Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Teshiktosh g‘ori kashfiyoti: biz bilgan va bilmagan tafsilotlar

Teshiktosh g‘ori kashfiyoti: biz bilgan va bilmagan tafsilotlar

foto: internet, ochiq manba

O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida Sheroboddaryo havzasini kompleks o‘rganish bo‘yicha o‘n yillik dastur tuzilgan bo‘lib, u O‘zbekiston Maorif Xalq komissarligi tomonidan tasdiqlanadi. Termizdagi o‘lkashunoslik muzeyi (o‘sha paytda Buxoro viloyatining Surxondaryo okrug davlat muzeyi deb atalardi) mazkur dasturni amalga oshirishga kirishadi. Shu maqsadda mintaqada tarixiy-arxeologik izlanishlar olib borib, moddiy madaniyat yodgorliklarini topish, hisobga olish va dastlabki o‘rganish, shuningdek, o‘lka tabiati, o‘simlik va hayvonot dunyosi bilan yaqindan tanishish maqsadida muzeyning komspleks ekspeditsiyasi tuziladi.

Muzeyga preparator, ya’ni dorivor giyoh yig‘uvchisi sifatida ishga qabul qilingan ovchi Ivan Fyodorovich Lomayev va uning turmush o‘rtog‘i Yekaterina Sergeyevna ekspeditsiya ishiga jalb qilinadilar. Ular 1938- yilning aprel-may oylarini Boysun va Ko‘hitang tog‘larida kezish bilan o‘tkazishadi, asosiy ishlarni ado etish qatorida hududning moddiy madaniyat yodgorliklarini ham hisobga olishadi, zarur bo‘lganda dastlabki tarzda o‘rganadilar va albatta o‘lka tabiati, o‘simlik va hayvonot dunyosi bilan yaqindan tanishadilar.

Ular Darband qishlog‘i atrofidagi g‘or va kamarlarni ham o‘rganib, qadimiy yodgorliklarni hisobga oladilar. O‘sha payti Machay taraflarda ajoyib g‘orlar mavjudligini eshitishgan va tabiiyki, u tomonlarda ham bo‘lishgan. Xullas, umumiy yakunda ularning hisobida jami 23 ta g‘or va kamar aniqlangan. Machay, Amir Temur va Teshiktosh g‘orlari ham shular jumlasidan.

Surxondaryo viloyat o‘lkashunoslik muzeyining arxividagi hozirga qadar saqlanib qolgan 274-raqamli dala hisoboti hujjatlarida tafsilotlar batafsil beriladi. Masalan Teshiktosh g‘orini topgan kunini Lomayev o‘z kundaligida 1938-yilning 2 may sanasi bilan belgilab qo‘ygan. Teshiktosh g‘origa Lomayev borgan va uni dala hisobotiga kiritgan ana shu sanadan buyog‘ida qirq besh kun ham vaqt o‘tmagan, ya’ni Surxondaryo o‘lkashunoslik muzeyi tomonidan tashkil etilgan maxsus guruh Sheroboddaryo kompleks ekspeditsiyasi degan nom bilan 1938-yilning 16 iyunida Boysun tumani hududiga qadam qo‘yadi.                                                            

Guruh tarkibi besh kishi: F.Kalashnikov (rahbar), V.Kozlovskiy, M.Kashayev va er-xotin Lomayevlardan iborat edi. Termizdan Darbandgacha mashinada kelganlar, so‘ngra eshaklarda Machay qishlog‘iga yetib borganlar. Machay qarorgohida turgan paytlarida mazkur ekspeditsiya safiga yana ikki kishi kelib qo‘shildi: bular moskvalik Okladnikov va Zaporojskaya edilar!                 

Bu yerda gap shundaki, janubiy o‘lkamizda o‘sha paytlari mashhur arxeolog va taniqli olim Mixail Masson rahbarligidagi TAKE – Termiz arxeologik kompleks ekspeditsiyasi ish olib borardi. Masson Sheroboddaryo kompleks ekspeditsiyasi ishi bilan qiziqib qoladi va o‘zaro hamkorlikni taklif etadi. Shu tarzda TAKE rahbari Mixail Yevgenevich Masson bilan Surxondaryo okrug davlat muzeyi direktori Gavriil Vasilevich Parfyonov o‘rtasida shartnoma tuziladi.Shartnomaga ko‘ra, Termiz arxeologik kompleks ekspeditsiyasi tarkibida  shahar o‘rnidagi ibtidoiy madaniyatni tadqiq etish bilan shug‘ullanayotgan SSSR Fanlar Akademiyasi moddiy madaniyat tarixi institutining paleolit va neolit sektori ilmiy xodimlari bo‘lmish Okladnikov va Zaporojskayadan Sheroboddaryo kompleks ekspeditsiyasida ilmiy xodimlar sifatida foydalanishga kelishiladi. Ertasigayoq ishga kirishiladi. Oldin aniqlangan g‘or va kamarlarni yana tekshirib, yangidan kamar va o‘ngirlarni o‘rganib, dastlabki qazuv ishlarini Teshiktoshdan boshlashga qaror qiladilar. Qariyb ikki oylik muddat mobaynida o‘sha mashhur neandertal bolaning bosh suyagi topilgan ekspeditsiya ishini Lomayev har tomonlama ta’minlab turgan.                  

I.F.Lomayev tutgan kundalik sahifalarida 1938-yilning 1 iyulida Teshiktoshda qazuv boshlanganligi qayd etilgan ekan.                                                           

«Uchinchi ish kunida, deyiladi uning qaydnomasida, — kun bo‘yi davom etgan qazish ishlari natijasida ko‘plab suyaklar, ikkita kiyik shoxi, bir nechta chaqmoqtosh chiqdi. Qazuv davom ettirildi, yana va yana kiyik shoxlari chiqdi, topilmalar tobora ko‘payaverdi. Ushbu kiyiklardan hozirgi zamonda birontasi ham yo‘q».

Teshiktoshda boshlagan qazishmalarning to‘rtinchi ish kuni Lomayev oziq-ovqat olib kelish uchun qarorgohga, ya’ni Machayga qaytgan. U yerda ekspeditsiya ishlari bilan Darband va Termizga borib kelgan ekspeditsiya boshlig‘i Kalashnikovni uchratadi. Ular kechki payt birgalikda Teshiktoshga chiqib kelganlar.                                                                                                                               

Qazilma natijasida minglab topilma qo‘lga kiritilgan edi. Ibtidoiy manzilgohdagi qazuvni to‘xtatmagan holda yig‘ilgan ashyolarni qutilarga joylab Machayga olib tushishga kirishiladi. Shuning o‘ziga besh kun vaqt ketdi...

Ekspeditsiya ishi muvaffaqiyatli yakunlangandi... Bu haqda ekspeditsiya boshlig‘i muzeyga xat yuboradi, so‘ng topilmalarni Termizga olib borishni ta’minlash maqsadida mashina topish niyatida Boysunga jo‘naydi.                                                                                                                       

Ammo, xuddi shu orada Okladnikovlarning ekspeditsiyasi boshqa a’zolaridan ajralib, alohida jo‘nashga bo‘lgan urinishlari oshkor bo‘lib qoladi...

Qarangki, Okladnikov Surxondaryo muzeyi xodimlarining samarali faoliyati natijasida tayyorlab berilgan va Teshiktosh kamarini o‘shalar bilan birgalikda qazish jarayonida sodir etilgan jahon ahamiyatiga molik kashfiyot – ushbu olamshumul shuhratga bu kamtar insonlarni sherik qilishni istamagan. 1940 yili Moskvada chiqargan kitobida ham Sheroboddaryo ekspeditsiyasi rahbari Kalashnikov, a’zolari Kozlovskiy, Lomayevlarni bor-yo‘g‘i «qazilma ishlarida praktikantlar sifatida qatnashdi» deb ko‘rsatgan, ekspeditsiya amalga olirgan ishlarini xaspo‘shlab, ahamiyatini pasaytirishga intilgan.                                                                                                                     

Vaholanki, oradan 80 yil o‘tsa hamki, Termiz muzeylari arxivlarida saqlanayotgan dala hisobotlari, kundaliklar, to‘plangan kolleksiyalar va boshqa hujjatlar asl voqealar manzarasini oydinlashtiradi.

Shunday qilib, Surxondaryo viloyati Boysun tog‘ining Zovtalashsoy darasida dengiz sathidan 1500–1600 metr balandlikda joylashgan Teshiktosh g‘ori tadqiq etilguniga qadar butun O‘rta Osiyo va qariyb Osiyo qit’asining barcha hududida na must’ye davri qo‘nimgohi va na neandertal odamining skelet qoldig‘i topilgan edi.

Teshiktosh g‘ori va Teshiktosh odamining kashf etilishi dunyo olimlarining e’tiborini o‘ziga tortdi va hozirgi zamon qiyofasidagi odamning neandertallardan kelib chiqqanini inkor etayotgan ayrim reaksion olimlar nazariyasini yo‘qqa chiqarib, fanda yangi sahifa ochdi. Yevropa va Afrika mamlakatlaridan tashqari Osiyoda ham neandertallar yashaganining aniqlanishi insoniyat tarixida shunday bosqich bo‘lib o‘tganligini o‘sha davrlardayoq tugal isbotladi.

O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda O‘rta Osiyoda neandertal zamondoshlari yashagan makonlar 90 dan ortiq joyda uchragan, O‘zbekistonda esa o‘ndan ziyod bunday joylar o‘rganib chiqilgan, ammo neandertal odami qoldiqlari faqat Surxon zaminida topilgan.

Bugungi kunda jahonda O‘zbekistondan tashqari Rossiya, Xorvatiya, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Eron, Isroil va boshqa mamlakatlar hududidan 400 dan ziyod neandertal odami qoldiqlari topilgan. Teshiktosh g‘ori kashfiyoti ana shunday ajoyib tarixga ega. Ayni paytda ushbu hududga sayyohlarni jalb etish maqsadida uni ochiq muzeyga aylantirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

                                                                                                                            Abdulla Xolmirzayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring