Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qurilayotgan arzon uy-joylar sifati deputatlar e’tiroziga sabab bo‘ldi

Qurilayotgan arzon uy-joylar sifati deputatlar e’tiroziga sabab bo‘ldi

Foto: Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

Bugun, 25-dekabr Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi «Hukumat soati»da O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri Abduqahhor To‘xtayev ishtirok etgani haqida xabar bergandik.

Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati xabar berishicha, quyi palatadagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining tashabbusi bilan kiritilgan «Shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish hamda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi vazifalar to‘g‘risida»gi masala yuzasidan deputatlar savollariga qurilish vaziri atroflicha ma’lumot bergan.

2018-yilda jami 13 917 xonadonli 335 ta uy-joy qurilishi rejalashtirilgan edi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining hududlarga tashriflari chog‘ida bergan topshiriqlariga asosan esa, qo‘shimcha 90 ta uy bunyod etilishi belgilangan. Shulardan 79 ta ko‘p qavatli uy-joy foydalanishga topshirilgan. Qolganlarida qurilish-montaj ishlari davom etmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 18-yanvardagi «2018-yilda uy-joy qurilishini rivojlantirish maqsadli dasturlarini samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq esa, aholi uchun jami 16 360 ta arzon uy qurilishi belgilangan. Shundan 5 942 tasida qurilish-montaj ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilgan.

Bu borada qurilish tashkilotlari uchun qator imtiyozlar berilayotgan bir paytda ko‘plab kamchiliklar ham uchrab turgani «Hukumat soati»da ta’kidlab o‘tildi.

Deputatlar xalqimizni uy-joy bilan ta’minlash, qurilish ishlarini sifatli va o‘z vaqtida yakunlash, shuningdek, hududlarda bunyod etilayotgan uylar atrofida infratuzilmalarni yaratish borasidagi masalalar, odamlarni o‘ylantirayotgan muammolar xususida jiddiy savollar bilan murojaat etdilar.

Ayniqsa, deputatlarning e’tiroziga sabab bo‘lgan masala — Toshkent, Sirdaryo, Navoiy hamda Xorazm viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan 4539 ta uy-joydan bugungi kungacha birortasi ham foydalanishga topshirilmaganiga izoh so‘raldi.

Deputatlarning fikricha, uy-joy qurilishi borasida topshiriqlar ijrosini muddatidan oldin bajarish, hisobotlardagi statistikaning ijobiy bo‘lishini ta’minlash ilinjida mahalliy hokimliklar tomonidan ham bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Chuqur o‘ylanmasdan, tegishli xulosalar asosida ish olib borilmasligi ba’zi hududlarda qurib bitkazilayotgan uy-joylarga aholini joylashtirishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.

Vazir deputatlar savollariga javob qaytarar ekan, bunday holatlarga nisbatan vazirlik va tegishli inspeksiya tomonidan ham jiddiy nazorat olib borilayotgani, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan choralar ko‘rilayotganini qayd etdi. O‘z navbatida, nazorat qiluvchi va qurilish ob’yektlarini qabul qilib oluvchilarning ham mas’uliyatini oshirish yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi.

«Hukumat soati» doirasida berilgan savol-javoblardan kelib chiqib, deputatlar tomonidan vazirlik faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qator fikr-mulohaza va takliflar bildirildi. Xususan, uy-joy qurilishi sohasidagi 27 yil avval ishlab chiqilgan, hozirda mutlaqo talabga javob bermaydigan normativlarni butkul yangidan ishlab chiqish, shuning barobarida O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini bugungi kun nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish tavsiya qilindi.

Yig‘ilish yakunida aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini olib borishga kelishib olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring