Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

Qurol to‘g‘risidagi qonundan qo‘rqish emas, quvonish kerak. Nega?

Qurol to‘g‘risidagi qonundan qo‘rqish emas, quvonish kerak. Nega?

Hech bo‘lmasa, qurolga oid betartib munosabatlarni tartibga solib berayotgani uchun.

Shu paytgacha qurol-yarog‘ savdosi, quroldan foydalanish va qurollarni nazorat qilish masalalari 10 dan ortiq (!) qonun hujjatlari bilan tartibga solingan (hujjat ko‘p bo‘lsa, ziddiyat va «lazeyka»lar ham ko‘payib ketishi ma’lum). Endi bular tartibga solindi, kami to‘ldirildi, tushunchalar aniqlashtirildi.


Mavzuga oid: Kimlar qurol oladi? «Qurol to‘g‘risida»gi qonun ma’qullandi


Shu paytgacha oshpichoq qurolmidi yoki yo‘qmi degan savolning javobini odamlar bilarmidi?

Sabzi to‘g‘rardan chiqib kelayotsangiz bir paytlar dumini bosib olganingiz posbon qo‘lingizga kishan solib olib ketmasligiga qanday kafolat bor edi?

Kuzatuv kamerasi oldida kuppa-kunduz kuni birovga 50 martalab pichoq urgan jinoyatchi qurolini bemalol ko‘chada ko‘tarib yura olishi uchun, istasa, «lazeyka» topilishini bilardi.

Shunday sharoitda hammadan pichoqni yig‘ishtirib olishdan ko‘ra maqbulroq chora topildi.

Qonunni yaxshilab o‘qing: fuqarolarga o‘qotar qurol sotish haqida umuman gap yo‘q! Ovchilar va sportchilar shu paytgacha o‘qotar qurol bilan muomala qilishar edi, shu yanada qat’iy nazoratga olinyapti. Qolgan fuqarolarga elektroshoker, pnevmatik va gazli qurollar ishlatishga ruxsat berilyapti. Bularni hozir ham istalgan sport buyumlari do‘konidan sotib olish mumkin. Lekin endi bemalol sotib olishga yo‘q, ruxsat olish kerak, uchetga turish kerak.

Aslida, alvido qurol degani-ku bu.

«Kimdir qurol biznesi bilan shug‘ullanmoqchi» degan gap yuribdi. To‘g‘ri, biz lobbistlardan va proteksionizmdan shu qadar charchadikki, har narsa ko‘zimizga qo‘sha ko‘rinyapti. Lekin bu safar unday emas.

 Tinch mamlakatda, odamlar bir-biri bilan nari borsa mushtlashib masalasini hal etib turgan sharoitda kim qurol sotib foyda ko‘zlashni o‘ylaydi? Kim eshigimiz tagiga qurol olib kelib sotaman deb turibdi? Bizda faqat ijtimoiy tarmoqda odamlar bir-birini otgani o‘qi yo‘q, hayotda birpasda bir lagan osh ustida kelishib ketishadi.

Unda nega bu qonun kerak bo‘lib qoldi? Qichimagan joyni qashlash zarurmidi?

Sabab yuqorida birmuncha oydinlashtirildi. Qonundan maqsad quroldan kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olish, har bir tig‘, gilza yoki gaz ballonchasini nazoratda ushlab turish.

Xullas, tinchlaning, odamlar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring