Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Xovosdagi g‘o‘za dalasini ko‘zdan kechirdi

Shavkat Mirziyoyev Xovosdagi g‘o‘za dalasini ko‘zdan kechirdi

President.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xovos tumanidagi «Saxovat» fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, g‘o‘za rivojini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

«Bek klaster» korxonasiga qarashli mazkur xo‘jalikda joriy mavsumda g‘alladan 455 tonna hosil olinib, 314 million so‘mdan ziyod sof foyda ko‘rilgan. Bo‘shagan maydonga eksportbop dukkakli ekinlar ekilgan.

Hozirda 50 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda.

Davlat rahbari dalaga kirib, paxta rivojini ko‘zdan kechirdi.

Bu yerda Sardoba suv ombori qurilgan, zararkunandalarga qarshi kurashish uchun Sirdaryo viloyatiga budjetdan 10 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan.

— Dalaga chiqishdan maqsad nima o‘zi? Daromad topish! Daromadni esa birinchi navbatda qo‘shimcha hosil ta’minlaydi. Shuning uchun terimgacha har bir tupga kamida beshtadan ko‘sak, gektariga besh sentnerdan paxta qo‘shishga harakat qilish kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda viloyat tumanlari va sektorlar rahbarlari, nuroniylar, fermer va tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘ldi. Unda qishloq xo‘jaligi va kichik biznesni rivojlantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.

Sirdaryo viloyatida bu yilgi hosil uchun 73 ming gektar maydonda chigit ekilgan. Bahor oylari seryog‘in kelgani oqibatida ayrim maydonlar buzilib, qayta ekilgan.

Viloyat va soha mutasaddilariga qoloq maydonlarning har bir konturi bo‘yicha nazoratni yo‘lga qo‘yib, biostimulyatorlar bilan ishlov berish, barcha agrotexnik tadbirlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bu yil paxtaning xarid narxi o‘tgan yilgiga nisbatan qariyb 1,3 barobarga ko‘paytirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring