Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qush tilini topganlar yoki qushlarning «nikoh  raqsi»ni ko‘rganmisiz?

Qush tilini topganlar yoki qushlarning «nikoh  raqsi»ni ko‘rganmisiz?

Foto:«Xabar.uz»

Qushlar... Ularning   turi, zoti, nomi, ko‘rinishi, sayrashi, patlari ming xil. Yer yuzida qushlar behisob.  Birgina O‘zbekistonimizda 400 dan ziyod qush turlari mavjud. 

Ana shunday qushlardan biri yo‘rg‘a tuvaloqdir. Navoiy viloyatida  ana shu noyob qushlarni ko‘paytirib, yovvoyi tabiat qo‘yniga uchirish bilan shug‘ullanadigan markaz faoliyat ko‘rsatadi.  Yurtimizning betakror tabiati, issiqligi,   o‘ziga xos  kengliklari bu qushning ko‘payishi uchun juda mos  iqlim hisoblanadi. Bu markaz Amirliklarning Yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi  (AYTAM) deb nomlanadi va u Birlashgan Arab Amirligi Vitse-Prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligining hokimi Shayx Muhammad Bin Roshid Ol Maktum Janobi oliylari tashabbusi bilan 2008 yilning aprelida tashkil etilgan.

Mazkur markaz faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida   viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi  va Amirliklarning Yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi hamkorligida tashkil etilgan mediaturda bo‘ldik.

Quyoshning ayni tig‘i tushadigan   Samarqand va Buxoro oralig‘ida Karmana tumanining cho‘l hududida  joylashgan 300 gektar  maydonni  tashkil etgan mazkur markaz darvozasidan kiraverishdayoq bu yerda noyob   va go‘zal  mavjudotlar parvarishlanayotganligini his etish qiyin emas.

-Osiyo yo‘rg‘a tuvalog‘i yo‘qolib ketish xavfi ostidagi qush turi hisoblanib, Tabiatni muhofaza  qilish Xalqaro ittifoqi tomonidan zaif deb ta’riflangan,-deya  izoh berdi bizni markazda kutib olgan ish boshqaruvchi Rustam To‘xtamurodov.-Bu qush  Markaziy Osiyoda ko‘payadigan ko‘chib yashaydigan qush hisoblanadi. Bu yerda qushlarni tutqunlikda ko‘paytirishning asosi- genetik xilma-xillikka ega bo‘lgan qushlarni o‘zidan ko‘paytirishga asoslangan.–Genetik va ishlab chiqarish boshqaruvini amalga oshirish uchun Markazda yo‘rg‘a tuvaloqlarni sun’iy yo‘l bilan ko‘paytiriladi. Qushlarni sun’iy ko‘paytirish dasturiga qo‘shimcha qilib, yovvoyi populyasiyani samarali mustahkamlashga erishish maqsadida Markaz tabiatdagi tuvaloqlarni ekologik muhitini kuzatishni ham  amalga oshiradi. Ushbu ekologik ishlar bir necha yil avval boshlangan bo‘lib, bu qushlarning nikoh raqsi va tuxum qo‘yish joylarini belgilash, bahor mavsumida tuvaloqlar populyasiyasining zichligini aniqlash, ko‘payish samaradorligini kuzatish va ularni oziqlanish joylarini baholash bilan bir qatorda genetik tahlillar uchun biologik namunalar olishni o‘z ichiga oladi.

Qushlarning yashash joyi,   qushchalarning inkubatsiyadan chiqishi, oziqlantirish, ularni dastlabki parvarish qilish joylari, tabiat qo‘yniga uchishga tayyorlanadigan  joylarning alohida-alohida ekanligi jarayonning tizimli tashkil etilganligini ko‘rsatib  turibdi.  

–Bu yil juda barakali keldi,-deydi   markaz laboranti Nilufar Husenova.- Hozirgi mavsumda har qachongidan ko‘ra ko‘p ya’ni  7816 dona tuxum olindi. Bu yerda ishlab nafaqat qush tilini o‘rganib oldik, balki ingliz tilini ham  o‘rgandik. Hozir hammamiz ingliz tilida xuddi o‘z ona tilimizdagidek bemalol gaplashamiz.

Foto:«Xabar.uz»

Darhaqiqat, markazda   uzoq yillik hamkorlik loyihasiga asosan mas’ul lavozimda ishlayotgan fransiyalik  Alla  Deller   xonim bilan  ingliz tilida suvday sharros gaplashayotgan  qushboqar  yigit-qizlarga havasimiz keldi. 

-Qushning jo‘jalari  tuxumdan 21 kunda ochiladi, -deydi  qushboqarlar bo‘limi mas’uli Dilrabo Hoshimova.-Ellikka yaqin ishchi ularni o‘n kunga qadar parvarishlaymiz. Ayni paytda 750 ta palapon bor.- Keyin 15-20 kun ularga qo‘ldan alohida-alohida ovqat beriladi.  20 kunlik bo‘lgandan keyin o‘z nasibalarini o‘zlari terib yeyishni o‘rganishadi.   Ular bir oylik bo‘lgandan keyin maxsus  keng va uzun tunellarda uchishga tayyorlanadi. 45 kunlikdan 90 kunlik bo‘lguncha ya’ni avgust  va sentyabr oylarida  tabiat qo‘yniga uchiriladi.  Barcha  qushlar veterinar Sanjar Isomiddinov rahbarligida  2 marta emlanadi.  Osmonga parvoz qilishi uchun  5 ta pati bo‘lishi kerakligini kuzatamiz, uchishga oson bo‘lishi uchun diyetaga amal qilishlarini ta’minlaymiz.

 Yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra,  2012 yildan buyon shu vaqtga qadar markaz tomonidan 10 mingga yaqin yo‘rg‘a tuvaloq yovvoyi tabiatga uchirilgan.

Yo‘rg‘a tuvaloqlar garchi  qafaslarda  parvarishlanayotgan bo‘lsa-da, ular o‘zlarini tutqunlikda emas, erkin va baxtiyor  his etishlarini  raqsga tushishlari, qanotlarini yoyib turli ko‘rinishlarga kirishlari misolida yaqqol ko‘rish mumkin. 

Marusa Hosilova

                     

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring