Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jurnalist surishtiruvi. Qarshida kitob do‘koni mojarosi

Jurnalist surishtiruvi. Qarshida kitob do‘koni mojarosi

Foto: «Cemc.uz»

Hademay umrining saksoninchi bahorini qarshilaydigan Bibioy Bobomurodova piru badavlat onaxonlardan. Shu bois odamlar uning uyiga duosini olish uchun, Qarshi shahri markazidagi do‘koniga esa kitob xarid qilish uchun kelishadi. Buni onaxon o‘zi uchun oliy baxt hisoblaydi. Har lahza-har on shu kunlarga yetkazganiga shukur qilib yashaydi. Qachon qaramang, tilidan duo, qo‘lidan kitob tushmaydi.

U Kosonda tug‘ilgan. Voyaga yetgach, Qarshiga kelin bo‘lib tushdi. Avvaliga baxtli hayot kechirdi, ketma-ket uch o‘g‘il ko‘rdi. Shu yerga tup qo‘yib, palak yoza boshladi. Keyin esa...

Onaxonning yuragida biri 51 yil, ikkinchisi 21 yil burun toshdek qotgan qo‘shaloq dard bor.

Yostiqdoshi bezorilar hujumi qurboni bo‘lgan kezlar u endigina 27 yoshga qadam qo‘ygandi. Illo, qayta turmush qurmadi. Bevalik azoblariga ham, hayotning ilkis sinovlari-yu taqdirning qaltis hazillariga ham, yaqinlarining achchiq ta’na-dashnomlari-yu begonalarning bemavrid piching-malomatlariga ham chidadi. Noliganning noni yarimta bo‘lishini yodda tutib, barcha-barchasiga dosh berdi. Tanho o‘zi ota mehridan mosuvo norasidalari ko‘nglini o‘ksitmay voyaga yetkazdi, uchalasiniyam o‘qitib, kasb-hunarli, uyli-joyli qildi. Qo‘sha-qo‘sha nevaralar va evaralar ko‘rdi.

Yana bir gap. Bibioy opa qizaloqligidan badiiy adabiyotga ixlos qo‘yib, yaxshi asarlarni o‘zgalarga ilinishga odatlangandi. Shundanmi, o‘g‘lonlari birin-sirin ulg‘ayib, qo‘ltig‘iga kirgach, bu ish bilan astoydil shug‘ullanishga ahd qildi. 1983-yildan e’tiboran shaharning O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan kitob do‘konida ishlay boshladi. Keyinchalik uni xususiylashtirib, padari buzrukvori xotirasi sharafiga «Bobomurodvali» deb nomladi. Shu zayl badiiy, ma’rifiy, tarbiyaviy, ilmiy-texnik, siyosiy va huquqiy mavzudagi kitoblar, portretlar, taqvimlar va idora mollari savdosini yo‘lga qo‘ydi. Ammo umr yo‘ldoshi vafotining o‘ttizinchi faslida boshiga tag‘in og‘ir musibat tushdi. Bu safar qirchillama yoshli to‘ng‘ich farzandi Anvardan judo bo‘ldi.

Dunyo ko‘ziga tor ko‘ringan damlarda o‘zini ish bilan ovutdi, ozmi-ko‘pmi, dardini aritdi. Mana, oradan qancha yillar o‘tsa hamki, hamon o‘shanday: sochlariga qalin qirov ingan, yuzini ajinlar bejagan esa-da, mehnatdan bezgani, holdan toygani yo‘q. Faqat so‘nggi paytlarda uni ayrim amaldorlarning boqibeg‘amligi-yu ko‘zbo‘yamachiligi, ba’zilarining loqaydligi-yu sansolarligi, «mendan ketguncha, egasiga yetguncha» qabilida pala-partish ish yuritishlari charchatdi, juda qattiq charchatdi.

Hisob to‘g‘riligi – ko‘ngil to‘qligi

2013-yil 25-iyulda Qarshi shahrini qayta qurish rejasi va zamonaviy yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Shunga ko‘ra shaharda bunyodkorlik ishlari avj olib ketdi. 2015 yilga kelib, «Bobomurodvali» tasarrufidagi 10- va unga qo‘shni 8-uy o‘rnida 64 kvartiradan iborat to‘rt qavatli bino barpo etishga kirishildi. Uning pastidagi xonalar savdo va maishiy xizmat shoxobchalari ochish uchun tadbirkorlarga, tepa qismidagilar oilalarga yashash uchun beriladigan bo‘ldi. Inshootni qurish anchadan buyon Toshkentda yashayotgan chiroqchilik Baxtiyor Jo‘rayev rahbarligidagi «ASINZA-VZ» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga topshirildi. Korxona zimmasiga rekonstruksiya tufayli xususiy mulki buzilganlarga o‘z roziliklariga hamda ikki tomonlama shartnoma va shahar hokimining kafolat xatlariga binoan yangi imoratdan oldingi uyining umumiy maydonidan kam bo‘lmagan hajmda turar va noturar joylar ajratish vazifasi ham yuklatildi.

Shu bois Baxtiyor yangi binoni tiklash asnosi mulkdorlar bilan hisob-kitobni amalga oshiradi. 2016-yil 30-yanvardagi shartnoma bo‘yicha Bibioy opaga ham 176 million 272 ming so‘mdan ziyod tovon puli to‘laydi. O‘sha yili 6 sentyabrda esa ular o‘rtasida yangi binodagi zali va yerto‘lasining jami o‘lchami 178,5 kvadrat metrlik 3-do‘kon oldi-sotdisiga oid dastlabki shartnoma tuziladi. Unda bu shoxobcha shahar hokimi qaroriga muvofiq «ASINZA-VZ»ga qarashli mulk sanalishi eslatib o‘tiladi. Shuningdek, quruvchi bu yerda bajargan va kelgusida bajaradigan pardozlash, elektr montaj va santexnika ishlari qayd etiladi. Pirovardida foydalanishga topshirilib, uzil-kesil qiymati aniqlangunga qadar do‘konning dastlabki qiymati 449 million 250 ming so‘mga baholanadi. Boshlang‘ich to‘lovi (bo‘nak) uning 40 foiziga teng – qariyb 176,3 million so‘m qilib belgilanadi. Bu mablag‘ besh kun ichida qurilish tashkiloti maxsus hisob raqamiga o‘tkazilishi shart ekanligi uqtiriladi.

Nafsoniyatga  tegadigan xato  

Aslo ajablanmang, hozir gap nimadaligini tushuntiraman: boyagi shartnoma oxiriga Bibioy opa nomidan ish yuritayotgan kenja o‘g‘li Azamat Muxtorovning ism-familiyasi imzosiz holda «Muxtarov A.S.» deb kiritilgan. Baxtiyor Jo‘rayev bultur 9-yanvarda va 3-iyunda Azamatga jo‘natgan bildirgilarda hamda viloyat hokimining o‘rinbosari M.Eshboboyev 17 dekabrda Bibioy opaga yo‘llagan javobda esa «A.Muxtarova» ko‘rinishida bitilgan.

Xo‘p, mayli, hokim muovini Azamatni ko‘rmagan, shartnomaga bir ko‘z yugurtirishga hafsala qilmagandir. Baxtiyor-chi?.. U Azamatni juda yaxshi taniydi, yaqindan biladi-ku. Demak, familiyasini to‘g‘rilab yozsa, jilla qursa, bizga o‘zi taqdim etgan hujjatlarda o‘sha xatoni tuzatib qo‘ysa bo‘lar edi.

Endi hangomaning davomini eshiting.  

Va’da vafosi bilan go‘zal!

Yangi xona olishidan quvongan Bibioy opa shartnoma imzolangan kuniyoq boshlang‘ich to‘lovning 25 million so‘mini «ASINZA-VZ» hisobiga tushirib beradi. Qolganini to‘lashga kelganda ikkilanib qoladi. Buning sababini quyidagicha izohlaydi:

– Sobiq do‘konim ancha gavjum, o‘tgan-ketganning nazaridagi hududda edi. Shuning uchun yangi uyning aynan o‘sha yerga to‘g‘ri keladigan qismidan xona olmoqchiydim. Bu haqda Baxtiyorga ko‘p aytdim. U «xo‘p!» dedi. Ammo lafzida turmadi. Qaytanga «Sizlar mo‘ljallagan joy sotildi, hozir ikkita do‘kon qoldi, shoshiling!» deb o‘g‘limni aldadi. Bizga katta ko‘chadan pana, odamlar nigohidan xoli tarafdan xona ajratdi. Ustiga-ustak, uning devorlarini suvash, shipini qoqish, suv kiritish va sanuzellar o‘rnatish borasidagi va’dalarini bajarmadi. Men so‘ragan xonani aslida sotmagan ekan, undan ofis sifatida foydalana boshladi.

Shunga qaramay, bultur 17-yanvarda  uning korxonasiga yana 89 million 980 ming so‘m o‘tkazdim. Qolganini to‘lashga chog‘langanimda, ofisni allakimga pullamoqchi bo‘layotganini takroran eshitib qoldim. Ustiga-ustak, 2016-yil 6-sentyabrdagi shartnomada u menga beriladigan xonaning har kvadrat metrini 2 million 517 so‘mga narxlagandi. 2017-yil 1-avgustda o‘zga kishi bilan tuzgan turarjoy qurilishida pay asosida qatnashish shartnomasida esa yonma-yon joylashgan, maydoni va muddati deyarli bir xil xuddi shunaqa xonaning bir kvadrat metrini biznikidan 2,7 baravar arzon baholadi. Bundan hafsalam pir bo‘ldi va to‘lovni ortga surib, masalaga oydinlik kiritishga intildim.

Onaxon bu vajlarini shahar va viloyat hokimliklariga, Prezidentning virtual qabulxonasiga, Savdo-sanoat palatasi va tahririyatimizga shikoyat xatlarida ham keltirgan. Turgan gap, biz Baxtiyorning va’dasini eshitmaganmiz. Inchunin, uni lafzsizlikda ayblay olmaymiz. Ayni chog‘da Bibioy opaning gapini yolg‘onga yo‘yolmaymiz ham. Har qalay, yoshi ulug‘ ayol nufuzli idoralar xodimlarini aldab, birovga tuhmat qilmasa kerak. Biroq u Baxtiyordan ikki bor bildirgi olsa-da, bo‘nakni to‘liq to‘lamaganini yoqlamaymiz. Chunki o‘g‘li qo‘l qo‘ygan-qo‘ymaganidan qat’i nazar, shartnomaga «Bobomurodvali» muhri urilgan, unga taalluqli ma’lumotlar kiritilgan. Demak, majburiyat bajarilishi shart!

Buni Bibioy opaga eslatdik. U xatosini tan oldi. Joriy yilning aprelida «ASINZA-VZ» MChJga yana 61,3 million so‘mga yaqin pul o‘tkazib, 40 foizlik to‘lovdan qutuldi.

Bizni esa masalaning boshqa jihati hayratga soldi. Quyida shu xususda to‘xtalamiz.

Men nima deymanu, qo‘bizim nima deydi?

Bibioy Bobomurodova o‘zini qiynayotgan muammolar haqida 2017-yil nihoyasida Qashqadaryo viloyati hokimligiga bir nechta shikoyat yozadi. Ular orqali yangi inshootlar narxidagi keskin tafovut sababini aniqlashda, o‘ziga avvalgi shoxobchasi joylashgan hududdan xona berilishida, uni smeta narxida ustamasiz olishida, shuningdek, buzilgan do‘koni maydoni evaziga shahar hududidan yer ajratilishida yordam so‘raydi. Natijada  viloyat hokimi o‘rinbosari M.Eshboboyev 12-dekabrda va Qarshi shahri hokimi o‘rinbosari A.Temirov 15-dekabrda imzolagan g‘alati javoblarni oladi. Bunday deyishimizning boisi shuki, u bog‘dan kelsa, muovinlar tog‘dan kelishgan edi. Aniqrog‘i, Bibioy opaga mulki uchun qachon, qaysi hujjatga ko‘ra va qancha miqdorda tovon puli to‘langanini ma’lum qilishgandi-yu, iltimosini qondirish-qondirmaslik xususida lom-mim deyishmagandi. M.Eshboboyev qo‘shimcha ravishda o‘sha ko‘chadagi qayta qurishlar qay asosda amalga oshirilganini, «Bobomurodvali» do‘koni rahbari A.Muxtorova (?) 2016-yil 6-sentyabrdagi dastlabki shartnoma bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirmaganini ta’kidlagandi, tamom-vassalom!

Holbuki, Bibioy opa tovon pulini birmuncha avval olgani uchun bu haqda arz qilmagandi. Boshqa voqealar shusiz ham unga besh qo‘lday ayon edi. Yangi do‘kon uchun avans pulining uchdan bir qismidan ortiqrog‘ini o‘zi aytgan sabablarga ko‘ra to‘lamay turgandi.

Javoblarni o‘qib, umidlari sarobga aylangan onaxon baribir bo‘sh kelmaydi. 22-dekabrda poytaxtga kelib, Prezidentning virtual qabulxonasiga ariza topshiradi. Bu shikoyat 24-dekabrda 285294-s/17-son bilan ro‘yxatga olinib, tekshirish va qonuniy hal etish uchun Qarshi shahri hokimligiga yuboriladi.

Afsuski, mutasaddilar masalaga, odatdagidek, yuzaki yondashishadi. Buyam yetmaganday, soxtakorlik yo‘lini tutishadi. Masalan, Arxitektura va qurilish boshqarmasining uch nafar xodimi Bibioy Bobomurodovaning murojaatini go‘yoki o‘rganishgani to‘g‘risida quyidagi dalolatnomani tayyorlaydi (xulosa qismini aynan keltiraman – A.H.):

«12-yanvar  2017 yil (? )                                                     Qarshi shahri

... O‘rganish natijasiga ko‘ra fuqaro Bobomurodova Bibioyga tegishli Qarshi shahar Islom Karimov (avvalgi O‘zbekiston) ko‘chasidagi noturar obektlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 25 iyuldagi “Karshi shaxrini kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yul-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish Dasturi to‘grisida”gi PQ-2010-sonli karori ijrosini ta’minlash maqsadida Islom Karimov (avvalgi O‘zbekiston) ko‘chasining Bosh rejasiga asosan buzilishga tushganligi aniqlandi va Va’zirlar maxkamasining 2006 yil 29-maydagi “Davlat va jamoat extiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarii qoplash tartibi tug‘risidagi Nizom tasdiklash xaqida”gi №97-sonli qaroriga asoslanib, yer maydoni takliflari kiritilib ajratilishi fuqaro Bobomurodova Bibioyga tushuntirildi.

Ushbu dalolatnomani xaqiqatdan ham fuqaro Bobomurodova Bibioy bilan suxbatlashildi deb, imzo chekuvchilar. Qarshi shahar Arxitektura qurilish boshqarmasi xodimlari:

E.Mustafayev S.Alikulov E.Murtazayev (imzolari bor). Fuqaro Sh.Muradov (Imzosi yo‘q)».

Taajjub! Virtual qabulxonaga 2017-yil 24-dekabrda tushgan murojaatni bu xodimlar qanday qilib, 11 oyu 14 kun oldin, ya’ni 12-yanvarda o‘rganishdi? Ular onaxon kelajakda qayerga va nima haqida shikoyat qilishini salkam bir yil oldin bilishganmidi? Yoki uchalasi ham odamlar bilan o‘zlariga sezdirmay suhbatlashishdek noyob qobiliyatga egami? Ana, boringki, onaxon bilan uchrashishgan, faqat yilni chalkashtirib yozishgan deylik. U holda nega dalolatnomada uning emas, shaxsi noma’lum, imzosi yo‘q Sh.Murodovning familiyasi turibdi?

Bunisini bilmadim, faqat ikkita haqiqatni bemalol ayta olaman. Avvalo, dalolatnoma – qalbaki! Agar u haqiqiy bo‘lsa, shikoyatda tilga olingan muammo bir chetda qolib, mutlaqo boshqa masala muhokama qilinmasdi. Bibioy opa ham «Bu suhbatdan xabarim yo‘q!» deya oyoq tirab turib olmasdi. Ikkinchidan, boshqarma boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi S.Yusupov boyagi matnni 2018-yil 12-yanvarda idorasi blankiga shundayligicha ko‘chirib, rasmiy xat sifatida shahar hokimi J.Fozilovga jo‘natgan. O‘z navbatida, J.Fozilov ham uni hokimlik ish qog‘oziga tushirib, Prezidentning virtual qabulxonasiga javob hozirlagan. Qisqasi, bitta matn bir kunda turli mualliflar nomidan uchta qog‘ozda chop etilgan. Lekin hech kim xatolarni to‘g‘rilamagan, loaqal dalolatnoma sanasidagi mavhumlikka ham e’tibor bermagan.

Ushbu javobni Bibioy opa elektron pochta orqali oladi. Oladi-yu, hokimga va Virtual qabulxonaga qayta ariza bitadi. Hafta o‘tar-o‘tmas, J.Fozilov unga yozma javob qaytaradi. Bu gal opaning shikoyatini hokimlik ishchi guruhi o‘zining ishtirokida o‘rganganini, shahardagi ko‘p qavatli zamonaviy binolar xususiy quruvchi tashkilotlar tomonidan tijorat banklari krediti asosida barpo etilayotgani bois fuqarolar ularni quruvchi bilan o‘zaro kelishilgan narxda olishi mumkinligini eslatish bilan kifoyalanadi, xolos. 

Qarabsizki, Bibioy Bobomurodova 9 fevralda Prezidentning virtual qabulxonasiga takroran murojaat qiladi. Unda hokimning javoblari yolg‘onligini, o‘zi bilan hech kim suhbatlashmaganini va hech narsani tushuntirmaganini bayon etadi. Bu shikoyat xati ham shahar hokimligiga yuboriladi. Oqibatda hammasi eski tos, eski hammomligicha qolaveradi. Negaki, hokim vaziyatdan qutulishning eng oson va o‘ng‘ay usulini tanlaydi. 22-fevralda bir yarim oy oldingi javobining faqat sanasi va tartib raqamini o‘zgartirib, qayta imzolaydi-da, Bibioy opaga jo‘natadi. Unda shikoyatchining manzili noto‘g‘ri yozilganini, Qarshi shahri tugul, butun O‘zbekistonda ham Zardorzor ko‘chasi yo‘qligini esa xayoliga keltirmaydi.

Nufuzli idora orqali kelgan shikoyatgaki munosabat shunday bo‘lgach, davomini o‘zingiz tushunib olavering. Eng achinarlisi, kimlarningdir beparvoligi tufayli serg‘ayrat keksa ayolning navbatdagi urinishi ham zoye ketdi.

Ezgulikning erta-kechi bo‘lmaydi...

Xolisona aytganda, Bibioy Bobomurodova hech kimning oldiga ortiqcha talab qo‘ymayapti. Bor-yo‘g‘i Uy-joy kodeksining 30 — 31-moddalari, Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 8-bandi talablaridan kelib chiqib, o‘z haq-huquqi yo‘lida kurashayapti. Tadbirkorlik uchun zarur xonani boshqalarga sotilgan narxda va kitobxonlarga o‘ng‘ay joydan olishda ko‘mak so‘rayapti. Buni faqat savdosi yurishib, daromadi ko‘payishi ilinjida qilayotgani yo‘q. Shunaqa niyati bo‘lganda edi, allaqachon kitobdan voz kechib, bir necha baravar ko‘p foyda keltiradigan va hamisha xaridorgir sanaladigan oziq-ovqat, meva-sabzavot yoki kiyim-kechak sotishga o‘tgan bo‘lardi. Yoki tadbirkorlikni butkul yig‘ishtirib qo‘yib, aksariyat tengdoshlari singari keksalik gashtini surib yuraverardi. Bu – birinchidan.

Ikkinchidan, hozir dunyo bo‘yicha globallashuv jarayonlari jadallashgani sayin tinchlik va barqarorlikka yangi tahdidlar va xatarlar kuchaymoqda. Milliy qadriyatlarga e’tiborsizlik, oilaviy ajrashishlar ko‘paymoqda, turli jinoyatlar urchimoqda.

Shubhasiz, bu yanglig‘ noxushliklarga qarshi kurashishda kitobning ahamiyati beqiyos. Unga yurak-yurakdan ixlos qo‘ygan inson zinhor-bazinhor zarar ko‘rmaydi. Bil’aks, xalqi tarixini, ona tili va milliy qadriyatlarini e’zozlashni, qalbida el-yurt baxti va jamiyat taraqqiyoti uchun mas’ullik tuyg‘usini his qilishni o‘rganadi. Bunday xislatlarga ega avlodning kelajagi porloq bo‘ladi.

Prezident shularni nazarda tutib, bultur «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishga, «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida»gi qarorga oldinma-keyin imzo chekdi. Ularda o‘g‘il-qizlarimiz ongida sog‘lom dunyoqarashni, jumladan, kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish, millatlararo totuvlik va o‘zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash masalalariga jiddiy e’tibor qaratildi. Shuningdek, ixtisoslashgan kitob do‘konlari uchun viloyat, tuman markazlari, shahar va qishloqlarda aholi gavjum va qulay hududlardan joy ajratish yoki ijaraga berish masalalarini qayta ko‘rib chiqish, sotuv aylanmasida kitob ulushi 70 foizdan ko‘p bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarini alohida statistik hisobga olish va ularga soliq imtiyozlarini qo‘llash, sohadagi kamchiliklarni bartaraf etib, aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish choralarini ko‘rish joizligi alohida ta’kidlandi.

Modomiki, shunday ekan, qashqadaryolik mutasaddilar Bibioy Bobomurodovaning iltimosini imkon qadar qanoatlantirish xususida jiddiyroq o‘ylab ko‘rsalar, foydadan xoli bo‘lmasdi. Qolaversa, hududda kitob savdosini yo‘lga qo‘yish uchun avvalo ular mas’ul hisoblanadi.

O‘z-o‘zidan ravshanki, muammoning ijobiy yechim topishi ko‘p jihatdan qurilish firmasi rahbari Baxtiyor Jo‘rayevga ham bog‘liq. Ehtimol, endi u murosaga kelib, o‘sha mojaroli xonani o‘z sarf-xarajatlarini hisob-kitob qilgan hamda o‘zaro kelishilgan maqbul narxda Bibioy Bobomurodovaga berar. Ehtimol, elga kitob orqali ma’rifat tarqatishdek savobli ishga shu tariqa baholi qudrat hissa qo‘shib, hamyurtlari olqishini olar. Chunki har qanday holatda ham savobning katta-kichigi, ezgulikning erta-kechi bo‘lmaydi, ikkisi ham nur keltiradi. Odamzoddan esa bu dunyoda faqat yaxshilik qoladi!

 Abdunabi Haydarov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring