Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Suriyadagi fuqarolarimizni qaytarish uchun ikkinchi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

Suriyadagi fuqarolarimizni qaytarish uchun ikkinchi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Suriyadagi fuqarolarni qaytarish uchun ikkinchi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Azon.uz portalida ma’lumot keltirilgan.

Shu yilning 30 may kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan, maxsus aviareysda 156 nafar vatandoshimiz, asosan ayollar va bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan yurtimizga qaytarilgan edi.

Ushbu ulkan ahamiyatga ega «Mehr» insonparvarlik operatsiyasi muborak Ramazon oyida amalga oshirilgani ham musulmonlarning qalbga katta surur bag‘ishladi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, amaliyotni o‘tkazishda bir qator xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar ko‘maklashgan.

Keyinroq Toshkent viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan video selektorda Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu operatsiya naqadar qiyin kechganini va yurtdoshlarimizning Suriya va boshqa davlatlarga ketib qolishiga o‘zimiz sababchi bo‘lganimizni aytib o‘tgan edi.

«Tan olish kerak, 156 nafar Suriyaga ketganlar biz ularga sharoit yaratib bermaganimiz uchun ketgan!

Suriyadan fuqarolarimizni katta qiyinchilik bilan olib keldik. U yerga uchgan birinchi samolyotimizni urib tushirish bilan tahdid qilishdi. Menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi, urib tushirishmoqchi deb. Men eng yaqin aeroportga qo‘nish haqida topshiriq berdim. Ular Ozarbayjonga qo‘nib, keyin ortga qaytishdi. Jangarilar lageriga 5 ta avtobusimiz kirib, 2 tasi qaytib chiqdi. Qolgan fuqarolarimizni bermadi», – degan edi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

CABAR.asia portali O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining ma’lumotlariga tayanib, yaqin Sharqdagi yurtdoshlarimiz haqida yangi ma’lumotlarni e’lon qildi.

O‘zbekiston maxsus xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlar zonasida hamon o‘zbekistonliklar qolmoqda. Va endi O‘zbekiston yana 177 ta fuqarosini qaytarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

«Ular hozir Suriyaning Al-Xasaka viloyatidagi «Al-Xol» lagerida. Ularning shaxslari aniqlangan. Ular 48 ta ayol, qolganlari esa bolalardan, jumladan uchta yetim boladan tashkil topgan» , – ma’lum qiladi DXX.

Ma’lumot manbalari

Umuman olganda, O‘zbekiston terroristik tashkilotlar qatoriga qo‘shilib qolgan fuqarolarini mamlakatga qaytarish bo‘yicha faol ishlar olib bormoqda. Asosiy e’tibor birinchi navbatda ayollar va bolalarga qaratilgan.

Shuningdek, xorijiy OAVlar Suriya va Iroq armiyalari bilan to‘qnashuvlar natijasida asirga tushgan O‘zbekistonning boshqa fuqarolari haqida ham xabar bermoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring