Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Teletibbiyot orqali Turkmaniston, Afg‘oniston va Qirg‘izistondan sayyohlar jalb qilinadi

Teletibbiyot orqali Turkmaniston, Afg‘oniston va Qirg‘izistondan sayyohlar jalb qilinadi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Joriy yilning 21 may kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent Davlat stomatologiya instituti bilan hamkorlikda navbatdagi teletibbiyot texnologiyasiga asoslangan onlayn mahorat darsi tashkil etildi. Mazkur onlayn-treningni tibbiyot fanlari doktori, dotsent Sevara Rizayeva o‘tkazdi.



Mahorat darsi bir vaqtning o‘zida Jizzax viloyatidagi «Jizzax shifo» xususiy klinikasining stomatolog shifokorlari hamda stomatologiya oliygohi talabalari uchun o‘tkazildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, masofadan turib axborot almashuvi, ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflamasdan kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lish, masofadan turib davolash, maslahat berish, seminar darslarini o‘tkazish, monitoring qilish hamda tajriba almashishdan iborat.

Telediagnostika orqali O‘zbekiston fuqarolari mamlakatdan tashqariga chiqmay, eng yaxshi xorijiy ekspertlardan konsultatsiya olishlari mumkin bo‘ladi, bemorlar vaqti va mablag‘i tejaladi. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonda teletibbiyotni rivojlantirishga, respublikamiz tibbiyot turizmi imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘l ochadi hamda Turkmaniston, Afg‘oniston va Qirg‘iziston kabi qo‘shni davlatlar fuqarolarini O‘zbekistonga jalb qiladi.

Aytish joizki, joriy yilning 17 may kuni parlament quyi palatasida innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkillashtirilgan davra suhbatida ham telemeditsina institutini joriy etish, bunda uning huquqiy asosi hisoblangan O‘zbekiston Respublikasining «Telemeditsina to‘g‘risida»gi Qonun loyihasini ishlab chiqish, shuningdek, aholiga, ayniqsa chekka qishloqlardagi fuqarolarimizga qo‘lay sharoitlarni ta’minlashda «elektron poliklinika» tizimini keng joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Hozirda innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining chekka tumanlaridan biri Mo‘ynoq tumanida teletibbiyotga asoslangan innovatsion klinika tashkil qilish borasida ishlar olib borilmoqda. Natijada chekka tumanda istiqomat qiluvchi fuqarolarning vaqti va mablag‘ini tejagan holda o‘z yashash joyida sog‘lig‘i bo‘yicha kerakli ma’lumotlarni olish imkoniga ega bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring