Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqni saqlash vazirligi: «2019 yilda 110 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi»

Sog‘liqni saqlash vazirligi: «2019 yilda 110 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi»

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Toshkent shahrida sog‘liqni saqlash sohasida birinchi Xalqaro investitsiyaviy forumi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar qildi.

Forumda Rossiya, Xitoy, Fransiya, Gretsiya, Hindiston, Belarus, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya va yaqin qo‘shnilarimiz – Qozog‘iston, Tojikiston va Ozarbayjon singari o‘ndan ziyod mamlakatlardan xorijiy kompaniyalar hamda O‘zbekiston tibbiyot va farmatsevtika sanoati vakillari faol ishtirok etishmoqda.

Forumda qayd etilishicha, bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasida investitsiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilib, umumiy qiymati 600 million AQSh dollaridan ziyod 17 istiqbolli sarmoyaviy loyiha ishlab chiqilmoqda. Loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda jami 23 million AQSh dollariga teng to‘rtta investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi. Jumladan, Turkiyaning «Cani Med Health» kompaniyasi sarmoyadorlari bilan birgalikda laboratoriya markazini, Hindistonning «Pratiksha Hospital Group» bilan hamkorlikda ko‘ptarmoqli  markazni tashkil etish, «Khalifa Bin Zayed AI NahyanFoundation» arab kompaniyasiko‘magida “Ona va bola” klinikasini qurish va jihozlash, Germaniyaning KfW banki tomonidan esa mintaqaviy tibbiyot markazlarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash kabi loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Ayni paytda xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida nafaqat poytaxtda, balki mamlakatning barcha hududlarida 50 ga yaqin yirik xususiy tibbiyot muassasalari tashkil etilgan.

Ta’kidlanishicha, 2018 yilda sog‘liqni saqlash sohasidagi xalqaro moliya institutlari ko‘magida 24 mln. AQSh dollari oltita loyihani amalga oshirishga sarflangan. 2019 yilda bu ko‘rsatkich bir necha baravarga oshib, yil oxirigacha 110 mln. AQSh dollari qiymatida sakkizta loyiha amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yilda farmatsevtika sanoatida 96 mln. AQSh dollariga teng 34 ta investitsiyaviy loyiha, shu jumladan, 7 ta erkin iqtisodiy zonada 61 mln. AQSh dollari qiymatidagi 8 ta loyiha amalga oshirildi. Bundan tashqari, ushbu zonalarda 169 million AQSh dollariga teng 30 loyihani amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda jami 485 million AQSh dollariga teng investitsiya loyihalari amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish istiqbollari, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sanoatining sarmoyaviy salohiyati, davlat-xususiy sektor hamkorligi asosida sanoat rivojlantirish va O‘zbekistonda tibbiy turizmni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.

Forum doirasida B2B hamkorlik kooperatsiyasi birjasi ham bo‘lib o‘tadi. Shuningdek Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan «O‘zekspomarkaz»da «Sog‘liqni saqlash – TIHE 2019» 24 – Xalqaro sog‘liqni saqlash ko‘rgazmasi tashkil etilib, unda 22 mamlakatdan 250 kompaniya va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tibbiy jihozlar, laboratoriyalar, farmatsevtik va stomatologik asbob-uskunalar, dori-darmon mahsulotlari bilan ishtirok etishmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring