Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

TATU talabalari o‘zbekcha ajoyib videoo‘yin yaratishdi. Endi uni to‘liq ishga tushirish uchun homiy kerak! (video)

TATU talabalari o‘zbekcha ajoyib videoo‘yin yaratishdi. Endi uni to‘liq ishga tushirish uchun homiy kerak! (video)

«Great way» video o‘yini haqidagi ilk ma’lumotlar «Facebook» ijtimoiy tarmog‘idagi «Maslahat.uz» guruhida paydo bo‘lgan edi. Unda o‘yinni yaratish jarayonidan lavhalar, suratlar taqdim qilinib, foydalanuvchilardan bu borada fikr so‘ralgan edi. «Xabar.uz» tahririyati o‘yin asoschilaridan biri Jamshid Eshnazarov bilan bog‘lanib, bu haqda to‘liq ma’lumot olishga kirishdi.

Jamshid Eshnazarov
Foto: J.Eshnazarovning shaxsiy arxivi

«Great way» o‘yinining yaratuvchilari: Elbek Sattorov — dasturchi, Jamshid Eshnazarov —modellashtiruvchi va dizayner, Adiz Amonov — modellashtiruvchi, Mirkamol Mirobidov — texnik maslahatchi.

Videoo‘yindan skrinshot

O‘yin haqida

«Great way» («Buyuk yo‘l») — buyuk tariximiz va bugungi kunimizni birlashtirib turuvchi yo‘l. Bu yo‘lda xalqimiz turli sinovlarni boshidan o‘tkazgan. Mard, jasur va dono ota-bobolarimiz bu qiyinchiliklarni sabr-qanoat bilan yengib o‘tishgan. Biz bu tarixni hech qachon unutmaymiz va buyuk ajdodlarimizning munosib davomchilari bo‘lamiz. Mazkur o‘yin xalqimiz o‘tmishining bir bo‘lagini jonlantirish maqsadida bir guruh o‘zbek yoshlari tomonidan ishlab chiqildi. O‘yin jarayonidagi ayrim xato va kamchiliklar uchun mualliflar avvaldan uzr so‘raydi.

Videoo‘yindan skrinshot
Videoo‘yindan skrinshot

— Jamshid, bu o‘yinni yaratishga nima turtki bo‘ldi?

— O‘yinni yaratish g‘oyasi ancha oldin paydo bo‘lgan edi, chunki ko‘pchilik tarixni to‘liq tasavvur qila olmaydi. Biz bu o‘yinni yaratish orqali yurtimizning tarixiy qiyofasini ozgina bo‘lsa-da ochib bermoqchi bo‘ldik. Barchamiz TATUning 4-bosqich talabasimiz.

Videoo‘yindan skrinshot
Videoo‘yindan skrinshot

— Bunday o‘yinlar bizda avval ham yaratilganmi?

— O‘ylashimcha, avval bunaqa darajada keng sahna va yuqori sifatli videoo‘yin yaratilmagan Hozir o‘yinni internetga joylash jarayoni ketmoqda, yaqin soatlar ichida uni yuklab olish va o‘ynab ko‘rish imkoni bo‘ladi. O‘yin uchun maxsus «greatway.uz» nomli veb-sahifa ham ishga tushirdik.

Videoo‘yindan skrinshot

— U o‘zbek tilidami?

— O‘yin hozircha demo variantda va o‘zbekcha, agar loyiha davom etadigan bo‘lsa, o‘yinni uch tilda yaratmoqchi edik.

— Demak, o‘yinni o‘ynash mumkin?

— Hozircha o‘yinni demonstrativ variantda taqdim etdik, bemalol o‘ynash mumkin, faqat bunda ssenariy yo‘q, biz o‘yin imkoniyatlarini ochib berdik, xolos. O‘yinning tugallanishi uchun ko‘p resurs kerak, katta jamoa, ko‘plab texnik qurilmalar va vaqt lozim.

Videoo‘yindan skrinshot
Videoo‘yindan skrinshot

— Endigi rejalar qanday?

— Ayni damda homiy topish maqsadida o‘yinni bir qator insonlarga ko‘rsatayapmiz. Homiy topilsa, yurtimizda o‘yinlar bozorini rivojlantirish niyatimiz bor. Homiy topilmasa, afsuski, biz uchun hammasi tugaydi, o‘qishni tamomlab barchamiz o‘z viloyatimizga qaytamiz yoki biron-bir chet el o‘yin kompaniyasiga ishga kiramiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring