Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda 1 mlrd dollarlik ikki qavatli pulli halqa yo‘li qurilishi mumkin

Toshkentda 1 mlrd dollarlik ikki qavatli pulli halqa yo‘li qurilishi mumkin

Illyustrativ surat: Toshkent shahar hokimligi

Toshkent shahri atrofida uzunligi 100 kilometr bo‘lgan ikki qavatli pulli halqa avtomobil yo‘lini qurish rejalashtirilmoqda. Loyiha qiymati 1 milliard dollarga baholanmoqda. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash ishlari holati to‘g‘risidagi qarorida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, loyiha China Railway Construction kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, xalqaro moliya institutlari va yirik xorijiy kompaniyalar bilan bir qator yirik infratuzilma loyihalari bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Jumladan:

  • China Construction tomonidan 500 million dollarlik loyiha doirasida 3 ta yo‘l o‘tkazgich, 4 ta kemping maskani barpo etish hamda 27 kilometr yo‘lni kapital ta’mirlash;
  • SINO-Hunan tomonidan 1 milliard dollarlik loyiha doirasida 7 ta tunnel, 5 ta yo‘l o‘tkazgich, 16 ta ko‘chada 57 kilometr BRT yo‘laklari va 279 kilometr yo‘l qurish;
  • Shanghai Construction tomonidan 100 million dollarlik loyiha asosida 1 ta kemping markazi barpo etish va 7,7 kilometr yo‘lni ta’mirlash;
  • Xinjiang Hui’er Agricultural bilan yo‘lbo‘yi hududlarini landshaft dizayni asosida ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha bitimlar imzolangan.

Hujjatda qayd etilishicha, poytaxtdagi tirbandlik yuqori bo‘lgan 260 kilometr ko‘cha bo‘yicha yo‘l harakatini tashkil etish loyihalari ishlab chiqilgan. Buning uchun 260 kilometr yo‘llarning topoxaritalari, dron tasvirlari hamda 271 ta chorrahadagi transport oqimi tahlil qilingan.

Hujjatda qayd etilishicha, poytaxt yo‘l infratuzilmasini yaxshilash ishlari doirasida 3 946 ta zamonaviy svetofor o‘rnatilgan, 719,8 ming kvadrat metr asfalt qoplamasi ta’mirlangan, 61 ta chorrahada tirbandlikni kamaytirishga qaratilgan qurilish ishlari amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, 2 889 ta tungi yoritish ustuni ta’mirlanib, 693 tasiga dekorativ bezaklar o‘rnatildi, haydovchilar e’tiborini chalg‘ituvchi 902 ta reklama konstruksiyasi olib tashlandi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 220 ta avtobus bekatida kuniga 267 ming yo‘lovchi uchun qulaylik yaratildi, 64 ta yangi piyodalar o‘tish joyida 167 ming nafarga yaqin piyodaning xavfsizligi ta’minlandi.

Shuningdek, avtobus bekatlari tartibga keltirilishi natijasida 6 ta ko‘chada avtobuslarning o‘rtacha harakat tezligi soatiga 17 kilometrdan 20 kilometrgacha, infratuzilmasi yangilangan 12 ta ko‘chada esa avtomobillarning o‘rtacha harakat tezligi soatiga 23 kilometrdan 28 kilometrgacha oshgani qayd etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring