Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

SOS: Bolalar qayerga yo‘qolmoqda?! (video)

SOS: Bolalar qayerga yo‘qolmoqda?! (video)

Eng muhimi — bunday holatning oldini olish. Farzandlarimizni bir daqiqa ham qarovsiz va e’tiborsiz qoldirmasligimiz shart!

Foto: «xabar.uz»

2016-yil... Asaka tumanida yashovchi, 55-maktabning birinchi sinf o‘quvchisi, sakkiz yashar Ëqutoy Rustamjonova 6 aprel kuni darsdan chiqqanidan keyin uyiga bormagan. Nafaqat tuman, balki Andijon viloyatidagi barcha militsiya xodimlari yo‘qolgan qizni qidirishga safarbar qilingan. Qizginaning surati har bir ko‘cha, har bir uy, hatto avtomobillarga ham yopishtirib chiqildi. Ammo ikki yil vaqt o‘tdi hamki, qidiruvlar natija bermadi, Ëqutoy topilmadi...

Yaqinda poytaxtda Mubina ismli sakkiz yashar qizning yo‘qolgani haqida xabar tarqaldi. Ota-onasining, yaqinlarining baxtiga bu qiz tez orada topildi.

Ota-ona uchun farzandidan ajralish eng og‘ir azob bo‘lsa, jigargo‘shasining bedarak yo‘qolishi aqldan ozdirgudek mavhumlik, dahshatli arosat ekanligi hammaga ayon. Ammo, ming afsuski, bolalar turli sabablarga ko‘ra baribir yo‘qolib turadi, aksariyati keyinchalik topilsa-da, ayrimlari mutlaq bedarak ketadi...

Dunyo bo‘yicha bu boradagi statistika bilan tanishib, dahshat va hayratdan yoqa ushlaymiz. Jahonda har yili o‘rta hisobda 8 million nafar bola yo‘qolarkan! Axir bu yirik megapolis yoki o‘rtacha bir davlat aholisi bilan teng. Qolaversa, bedarak ketganlarning norasida go‘dak ekanligi va himoyasiz qolishi mumkinligi vaziyatni yanada chigallashtiradi.

Bu o‘rinda alohida ta’kidlash kerakki, davlatning rivojlanganligi va boyligi, shuningdek, politsiyaning samarali ishlashi bolalar yo‘qolmasligining kafolati emas. Masalan, Yevropa ittifoqida har yili 250 000 nafar, ya’ni har ikki daqiqada bittadan bola yo‘qoladi. AQShdagi ma’lumotlar esa yanada qo‘rqinchli. Har yili politsiyaga farzandini yo‘qotgan ota-onalardan 450 000 tadan 800 000 tagacha murojaat kelib tushadi. Rossiyada har yili 15 000 bola yo‘qolgani ro‘yxatga olinadi va ularning ko‘pchiligi notinch oilalarning farzandlari ekanligi qayd etiladi. 

Bu boradagi eng og‘ir holat Afrika va Osiyoning ba’zi davlatlarida kuzatiladi. Garchi ularda aniq statistika yuritilmasa-da, vaziyat og‘irligi ko‘pchilik tashkilotlar tomonidan qayd etilgan.

Dunyo bo‘yicha bedarak yo‘qolgan bolalarning ko‘pchiligi odatda adashib qolib, o‘z ota-onasini butkul unutib yuboradi, jinoiy guruhlar tomonidan farzandsiz oilalarga sotiladi yoki yanayam dahshatlisi — a’zolar uchun pullanadi. Albatta, bunday holatlar ko‘p emas, lekin bola o‘g‘irlash bilan shug‘ullanuvchi xalqaro jinoiy guruhlar borligi allaqachon o‘z isbotini topgan. Lekin yo‘qolganidan keyin 15 yil o‘tib topilgan yoki ulg‘ayganidan keyin o‘zi ota-onasini surishtirib kelganlar ham uchraydi. Shu bois bedarak ketgan bolalarning ota-onalari hadik bilan birga umid bilan ham yashaydilar.

Muammo shu qadar dolzarbligi bois har yili 25-may «Xalqaro yo‘qolgan bolalar xotirasi kuni» deb belgilangan. Buning ham o‘ziga yarasha tarixi bor. 1979-yilning 25 -may kuni uyiga qaytayotgan Evian Peyts degan bola yo‘qolib qoladi. Voqea katta shov-shuvga sabab bo‘ladi va uni hamma izlashga tushadi. Lekin qidiruvlar natija bermaydi, oradan to‘rt yil o‘tib, AQSh prezidenti Ronald Reygan 25 may «Xalqaro yo‘qolgan bolalar xotirasi kuni» sifatida belgilanishini ma’qullaydi. Oradan yana bir yil o‘tib, yo‘qolgan bolalarni qidirish bilan shug‘ullanuvchi maxsus tashkilot (ICMEC — International Centre for Missing & Exploited Children) tuziladi. Dastlab bu tashkilotga 22 davlat a’zo bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik ular soni yuzdan ortadi.

Albatta, statistika dahshatli... Ammo bir jihatga e’tibor berish shart — bu bola yo‘qoldi deb murojaat qilingan holatlar. Bolalarning aksariyati ko‘p o‘tmay topiladi. Ularning ko‘pchiligi kimdandir arazlab qochib ketgan, biror joydaligini ogohlantirishni unutgan yoki shunchaki bekinmachoq o‘ynagisi kelgan bo‘ladi. Lekin baribir bu vaziyatga jiddiy qaramaslikka asos bo‘la olmaydi.

Masalan, AQShda bola yo‘qolishi bilan bog‘liq har qanday murojaat kelib tushishi bilan «Amber Alert» tizimi ishga tushiriladi. Bu tizim 1996-yildan buyon ishlaydi. Aynan shu yili 9 yoshli Amber ismli qizaloq yo‘qoladi va fojiali halok bo‘ladi. «Alert» so‘zi esa trevogani anglatadi. «Amber Alert» tizimi ishga tushganidan keyin o‘sha hududdagi har bir ommaviy axborot vositasi, ko‘chadagi ekranlar bolaning suratini qayta-qayta e’lon qilaveradi, ko‘ngillilar bola suratini ko‘targancha gavjum joylarni aylanishadi, har bir kovakka kirib chiqiladi. Ishga, tabiiyki, politsiya aralashadi va hatto boshqa hududlar vakillari ham jalb qilinadi.

Tizimning samarali ishlashi tufayli 99 foizgacha bola topiladi.

Boshqa davlatlarda ham samaradorlik bu darajada bo‘lmasa-da, bolalarning ko‘pchiligi topilib, uyiga qaytariladi.

Yurtimizda bu borada aniq statistik ma’lumotlar e’lon qilinmagan. Ammo shunisi aniqki, bizda bolalar yo‘qolishi unchalik ko‘p emas. Lekin bunday holat bitta bo‘lsa ham ko‘p, bir oilaning fojiasi ham hammaga og‘ir dard bo‘ladi. Hozir yurtimizda bunday holatga hech kim befarq emasligi quvonarli. Bola yo‘qolgani e’lon qilinishi bilan ijtimoiy tarmoqlar larzaga keladi va deyarli hamma o‘z yordamini taklif etadi. Bu yurtdoshlarimizning ezgu ishlarga hissa qo‘shish istagi kuchli ekanligidan, o‘zganing dardiga befarq emasligidan dalolat.

Ayniqsa, xalqimizga xos sabr xislati va umid ilinji bedarak ketgan bolalar ham har kuni duo bilan eslanishiga hamda qaytishi kutilishiga sabab bo‘ladi. Xususan, asakalik Yoqutoy Rustamjonovaning onasi Shahnoza Soliyeva bilan suhbatlashganimizda hanuz jigargo‘shasining qaytishini kutishayotganlarini va har bir xabarga umid bilan qarashlarini aytdi. Qidiruvdan aslo to‘xtamasliklarini bildirarkan, onaizor hech bir onaning boshiga bunday ko‘rgulik tushmasligini duo qildi.

Eng muhimi — bunday holatning oldini olish. Farzandlarimizni bir daqiqa ham qarovsiz va e’tiborsiz qoldirmasligimiz shart!

Bolalar qayerdaligi to‘g‘risida xabar jo‘natib turuvchi va yo‘qolishining oldini oluvchi moslama yaratgan ixtirochi haqidagi filmda ixtirochi olim shunday deydi: «Men ixtiro qilgan moslama bolalaringiz yo‘qolmasligiga kafolat bermaydi. Unutmang, bolalarimizdan ayrilishimizning oldini olishda eng muhimi biz o‘zimiz ularning hayotidan yo‘qolib qolmasligimizdir».

Farzandlarimiz omon bo‘lsin!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring