Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Ikkinchi jahon urushi qatnashchilar bilan uchrashdi (foto)

Prezident Ikkinchi jahon urushi qatnashchilar bilan uchrashdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Yurtimizda Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari rag‘batlantirilib, salomatligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, shu kunlarda ularning bir guruhi sanatoriylarda davolanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Toshkent shahridagi «Chinobod Plaza» sanatoriysiga borib, urush qatnashchilari holidan xabar oldi. Anorboy ota Jalilov, Ashir ota O‘sarov, Antonina Kolomenseva, To‘lagan ota Imomov, Abbos ota Appanov bilan dildan suhbatlashdi.

– Sizlarni ko‘ray, bayram bilan tabriklay deb keldim. Bu, avvalo, sizlarning bayramingiz. O‘sha paytlardagi jasorat va matonatingiz tufayli keyingi avlodlar tinch, erkin yashadi. Mashaqqatli mehnat va zafarlarga to‘la hayot yo‘lingiz bugungi yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi, vatanparvarlik maktabi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Siz bilan butun el-yurtimiz faxrlanadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Urush qatnashchilari hurmat va mehr og‘ushida yashayotgani, sog‘ligi yaxshi, hayotidan rozi ekanini aytdi. O‘zlari istiqomat qilayotgan hududda, farzand va nabiralarining hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida gapirdi.

– Mana, yaqinda yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildik, – dedi Prezident. – Mamlakatimiz rivojini oshirish, xalqimiz hayotini yaxshilash bo‘yicha katta marralar oldik. Mana shunday o‘zgarishlar paytida sizdek katta tajribaga ega insonlarning yonimizda bo‘lishi, maslahatlaringizni olish bizga cheksiz kuch-g‘ayrat beradi.

Nuroniylar e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qildi.

– Tabarruk duolaringizni olish, sizga qo‘shilib xalqimizning tinchligini so‘rash – katta baxt. Hayotda ko‘p-ko‘p sinovlarni ko‘rgan, qariyb bir asrlik hayot tajribasiga ega bo‘lgan sizday muhtaram insonlarning duolari ijobat bo‘ladi. Nuroniylarimiz uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga bundan buyon ham katta e’tibor qaratamiz. Bu – biz uchun muqaddas burch va vazifadir, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring