Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

San’at Umarovga rahmat!

San’at Umarovga rahmat!

Albatta, ichki ishlar xodimlarining hammasi ham unaqa emas. San’at Umarovning qilmishini ularning aksariyati hatto tasavvur ham qila olmaydi.

Foto: «Xs.uz»

Kattaqo‘rg‘onga borganmisiz? Samarqanddan taxminan 90 kilometr naridagi tuman, markazida shu nomli shahar joylashgan. Anchagina yirik, hatto teatri ham bor. Bu hududdan yetishib chiqqan shoirlar tufayli Kattaqo‘rg‘on adabiy muhitini Qo‘qon adabiy muhitiga mengzaganlar ham talaygina. Ammo bugun hech kim Kattaqo‘rg‘onning ijobiy jihatlarini eslamay qo‘ydi. Diana fojiasi va buning ortidan majburiy mehnatga chek qo‘yilishi katta voqeaga aylanib, hali suroni bosilmay turgan bir paytda ichki ishlar tizimidagi tizimli muammo tasodif tufayli ommaga oshkor bo‘lib ketdi. Bir ayol yalang‘ochlandi, buning ortidan butun soha muammolari yalang‘ochlanib bo‘y ko‘rsatdi...

O‘z hikoyalarining birida Aziz Nesin taxminan shunday deydi: «Muxbirlar bilan suhbatlasharkan, ichki ishlar vaziri o‘ta bema’ni bayonot berdi. Uning fikricha, bo‘limlarda mahbuslar aslo kaltaklanmas ekan...».

Bizning ham Kattaqo‘rg‘on voqeasiga juda bir noyob hodisa sifatida qarashimiz taajjublanarli. Panjaralar ortida bo‘y cho‘zgan, derazasiga qora tortilgan, yerto‘lalari Aliboboning g‘orlariday sirli binolarda kechayotgan jarayonlardan hammamiz xabardor edik. Andisha qilardik, dalilimiz bo‘lmasdi, aytib isbotlay olmasdik, ichimizga yutib ketaverardik xullas. Shu o‘rinda alohida ta’kid — San’at Umarovga «rahmat»! U bugun hammaning qarg‘ishiga qolish va bir umrlik tamg‘ali bo‘lish bilan birga o‘zi ishlab turgan sohaning muammolarini ham oshkor qilib qo‘ydi!

Mixail Saakashvilini hamma taniydi. O‘zi gruzin bo‘lsa-da, AQSh fuqaroligiga ega siyosatchi, ma’lum muddat Gruziyada prezidentlik ham qilgan. Biz uni asosan Rossiya ommaviy axborot vositalari orqali taniymiz va aynan ularning taqdimotiga asosan baho beramiz. Ularga ishonsak, Saakashvili bir kazzob, ayg‘oqchi, vatan xoini. Mayli, ular o‘z fikrida qolaqolishsin. Ammo korrupsiya botqog‘iga botgan, iqtisodi muntazam orqaga ketayotgan, ko‘plab sohalar qatori kuchishlatar tizimlarda ham boshboshdoqlik avj olgan bir davlatni qabul qilib olgan Saakashvili bu muammolarni yengishda katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Uning islohotlaridan biri aynan ichki ishlar sohasida bo‘lgan. Xususan, u deyarli barcha ichki ishlar amaldorlarini bo‘shatgan, yangi xodimlarining maoshlarini oshirgan, bo‘limlar oynavand devorlarda bo‘lishini ta’minlagan, ya’ni har qanday so‘roq jarayonlari hammaning ko‘z o‘ngida bo‘lgan. Qisqa muddat ichida bu kichik davlat korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Garchi juda boyib ketmagan bo‘lsa-da, Gruziya hozir ancha tartibli va qonunga bo‘ysunuvchan insonlar davlatiga aylanib ulgurdi.

Bizda ham so‘nggi islohotlarda ichki ishlar tizimi alohida o‘rin tutdi. Xodimlarni moddiy jihatdan ta’minlash bo‘yicha ancha ishlar amalga oshirildi, ularga xizmat uylari va avtomobillar berildi. Ammo San’atning san’ati hali bu sohada madda boylab yotgan yaralar ko‘pligini ro‘y-rost ko‘rsatib berdi.

Bugun ham «otdel»ga olib kirib ketilgan insonning qay ahvolda chiqishi, qanday tahqirlanishini faqat taxmin qilishimiz mumkin. Chunki bino darvozasining taxminan 50 qadam berisidanoq bir xodim sizni boshdan-oyoq tekshiradi, telefoningizni olib qo‘yadi. Avaxtalarni eslatuvchi panjara ortida yuziga niqob tortgan avtomatli askar sizga dushmanni topgandek nigoh tashlaydi. Eshikdan kirishingiz bilan o‘zingizni ojiz va notavon sezasiz. Ortingizdan kim so‘rab kelmasin sizni ko‘ra olmaydi...

Albatta, ichki ishlar xodimlarining hammasi ham unaqa emas. San’at Umarovning qilmishini ularning aksariyati hatto tasavvur ham qila olmaydi. Lekin ozchiligi shunday yo‘l tuta olishga qodir ekanligi ham dahshat! Chunki ko‘pchilikning ozchiligi ham ko‘pchilik bo‘ladi!

So‘nggi yillarda o‘zgarayotganimiz rost. Avvallari bunday videoning chiqishini ham, San’at Umarov kabi xodim ishdan chetlatilishini ham, holatga katta-yu kichik amaldorlarning munosabat bildirishini ham, eng muhimi biz — jurnalistlaru oddiy odamlar bu kabi voqealardan junbushga kelganimizni yashirmay qoralashimizni ham tasavvur qila olmasdik.

Ammo har qanday yaxshi o‘zgarish uchun kimnidir qurbon qilishimiz shartmi? Majburiy mehnatga chek qo‘yish uchun Diana jonidan kechdi, ichki ishlardagi tahqirlar ochilishi uchun bir ayol nomusini qurbon qildi. Bu hali faqat biz bilganlarimiz, bilmaganlarimiz qancha ekan? Nahot biz jiddiy muammolarni yechish uchun ana shunday holatlarni kutib yashayveramiz?!

Hozircha savollar ko‘p...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring