Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident tashabbusi samarasi. «Samarqand katta mehmonxonaga aylandi»

Prezident tashabbusi samarasi. «Samarqand katta mehmonxonaga aylandi»

Foto: «Gosamarkand.uz»

Navro‘z bayrami arafasida Samarqand shahriga safar uyushtirgan «Xabar.uz» sayti ijodiy guruhi Prezident tashabbusining yaqqol samarasiga guvoh bo‘ldi.

Bu yilgi bayram avvalgilaridan juda farq qiladi: uning shukuhi o‘zgacha, oldingilaridan ulkanroq tantana qilinmoqda, har bir inson bu o‘zgarishlarni chin dildan his etmoqda. Ammo biz e’tiboringizni butunlay boshqa jihatga qaratmoqchimiz — bu yilgi Navro‘z bayrami arafasida Prezidentimiz tashabbusi bilan besh kunlik ta’til kunlari belgilandi, yo‘lkiralarga, mehmonxonalarga chegirmalar joriy qilindi. Xo‘sh, natija qanday bo‘ldi?

Ishonch bilan aytish mumkinki, natija kutilganidan-da a’lo! Toshkentdan Samarqandga yetib borgunimizga qadar sayyohlarni olib ketayotgan hashamdor avtobuslarning o‘ttizdan ortig‘ini sanadik. Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi atroflari xalq saylini eslatadi. Yevropa, AQSh, Malayziya, Indoneziya kabi davlatlar qatorida qardosh davlatlardan kelgan mehmonlar ham ochiq osmon ostidagi muzeyni ko‘zlari yonib kezib yuribdilar. Ayniqsa, tojikistonlik mehmonlarning ko‘pligi quvonarli.

— Biz ikkinchi yurtimizni kashf qilganday bo‘ldik, — deydi xo‘jandlik Rahimberdi ismli mehmon. — Shahar o‘ziga maftun etadi, tarixiy obidalar sehrli ertak go‘yo, eng muhimi, samimiy munosabatlardan ko‘nglingiz tog‘day ko‘tariladi. 

— Shahrimiz go‘yo ulkan mehmonxonani eslatmoqda, — deb jilmayadi samarqandlik Farhodjon Bahriyev. — Sayyohlar ko‘pligidan barcha maskanlar bir necha oylik buyurtma olib qo‘yishgan. Bu gapim mubolag‘a tuyular, shahar ahli tashrif buyurgan va mehmonxonalardan joy topishga qiynalayotgan sayyohlarni o‘z uylariga hech qanday to‘lovlarsiz, shunchaki mehmondorchilikka va tunashga taklif etayotganiga bir necha marta guvoh bo‘ldim. Tarixiy obidalar va bozorlardan tashqari muzeylar, milliy tamaddixonalar nihoyatda gavjum. Biz shuncha imkoniyatlarimizdan yillar davomida nega foydalanmay kelganmiz, hayronman? Prezidentimiz bejizga jon kuydirib, turizmga alohida e’tibor qaratmagan ekanlar.

Navro‘z bayramida Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev singari hurmatli mehmonning ham Samarqandga tashrif buyurishi yuksak mehmon va xalqaro bayramni kutayotgan shaharning ko‘rkiga yanada ko‘rk qo‘shmoqda.

Registonni kechasi tomosha qiling ekan! Ming xil chiroqlar og‘ushidagi tungi Registonni sayr qilish hamda qadimiy maydonda namoyish etilayotgan 3D o‘lchamdagi zamonaviy tomoshalarni ko‘rish uchun yuzlab samarqandliklar va shahar mehmonlari, shuningdek, ko‘plab chet ellik sayyohlar shu yerda jam bo‘lishgan. Turli tillarda so‘zlashayotgan insonlar xoh mehmon bo‘lsin, xoh mezbon, bir-birlariga kulib qarab, lutfu ehson ko‘rsatayotganlarni, hammaning yuzida xursandchilik, shukrona, do‘stona samimiylik aks etib turganini ko‘rib, beixtiyor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yurtimiz, xususan, Samarqandda turizmni rivojlantirishda hali imkoniyatlarimiz juda katta va beqiyosligi haqida so‘zlaganlarida qanchalar haq ekanliklariga guvoh bo‘ldik.

— Samarkand is beautiful! — dedi bir yapon xotin Tillakori madrasasini imlab ko‘rsatib. – U juda chiroyli!

Samarqandga, albatta, keling! Bag‘riga barchani sig‘dira oladigan bu muazzam shahar har bir sayyohning qalbida unutilmas taassurotlar qoldira oladi.

Abror Zohidov

Samarqanddan «Xabar.uz» uchun maxsus.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring