Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishloq ayolining mehnatdan boshqa hayoti ham bor...

Qishloq ayolining mehnatdan boshqa hayoti ham bor...

Foto: Sun’iy intellekt

Men qishloqda katta bo‘lganman. Onam, momom, qo‘ni-qo‘shni ayollar — hammasi qishloq ayollari. Har doimgidek, ularning mehnatkashligi, tong sahardan turib sigir sog‘ishi, uzoqdan suv tashishi, tandirga o‘tin qalab, non yopishi haqida aytmoqchi emasman. Yo‘q, bu safar boshqa narsa, ularning yuzidagi ajinlar, sog‘lig‘i va o‘ziga ajratadigan vaqti haqida gaplashmoqchiman.

Ya’ni qishloq ayolining mehnatdan boshqa ham hayoti bormi? Uning boshqa tashvishlari bo‘lmaganida, o‘zi uchun nima qilgan bo‘lardi? Masalan, ayolning yuzidan boshlaylik. Quyosh ostida ko‘p yuradigan ayol terisini qanday parvarish qiladi? Yuziga krem surtadimi, quyoshdan himoyalovchi vositalardan foydalanadimi? Sochini turmaklash, yuziga niqob qo‘yish, sartaroshxonaga borish haqida o‘ylaydimi? Yoki bunday narsalar uning uchun ro‘zg‘orning zarur xarajatlaridan keyin qoladigan, imkoniyat bo‘lsagina amalga oshadigan istaklarmi?

Qishloq ayollarining yuzidagi ajinlarni faqat og‘ir mehnat va hayot tashvishlari bilan izohlab bo‘lmaydi. Yosh, irsiyat va quyosh nurlari ham bunga ta’sir qiladi. Tibbiy tadqiqotlar quyoshning ultrabinafsha nurlari teridagi erta qarish belgilari, ajinlar va dog‘lar paydo bo‘lishini tezlashtirishini ko‘rsatadi. Ochiq havoda, ayniqsa, kunning issiq paytlarida ko‘p ishlaydigan ayollar uchun esa quyoshdan himoyalanish masalasi alohida ahamiyatga ega.

Biroq bu yerda men uchun boshqa savol muhim. U quyoshdan saqlanish vositasini sotib olishni o‘ylaydimi yoki buning uchun ham avvalo ro‘zg‘orning boshqa ehtiyojlarini qondirishi kerakmi?

Bu savollar kimgadir mayda-chuyda, hatto ortiqcha tuyulishi mumkin. Axir, qishloqda undan muhimroq tashvishlar bor: uy-joy, tomorqa, chorva, bolalar, oila, er, qaynona-qaynota... Ammo ayolning hayoti faqat shu tashvishlardan iborat bo‘lishi kerakmi?

Osiyo taraqqiyot bankining Tojikiston Respublkasi, Xatlon viloyati qishloqlarida ayollar vaqtidan foydalanishga bag‘ishlangan tadqiqoti bu haqda jiddiy o‘ylashga undaydi. Unda ayollarning haq to‘lanmaydigan uy-ro‘zg‘or ishlariga va boshqa majburiyatlarga sarflaydigan vaqti o‘rganilgan. Bu natijalarni O‘zbekiston qishloq ayollariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tatbiq etib bo‘lmaydi, ammo tadqiqot mintaqadagi ayollar hayoti uchun umumiy bo‘lgan muhim masalani ko‘rsatadi: uy ishlari va oilaviy majburiyatlar ayolning vaqtining katta qismini, 70 foizini egallaydi.

Xalqaro miqyosda bu holat «vaqt qashshoqligi» (time poverty) tushunchasi bilan ifodalanadi. Gap shunchaki ayolning ko‘p ishlashida emas. Uning dam olish, ta’lim olish, o‘z qiziqishlari bilan shug‘ullanish va salomatligiga e’tibor berish uchun vaqti qolmasligida.

Qishloq ayoli tongdan kechgacha mehnat qilishi mumkin. Ammo shu kunning ichida o‘zi uchun qancha vaqt topadi? Uning o‘zi xohlagan ish bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyati bormi? Yoki kundalik vazifalarini bajarib bo‘lgach, o‘ziga qoladigan vaqt faqat charchoqdan hech narsa qilishni istamaydigan paytmi?

***

Bir paytlar onam hali yoshroq paytida unga quyoshdan himoya qiluvchi, terining qorayishini kamaytirishga yordam beradigan krem olib berdim. Onam kichkinagina idishdagi kremni qo‘liga olib, hayron bo‘lib u yoq-bu yog‘ini aylantirib ko‘rdi. Men esa xavotirimni yashirmay:

— Ona, buni yana kimgadir ko‘ngilbo‘shlik bilan sovg‘a qilib yubormang, qimmat krem. Bu yuzingizni quyoshdan asraydi, o‘zingiz ishlating, — dedim.

Onamning yonida o‘tirgan qo‘shni ayollardan biri esa darrov kulib hazil qildi:

— Voy, shu pulga bir kilo go‘sht olib kelganingizda xolam ham xursand bo‘lardi, ham mazza qilardi, — dedi.

Mana shu kichik hayotiy voqea meni o‘sha daqiqalarda ko‘p narsa haqida o‘ylashga majbur qilgandi. Demak, oziq-ovqat, bolalarning ehtiyojlari, uy-ro‘zg‘or xarajatlari birinchi o‘rinda turgan sharoitda ayolning o‘z salomatligi va parvarishi uchun pul sarflashi ortiqcha xarajatdek ko‘rinishi mumkin.

Qolaversa, yillar davomida boshqalarning ehtiyojini ustun qo‘yib yashagan ayol o‘z ehtiyojlarini hamisha ham zarurat deb qabul qilavermaydi. U o‘ziga biror narsa olishdan oldin ro‘zg‘orni o‘ylaydi. Shifokorga borishdan oldin uydagi yumushlarni bitirishga harakat qiladi. Dam olishni esa ishlar tugaganidan keyinga qoldiradi. Ammo bu ishlar qachon tugaydi?

Albatta, quyoshdan himoyalanish shunchaki tashqi ko‘rinish haqida emas. SPF vositalari terini ultrabinafsha nurlar ta’siridan himoya qilishga yordam beradi. Avstraliyada o‘tkazilgan mashhur Nambour tadqiqotida quyoshdan himoyalovchi kremdan muntazam foydalanish terining fotoqarish jarayonini sekinlashtirishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Bu yerda masala ayolning yuzida ajin bo‘lmasligida emas. Uning o‘z salomatligiga e’tibor berish uchun zarur bilim, vaqt va mablag‘ga ega bo‘lishida. Quyoshdan himoyalanish vositasini sotib olish imkoniyati ham, uni muntazam ishlatishga odatlanish ham muayyan sharoitni talab qiladi. Agar ayol o‘zini parvarish qilishni ortiqcha xarajat deb bilsa yoki bunga vaqti yetmasa, unga shunchaki kremning foydasini tushuntirish bilan masala hal bo‘lmaydi.

Aslida, gap faqat teri parvarishida ham emas. Yillar davomida og‘ir mehnat qilish, suv tashish, kir yuvish, dalalarda egilib ishlash ayolning jismoniy salomatligiga ham ta’sir qilishi mumkin. Masalan, 1999 yilda e’lon qilingan Yaponiya tadqiqotida qishloqda yashovchi 60–79 yoshli ayollarning 41 foizida tizza og‘rig‘i kuzatilgan, Gavayida yashovchi shu yoshdagi yapon ayollarida esa bu ko‘rsatkich 20 foizni tashkil etgan. Tadqiqot mualliflari farqning ehtimoliy sabablaridan biri sifatida turmush tarzi va atrof-muhit omillarini ko‘rsatgan. Bel og‘rig‘i, bo‘g‘imlardagi og‘riq, doimiy charchoq kundalik hayotning oddiy qismiga aylanib qolishi ehtimol.

Ayrim ayollar esa o‘zlarini davolatishni ham kechiktiradilar: uydagi ishlar, bolalarning ehtiyojlari, boshqa oila a’zolarining yumushlari ular uchun muhimroq bo‘lib qolaveradi.

Yana o‘sha savolga qaytamiz: ayolning o‘zi uchun qancha vaqti bor?

Ayolning o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolishi, kitob o‘qishi, yangi narsalarni o‘rganishi, do‘stlari bilan suhbatlashishi yoki shunchaki dam olishi ham ehtiyoj. Ammo ba’zan bu ehtiyojlar hatto tilga olinmaydi.

Bu holatni faqat ayolning o‘zini o‘ylamasligi bilan izohlash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uning vaqti, iqtisodiy imkoniyati va oiladagi vazifalar taqsimoti ham bunga ta’sir qiladi. Agar uy ishlarining asosiy qismi ayolning zimmasida bo‘lsa, uning bo‘sh vaqti o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Agar oilaning imkoniyati cheklangan bo‘lsa, o‘z ehtiyojlari uchun xarajat qilish ham oson emas.

Shuning uchun qishloq ayollarining hayotini yaxshilash haqida gapirganda, ularga faqat sog‘lig‘iga qarashni, o‘zini sevishni yoki dam olishni maslahat berish bilan cheklanib bo‘lmaydi. Ularning mehnat sharoitlari, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari, uydagi vazifalarning taqsimlanishi ham e’tiborga olinishi kerak. Oila a’zolari ham ayolning salomatligi va dam olishini ro‘zg‘or ishlaridan kam bo‘lmagan ehtiyoj deb qabul qilishi muhim.

Qishloq joylarida ochiq havoda mehnat qiluvchi ayollarga quyoshdan himoyalanish, ish sharoitida salomatlikni asrash va kasalliklarning oldini olish haqida tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarur. Fermer xo‘jaliklari va boshqa ish beruvchilar ham ishchi ayollarning xavfsizligi va salomatligiga e’tibor qaratishi kerak. Lekin buning o‘zi ham yetarli emas. Ayol o‘zini asrash uchun oilasi bilan kelishishi, vazifalarni boshqalar bilan bo‘lishishi va o‘z ehtiyojlarini ham hisobga olishi mumkin bo‘lgan muhitga muhtoj.

Eng asosiysi, qishloq ayoli haqidagi tasavvurimizni o‘zgartirishimiz kerak. Biz ko‘pincha uning mehnatkashligi, sabr-toqati va fidoyiligini maqtaymiz. Ammo uning qancha mehnat qilishi haqida gapirganimizda, shu mehnatlar orasida o‘zi uchun yashashga qancha vaqti qolishi haqida ham o‘ylashimiz kerak.

Qishloq ayolining ham go‘zal bo‘lishga, sog‘lom qarishga, dam olishga, kitob o‘qishga, ta’lim olishga va o‘z ustida ishlashga haqqi bor. Ya’ni, ayolning qadri uning oilasi va atrofdagilar uchun qancha ish bajarishi bilan o‘lchanmasligi kerak.

***

Onam o‘sha kuni qo‘shni ayolning haziliga indamaygina kulib qo‘ya qoldi. Men esa onam kichkina krem qutisini ro‘zg‘orning ming bitta tashvishi orasida qayergadir yashirib qo‘yishini va baribir ishlatmasligini ich-ichimdan sezib turardim. Chunki u qishloq ayoli. U o‘zini doim oxirgi o‘ringa qo‘yishga, o‘z go‘zalligini ro‘zg‘orning bir kilo go‘shtiga almashishga ko‘nikib qolgan. Lekin men baribir qishloq ayollarining quyoshdan qoraygan va ajinlari bilinib turgan yuzlariga boqqanimda matonatni, mehnatkashlikni emas himoyasiz qolgan, e’tibor sog‘ingan go‘zallikni ko‘raman, mehnatdan boshqa hayoti borligini ham o‘ylayman...

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring