Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryoda «in-vitro» usulida kartoshka urug‘liklari ko‘paytiriladi

Qashqadaryoda «in-vitro» usulida kartoshka urug‘liklari ko‘paytiriladi

Qashqadaryo viloyatida Polsha investitsiya dasturi asosida qiymati 8 mln AQSh dollariga teng, yillik quvvati 8 mln dona in-vitro usulida kartoshka urug‘lik mini tuganaklarini ko‘paytirishga ixtisoslashgan laboratoriya hamda yiliga 5 ming tonna yuqori avlodli sog‘lom kartoshka urug‘liklari yetishtirishga mo‘ljallangan kompleks tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati «Xabar.uz»ga ma’lum qilib o‘tdi.

Joriy yilning 6 iyun kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligida Polsha-O‘zbek savdo-sanoat palatasi, Polsha kartoshka urug‘chiligi va himoya qilish instituti, «Zamarte kartoshka yetishtirish» MChJ, sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti, qishloq xo‘jaligini standartlashtirish markazi, O‘zbekiston fanlar akademiyasi bioorganik kimyo instituti vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur loyihani amalga oshirish, O‘zbekiston-Polsha o‘rtasida kartoshka urug‘chiligi sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan masalalar muhokama etildi.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizda kartoshka urug‘i importiga bo‘lgan ehtiyoj ichki imkoniyatdan qoplanishi, aholini ish bilan ta’minlash, kartoshka urug‘i sifatining yaxshilanishiga erishiladi. Hozirgi kunda fermer xo‘jaliklarini sog‘lom, viruslardan xoli kartoshka urug‘liklari bilan ta’minlash maqsadida Polsha Respublikasi bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, joriy yilda O‘zbekistonda 135 ming gektar hududda 2,8 million tonna kartoshka yetishtirish rejalashirilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonga turli xorijiy davlatlardan har yili o‘rtacha 20-30 ming tonna kartoshka urug‘liklari import qilinmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, 2017 yilda Afg‘oniston, Belarus, Eron, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Pokiston singari davlatlardan qiymati 23 551 AQSh dollariga teng 193 622 tonna kartoshka import qilingan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 224 674 tonnani tashkil etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring