Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent metrosi qurilishi uchun Germaniyadan burg‘ulash uskunasi keltirildi (foto)

Toshkent metrosi qurilishi uchun Germaniyadan burg‘ulash uskunasi keltirildi (foto)

Foto: «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati

Bugungi kunda metro qurilishi Toshkent shahrining Yunusobod tumanida amalga oshirilmoqda. Uzunligi 2,93 kilometr bo‘lgan yangi metro qurilishi yer ostida olib borilmoqda. Bu Yunusobod metro yo‘lining ikkinchi bosqichi bo‘lib, u 2019-yilda to‘la nihoyasiga yetkaziladi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati xabar berishicha, ushbu bunyodkorlik ishlari tugatilgandan so‘ng Yunusobod metro yo‘nalishi yana ikkita bekatga uzayadi. Bular — «Yangi Yunusobod» va «Turkiston» bekatlari bo‘lib, har ikkisi ham o‘ziga xos me’moriy yechimga asoslangan holda bunyod etilmoqda.

Bu yerda qurilish-montaj ishlari ochiq va yopiq usulda olib borilayapti. Liniyaning yopiq qismida qurilish ishlarini bajarish uchun Germaniyaning «HERRENKNESHT AG» guruhi bilan hamkorlikda gorizontal burg‘ulash texnikasi keltirildi. Germaniyalik va mahalliy mutaxassislar ishtirokida mazkur burg‘ulash kompleksi to‘liq montaj qilib bo‘lindi. Yaqinda ushbu texnika bilan yer ostida burg‘ulash ishlari boshlab yuborildi. Bu liniyada ikki navbatda ish tashkil etilgan, unda jami 200 nafarga yaqin ishchi-xodim faoliyat olib borayapti.

Foto: «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati

Yangi texnika bilan har oyda 300 metrdan ziyod burg‘ulash ishlarini amalga oshirish mumkin. Mazkur  texnika bilan amalga oshiriladigan ish jarayonida har navbatda 30 nafarga yaqin ishchi faoliyat olib boradi. Mutaxassislarimiz bu texnikada bemalol ishlay oladi. Chunki ular Germaniyada ushbu yo‘nalishda malaka oshirib kelishgan. Bugungi kungacha 200 metrdan ziyod masofada ochiq usulda qurilish ishlari olib borildi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, mazkur texnika bilan burg‘ulashdan tashqari, yer osti yo‘lida tyubinglarni montaj qilish ishlarini ham amalga oshirish mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha Germaniya, Italiya, Xitoy va Serbiya davlatlarining jahonga mashhur korxonalaridan respublikamizga zamonaviy qurilish texnikalari olib kelindi. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan 2ta 220 tonnalik yukni ko‘taradigan zanjirli kran, 3ta 70 tonnalik yuqori aniqlikdagi (teleskopik) avtokran, svay qoqadigan va burg‘ulash uskunalari, shular jumlasidandir. Mazkur texnikalar qurilish ishlarini sifatli va tez amalga oshirishda juda katta samara beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring