Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

ShHT davlatlari bosh ekologlari Toshkentga kelyapti

ShHT davlatlari bosh ekologlari Toshkentga kelyapti

27 may kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti(ShHT)ga a’zo davlatlarning atrof-muhit masalalari bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

ShHTga a’zo sakkiz davlatning yuqori martabali delegatsiyalari va ekspertlari Tashkilot kotibiyati vakillari ishtirokida zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb vazifalarini muhokama qiladi.

«Hozirgi vaqtda iqlim o‘zgarishi, o‘simlik va hayvonot dunyosining yo‘qolishi, yerlarning tanazzulga uchrashi va suv resurslarining kamayishi kabi global ekologik muammolar ko‘plab mamlakatlar uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu muammolar Yevroosiyo hududining 60 foizini egallagan va 3,2 milliarddan ortiq aholi istiqomat qiladigan ShHTning ulkan hududiga ham xosdir. Bu borada ShHTga a’zo davlatlar bosh ekologlarining Toshkent yig‘ilishi ham dunyo jamoatchiligining katta e’tiborni tortmoqda», deyiladi TIV xabarida.

ShHTning bu yo‘nalishdagi birinchi hujjati Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik konsepsiyasini tasdiqlash bo‘lgan. Mazkur hujjatni amalga oshirish maqsadida 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan Konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi qabul qilingan.

Toshkent uchrashuvida tomonlar atrof-muhit monitoringi, bioxilma-xillik, tabiiy hududlarni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, ilmiy-texnikaviy hamkorlik, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish va salohiyatni oshirish kabi dolzarb yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashadilar.

Vazirlar uchrashuvi yakunlari bo‘yicha tashkilot doirasida ShHTning Atrof-muhitga oid ma’lumotlar almashinuvi platformasini birgalikda yaratish dasturi tasdiqlanishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring