Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suv tariflari: narxlar nima uchun hududlarga qarab farq qiladi?

Suv tariflari: narxlar nima uchun hududlarga qarab farq qiladi?

Foto: “O‘ZSUVTA’MINOT”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi majlislar zalida «Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimlarida tarif siyosati, yechimini kutayotgan masalalar va istiqboldagi rejalar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zsuvta’minot» AJ mutasaddilari tomonidan jurnalistlarga ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari tariflarining shakllanishi, hududlar o‘rtasidagi narxlar tafovuti, tariflarni qayta ko‘rib chiqish zarurati, mavjud muammolar haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlarining barqarorligi bevosita tariflarga bog‘liq. Chunki tarif xizmat tannarxini qoplamasa, korxonalar tarmoqlarni ta’mirlash, yangilash va modernizatsiya qilish uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lmaydi.

Tariflar nima uchun hududlarda turlicha?

Tariflar o‘rtasidagi farq, avvalo, hududlarning tabiiy-geografik sharoiti, suv manbalarining joylashuvi, aholi zichligi va suvni yetkazib berish uchun sarflanadigan xarajatlar bilan bog‘liq.

Masalan, tog‘oldi hududlarida suv manbalari yaqin bo‘lgani uchun uni olish va tozalash xarajatlari nisbatan kam. Cho‘l hududlarida esa mahalliy suv manbalari kam va ko‘pincha sho‘rlangan bo‘ladi.  Shuningdek, aholi zichligi ham suv tannarxiga ta’sir qiladi. Shaharlarda bir kilometr quvur yuzlab xonadonga xizmat ko‘rsatsa, qishloqlarda bu ko‘rsatkich ancha kam. Natijada uzun quvurlarga xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va suvni nasoslar yordamida yetkazish xarajatlari ortadi.

Ma’lum qilinishicha, bir kub metr ichimlik suvi tannarxida elektr energiyasi xarajatlari 27 foizni, ish haqi 29 foizni, mukammal va joriy ta’mirlash 10 foizni, xorijiy moliya tashkilotlaridan olingan kreditlarni qaytarish 15 foizni, amortizatsiya va boshqa xarajatlar esa 19 foizni tashkil etadi.

Amaldagi tariflar va ularning oshishiga sabablar

Respublika bo‘yicha aholi uchun ichimlik suvining o‘rtacha tarifi bir kub metr uchun 3 765 so‘mni (QQS bilan 4 217 so‘m), oqova suv chiqarish xizmati tarifi esa 2 008 so‘mni tashkil etadi.

Eng past ichimlik suvi tarifi Toshkent shahrida — 1 400 so‘m. Bu tarif 2023-yil dekabrdan beri o‘zgarmagan. Eng yuqori tarif esa Surxondaryo viloyatida bo‘lib, 6 800 so‘mga teng.

Matbuot anjumanida tariflarni qayta ko‘rib chiqish zaruratiga ham to‘xtalib o‘tildi. So‘nggi yillarda suv tannarxi bilan amaldagi tariflar o‘rtasidagi farq kattalashgan. Bunga, asosan, elektr energiyasi narxining oshishi, eskirgan tarmoqlarni ta’mirlash xarajatlarining ko‘payishi hamda xalqaro moliya institutlaridan olingan kreditlar bo‘yicha majburiyatlar sabab bo‘lmoqda.

Qarzdorlik 542,6 milliard so‘mga yetgan

Anjumanda iste’molchilarning to‘lov intizomi masalasi ham ko‘tarildi. 2026-yil oktyabr holatiga «O‘zsuvta’minot» AJ tizimidagi jami qarzdorlik 542,6 milliard so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan qarzdorlikni undirish tartibiga o‘zgartish kiritilishi ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, qarzdorlik bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha bo‘lsa, notarius orqali, undan ortiq bo‘lsa, sud tartibida undiriladi. Qarzdorlik belgilangan tartibda bartaraf etilmagan taqdirdagina iste’molchining elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati cheklanishi mumkin. Mazkur tartib Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarga nisbatan qo‘llanilmaydi.  

2027 yildan tariflarni tasdiqlash tartibi o‘zgaradi

Matbuot anjumanida sohadagi istiqbolli rejalar haqida ham ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–140-son Farmoniga muvofiq, 2027-yil 1 yanvardan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi.

Yangi tartibga ko‘ra, tariflar har bir hududda alohida emas, balki yagona va iqtisodiy asoslangan mezonlar asosida ko‘rib chiqiladi. 2027-yil 1 apreldan esa budjet tashkilotlari uchun yagona tarif joriy etish rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring