat uchun jarayonini videotasvirga olish maqsadida videokamera ham ko‘tarib olganmiz. Ammo... hali binoni tashqi tomondan suratga tushirib ulgurmasimizdan taqiqqa uchradik. Hatto shaxsan sud raisi Salima Ishonkulovaga uchrashib, maqsadimizni tushuntirsak ham, baribir, na video, na audioyozuvga ruxsat ololmadik. Shu bois bu maqolamizda fuqarolar ariza topshirish jarayonida duch kelgan qarshiliklarni batafsil yoza olmaymiz (Zero, bunaqa bo‘lgani yo‘q edi deb turib olishsa gaplarimizni asoslaydigan hujjatimiz yo‘q, ariza berayotgan guvohlarimiz esa manfaatdor tomon sifatida baholanishi mumkin).

Xullas, fuqarolarning arizalari bu safar ham qabul qilinmadi. Ya’ni tahririyatimizga bu borada kelib tushgan shikoyat ko‘z o‘ngimizda o‘z isbotini topdi. Shuningdek, suddagilar o‘zlarining bu xatti-harakatlari qonuniy ekanligini bizga asoslab ham bera olmadilar. Biz esa bu haqda bizga yozma tushuntirish berishlarini qattiq turib talab qilaverdik. Shundan so‘nggina ular o‘z «ish uslublari»ni buzib, yaxshisi, shu ikki nafar fuqaroning arizasini qabul qilib qo‘yaqolishni ma’qul ko‘rishdi...

Fuqarolik sudining rad etishi asosi nimada?

Voqealar rivojidan kelib chiqqan holda, bu ikki fuqaromizning arizasi hali-veri ko‘rib chiqilishidan umid uzib, shu mazmundagi ko‘rilgan boshqa ishlarni topishga harakat qildik. Mana, nihoyat, qo‘limizda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Z.To‘rayeva tomonidan xuddi yuqorida qayd etilganga o‘xshash arizani qabul qilishni rad etish to‘g‘risida 2018 yilning 30 yanvarida chiqarilgan ajrim.

Ushbu ajrimda arizani qabul qilishni rad etish sabablari ko‘rsatilgan. Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Davlat pensiya ta’minoti bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi 2017 yil 29 noyabrdagi 44-sonli qarorining 5-bandiga ko‘ra, ish staji to‘g‘risidagi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, mehnat faoliyati davrlarini belgilash haqidagi ishlar sudda ko‘rilishi mumkin» deyiladi. Mana o‘sha band:

«Davlat pensiya ta’minotiga oid huquqni amalga oshirish bilan bog‘liq quyidagi ishlar sudda ko‘rilishi mumkin:

  • ish staji to‘g‘risidagi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, mehnat faoliyati davrlarini belgilash haqidagi;
  • ish stajini tasdiqlovchi hujjatning tegishlilik faktini belgilash haqidagi;
  • ish o‘rinlarining attestatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi hujjatlar mavjud bo‘lmaganda, o‘ta zararli va o‘ta xavfli mehnat sharoitlarida ishlaganlik faktini belgilash haqidagi;
  • faoliyatning sug‘urta badallari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi asosi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining pensiya tayinlash bo‘yicha komissiyasining faoliyat davrlarini mehnat stajiga qo‘shishni rad etish haqidagi qarorlari ustidan shikoyat berish;
  • Pensiya jamg‘armasining pensiya tayinlash bo‘yicha komissiyasining pensiya tayinlashni rad etish, pensiyani bir turdan boshqa turga o‘tkazishni rad etish, pensiyadan chegirmalar qilish to‘g‘risidagi qarorlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi.

Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, ushbu ro‘yxat tugal hisoblanmaydi va arizani ish yurituviga qabul qilish masalasini hal qilish vaqtida har qanday huquq buzilishi sud orqali tiklanishi mumkinligidan, shuningdek, fuqarolarning shaxsiy, mulkiy huquqlarining vujudga kelishi, o‘zgarishi va bekor bo‘lishi bilan bog‘liq har qanday fakt belgilanishi mumkinligidan kelib chiqish lozim.

Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, ish haqi miqdori hamda sug‘urta badali to‘langanligi tegishli hujjatlar (shtat jadvali, to‘lov vedomosti, to‘lov topshiriqnomasi va boshqalar) bilan tasdiqlanishi sababli bunday yuridik faktlarni sud tomonidan belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi».

Shuningdek, sud ajrimida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 81-moddasi 1-qismi ham eslatiladi:

Mehnat daftarchasi xodimning mehnat stajini tasdiqlovchi asosiy hujjatdir.

Shunga ko‘ra sud mehnat faoliyati davrlarining mehnat daftarchasida ko‘rsatilganligi faktini ish stajining tasdiqlanganligi deb hisoblaydi. Ya’ni bunday holatda ish staji to‘g‘risidagi hujjatlar mavjud. Yuqorida qayd etilgan Oliy sud Plenumi qarori talabiga ko‘ra esa ish staji to‘g‘risidagi hujjatlar mavjud bo‘lmagan holdagina mehnat faoliyati davrlarini belgilash haqidagi ishlar sudda ko‘rilishi mumkin.

Xullas, fuqarolik sudi arizani rad etar ekan, «Arizachiga pensiya rasmiylashtirish masalasida o‘zining yashash manzili bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining tuman bo‘limiga murojaat qilish huquqi»ni tushuntiradi...

Kalavaning uchi yo‘qmi?

Xullas, to‘p aylanib yana Pensiya jamg‘armasiga qaytarildi. Eng qizig‘i esa, har tomon o‘zi uchun qonundan qolqon yasab olgan. Har bir tomonning o‘ziga yarasha asosi bor. Afsuski, ushbu qonun hujjatlarini sharhlash, ulardan qaysi biri noo‘rin ekani to‘g‘risida xulosa qilish vakolatiga ega emasmiz.

Shunga ko‘ra o‘zimizcha tomonlarning fikrlarini olishga, soha mutaxassislari bilan maslahatlashgan holda masalaga yechim izlashga urinib ko‘rdik. Afsuski, kalavaning uchi ko‘rinmadi. Zero, Pensiya jamg‘armasidagilar zo‘r berib suddan, ayniqsa, Oliy sud Plenumining yuqorida qayd etilgan qaroridan noliydi. Ularning aytishlaricha, hamma muammo ana shu hujjat chiqqanidan keyin boshlangan. Chunki avvallari bunaqa ishlar hamisha fuqarolik sudida ko‘rib kelingan ekan.

Sudyalar esa Pensiya jamg‘armasi mutasaddilarini sohaga doir qonunchilikni chalkashtirib tashlaganlikda, Mehnat Kodeksi va pensiya belgilash bilan bog‘liq qonun hujjatlari o‘rtasida chalkashliklar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yganlikda ayblashadi. Jumladan, mehnat stajini belgilashda sug‘urta badali to‘langanligini asos qilib olish Kodeksga zid ekanligini, qolaversa, mantiqsiz ham ekanligini aytishadi.

Xo‘sh, bunday holatda bechora fuqaro nima qilsin? Yana o‘sha «yengilmas» aylana ichida boshini u devordan bu devorga urib yuraversinmi yoki umrini sarflab qonuniy mehnat qilgan davridagi ish stajlaridan voz kechib qo‘ya qolsinmi?

Umid qilamizki, bu savollar shu holatda ochiq qolib ketmaydi. Zero, huquqiy demokratik davlat qurish harakatida ekanmiz, hech bir idora o‘z qobig‘iga o‘ranib olganicha fuqarolarni bu tarzda sarson qilib qo‘yishga va vaziyatga tomoshabin bo‘lib turishga haqli emas! Demak, mutasaddi idoralar birlashib, qonunchiligimizda yuzaga kelgan bunday nomuvofiqliklarni bartaraf etish bo‘yicha bir xulosaga kelib olsa va shu asosda tegishli choralar ko‘rilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Xonbuvi Maxamova va «Advokat» jurnali muxbirlari jamoasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring