Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qirq yillik ta’mirtalab yo‘l yoki kanal qazish ishlari yigirma yildan beri tugamaydimi?

Qirq yillik ta’mirtalab yo‘l yoki kanal qazish ishlari yigirma yildan beri tugamaydimi?

Surxondaryo viloyatining Boysun, Qiziriq tumanlarini Qumqo‘rg‘on tumani bilan bog‘lab, Sho‘rchi, Denov, bir tarafdan Termiz tomon o‘tib ketuvchi 16,25 km.lik yo‘lning ahvolini ko‘rgan «maymunlar ham yig‘lashga» biroz istihola qiladi. Nega deysizmi? Menimcha, mazkur yo‘lni har uch yilda bir marta ta’mirlab qo‘ysa ham shunday abgor ahvolga tushmasdi.

Xalqimizda, «yuz marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan yaxshi», degan hikmatli naql bor. Biz ham yo‘lning haqiqiy ahvolini bilish maqsadida mashinamizni o‘sha tomonga burdik. Avvaliga safarimizning bir soatini shuni ko‘rishga ajratgan edik, ammo biz o‘ylagangandan ham ko‘ra ayanchli holat ekan. Natijada safarimiz uch soatga cho‘zildi.

Qumqo‘rg‘on tuman markazidan qishloq va ovul tomon chiqib ketar ekanmiz, yo‘limiz tobora og‘irlashib bordi. Bor-yo‘g‘i 15 km.lik yo‘lni tez-tez harakat qildik, deganimizda ham 65 daqiqada bosib o‘tdik. O‘ziyam mashinamiz «ho‘ngrab» yuboray dedi. Shu yerda yashovchi Abdujabbor aka Nurullayev: «Men 42 yoshga to‘ldim. Esimni tanibmanki, bu yo‘lning ahvoli yaxshilanganini, biron marta ta’mir etilganini eslayolmayman. Tuman markaziga bir ish yuzasidan borib-kelish uchun taksilar ham zir titraydi. Agar shoshilinch bo‘lib qolsa, taksi 40 ming so‘mga evaziga olib borsa xursand bo‘lamiz», deydi.

Ba’zi farzandlarimiz tuman markaziga kollej va litseylarda tahsil oladi. Yo‘lning yomonligidan, kuniga marshrutkaga beradigan yo‘l kirasining o‘zi 10000 so‘m. Qishloq sharoitida aholi uchun bu ko‘plik qiladi.

Caption

Biz axiyri, 15km. yo‘l bosib «Navro‘z» jamoa xo‘jaligi markaziga kelganimizda maktabdan qaytayotgan bolalalarga duch keldik. Ularning poyabzallari loyga botgan. Ikki kun oldin yomg‘ir yoqqan tosh ko‘chalar qurimabdi-da, desak, vaziyat boshqacha ekan. Maktabga keladigan yo‘lga asfalt u yoqda tursin, qadim zamonlarda to‘kilgan tosh yerga singib ketib, yo‘l loyko‘chaga aylangan. «O‘quvchilarimiz qishda loydan aziyat cheksa, yozda chang va tuproqqa botadi», deydi o‘qituvchi Abdurashid O‘rozov.

Shu yo‘l bo‘ylab yura boshladik. Bu «Porloq kelajak» ko‘chasi ekan. Qishloq goh siyraklashib borar, yakkam-dukkam uylar 3-4 km.dan keyin ham tugamasdi. Yana maktabdan qaytayotgan bolalarga duch keldik. Ta’lim muassasalaring qani, desak ular: «Maktabimiz bu yerdan ko‘rinmaydi, ancha olisda», deya boya biz ko‘rgan 73-maktab tomon ishora qilishdi.

– O‘h-u-u, shuncha joydan qatnab o‘qiysizlarmi, nechanchi sinfdasizlar?

– Ha, birinchi sinfda o‘qiymiz...

Ha aytgancha, bu yo‘l oldin ko‘rganlarimizdan biroz yaxshiday tuyuldi. Nega desangiz, aholi ikki yil oldin pul yig‘ib, toshli shag‘al yotg‘izishgan ekan. Ammo o‘rtada bolalar o‘tishiga xavfli o‘rinlari bor. Nega deysizmi, «Bu yerdan kanal qazib yo‘limizni shu ahvolga solishdi. Bundan yigirma yillar burun kanal qazish ishlari boshlab yuborildi. O‘sha paytda viloyat hokimi Baxtiyor Olimjonov tomonidan shitob bilan boshlangan mazkur ish u almashganidan so‘ng butkul to‘xtadi. «Endi bu loyiha bekor qilinibdi», deyishdi.

Oradan yillar o‘tdi. Eh shuncha xarajat, «Oqqopchig‘ay» bilan Sherabod (ShMT) kanallari o‘rtasini bog‘lash maqsadida boshlangan bu kanal loyihasi (uzunligi 15214 metr)ning 30% ishlari bajarilib bo‘lingan edi. Tonna-tonnalab sement to‘kib betonlangan o‘rinlar asta-sekin ko‘chib tushdi. Qolgan joylarini ham yo‘l o‘tkazgich o‘tkazmasdan qolib ketgani e’tiboridan ko‘mib tashlandi. O‘ydim joylar tekislanib, ekin maydonlariga aylantirildi. Bu o‘z-o‘zidan bo‘larmidi, albatta, qancha xarajat talab qiladi. Endi kanalga deb qazib chohga aylantirilgan o‘rinlari tekislanib, yo‘l kesib o‘tgan joylar yaxshilanganida, yana kanal o‘tkazamiz, deb ko‘chalarimiz shu ahvolga tushdi.

Bu kanalning qachon bitishi noma’lum. Kim bilsin, viloyat hokimi yana o‘zgarib qolsa, keyingisi uning ishini davom ettirarmidi, loyihalar bekor bo‘ladi. Noto‘g‘ri boshlangan ish, deyiladi. Bundan kim jabr ko‘radi, albatta, oddiy xalq qiynaladi. Davlatni xazinasiga yetgan zararni hisoblaydigan, surishtiradigan odamning cho‘ntagini qappaytsa, bu loyiha umuman noto‘g‘ri ekan, vaqtida to‘xtalibdi, deb kelgan joyiga qaytib ketaveradi-da. Unday bo‘lsa, nima oldindan o‘ylab ko‘rilmadi, deydigan inson yo‘q...», deya kuyinib gapirdi, Abdukarim amaki Anorov.

– «Nabiralarimiz, kuniga olti km.lik yo‘lni yomg‘irli kunlarda loy, quyoshli kunlarda tuflilarni «oq formaga» bo‘yaydigan chang-tuproq oralab maktabiga borib keladi», deydi Kenjaxol opa Murodova.

Bu haqda tegishli tashkilotlarga murojaat qilmadinglarmi, degan savolimizga ular: «Aytaverib, yozaverib ham charchadik. Oldin bizning joylar Denov tumaniga qarashli edi. Tuman mutasaddilari nazarida cho‘l hudud, deb qaralardi. Garchi qariyb 40 yildan oshgan bo‘lsa-da, go‘yo ularning qamrovida endi o‘zlashtiralayotgan yerlar, deb e’tirof etilardi. Qumqo‘rg‘on tumaniga qo‘shilganmizga ham ikki yil bo‘ldi. Ammo o‘zgarish yo‘q, ahvol o‘sha-o‘sha, o‘tgan hafta hokimimiz yig‘ilishiga borib, shu masalani ko‘targan edik, «Men yo‘l sohasiga aralasholmayman. Yo‘lni o‘z egasi, mutasaddilari bor», dedi...

Agar ko‘rganlarimiz haqida fikrlarimizni davom ettiradigan bo‘lsak, hali bir daftar bo‘ladigan. Shu boisdan mutasaddi tashkilotlardan mazkur hududlarga ham e’tibor qaratishlarini kutib qolamiz.

Nasib qilsa, bu mavzuga yana qaytamiz!

Vohidbek Nurullayev,
Manba: «Azon.uz»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring