Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatidagi kamchiliklarni birma-bir sanab o‘tdi

Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatidagi kamchiliklarni birma-bir sanab o‘tdi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 28-dekabr kuni kimyo sanoati korxonalarining bugungi moliyaviy-iqtisodiy holati va sohani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kimyo sanoatida yutuqlar bilan bir qatorda uzoq yillar davomida saqlanib kelgan tizimli muammolar ham bor. Masalan, mineral o‘g‘it ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalari og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan.

— Qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishga umuman e’tibor berilmagani yoki masalaga yuzaki yondashilgani ushbu sohadagi o‘zaro hisob-kitoblar tizimida nuqsonlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda, — dedi Prezident.

«O‘zkimyosanoat» AJga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-2019-yillarda kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va raqobatbardoshligini oshirishning aniq chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

E’tibor qaratish lozim bo‘lgan yana bir muammo — asosiy texnologik uskunalarning eskirganidir. Buning oqibatida ishlab chiqarishning texnologik tartiblari izdan chiqmoqda, mablag‘ yetishmasligi sababli uskunalar joriy va kapital ta’mirdan o‘tmayapti.

Yig‘ilishda ilmiy-tadqiqot, malaka oshirish va diagnostika markazlari hamda loyiha institutlari faoliyati tanqidiy tahlil qilindi. Kimyo sohasini rivojlantirish va jahon bozorlarida raqobatbardoshlikni ta’minlash, tarmoqni tubdan diversifikatsiyalash ko‘p jihatdan ilmiy-tadqiqot, loyihalash, injiniring, diagnostika markazlari va, asosiysi, malakali kadrlar salohiyati bilan bevosita bog‘liqdir. Ammo bu yo‘nalishdagi ahvol ham hozircha qoniqarsiz holatda.

Shundan kelib chiqqan holda, «O‘zkimyosanoat» AJga tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, Janubiy Koreya kimyoviy texnologiyalar tadqiqotlari instituti bilan birgalikda «O‘zkimyosanoatloyiha» loyihalash instituti va Toshkent kimyoviy texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti negizida ilmiy-tadqiqot, injiniring va loyihalash, diagnostika hamda xodimlar malakasini oshirish yo‘nalishlarini o‘zida mujassam qilgan yagona markazni yaratish vazifasi topshirildi.

Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring