Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda havo hujumidan himoyalanish masalalari muhokama qilindi

Toshkentda havo hujumidan himoyalanish masalalari muhokama qilindi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

17-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlarning Mudofaa vazirlari kengashi huzuridagi Havo hujumidan mudofaa masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi qo‘mitaning 48-majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Armaniston Respublikasi, Belorus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasining Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari qo‘mondonliklari, MDH ijroiya qo‘mitasi va MDHga a’zo-davlatlar mudofaa vazirlari kengashi kotibiyati vakillari, Havo hujumidan mudofaa muammoli masalalari bazaviy tadqiqotlari davlat tashkilotlari rahbarlari, Rossiya Federatsiyasi mudofaa sanoat kompleksi korxonalari va Rossiya Federatsiyasining harbiy-texnik hamkorlik federal xizmati vakillari ishtirok etdi.

Qo‘mita ishiga MDHga a’zo mamlakatlarning Mudofaa vazirlari kengashi huzuridagi Havo hujumidan mudofaa masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi qo‘mita raisi o‘rinbosari general-leytenant Pavel Kurachenko raislik qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasidan Mudofaa vazirining o‘rinbosari – Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondoni general-mayor Ahmad Burhonov vakil sifatida qatnashdi. 

Majlisda birlashgan HHM sohasi tizimini takomillashtirish va rivojlantirishga oid 11 ta masala hamda ishtirokchi MDH davlatlari o‘rtasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama harbiy hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Jumladan, Muvofiqlashtiruvchi qo‘mita va uning ishchi organlarining 2017-yildagi faoliyati natijalari tahlil qilindi. MDH ishtirokchi davlatlarning HHM tizimining hamkorlikdagi «Hududiy xavfsizlik — 2018» birlashgan kompyuter qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari borasidagi fikri o‘rganilib, radiolokatsion tanib olishning yagona davlatlararo tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tatbiq etish loyihasi qo‘llab-quvvatlandi. «Jangovar hamdo‘stlik» nomli hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari borasida ishtirokchi davlatlar harbiy xizmatchilarining Do‘stlik uylari haqidagi nizomi tasdiqlandi. 2017-yildagi muvofiqlashtiruvchi qo‘mitaning moliyaviy va xo‘jalik faoliyati taftishi masalalari bilan bog‘liq moliyaviy, shuningdek, MDH ishtirokchi davlatlarning havo hujumiga qarshi birlashgan tizimini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Birlashgan yagona HHM tizimini barpo etish doirasida Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari HHM texnikasi uchun ehtiyot qismlar va uskunalarni hamda O‘zbekiston Respublikasi HHM qo‘shini va HHK qo‘mondonlik punktlariga samarali aloqa vositalarini yetkazib berish haqidagi kelishuvlarni imzolashga alohida e’tibor qaratildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Yig‘ilishda 2018-yilning avgust oyida Minsk (Belarus Respublikasi)da MDH ishtirokchi davlatlar HHM tizimining hamkorlikdagi «Hududiy xavfsizlik — 2018» birlashgan kompyuter qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Ushbu tadbir davomida Sharqiy Yevropa kollektiv xavfsizlik hududiga kiruvchi Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasida HHMning yagona hududiy tizimi qo‘shinlarini qo‘llash masalalari ishlab chiqiladi. Shuningdek, shu yilda o‘zlarining doimiy joylashgan joylarida ishtirokchi MDH davlatlari HHM birlashgan yagona tizimi bo‘yicha boshqaruv organlari va navbatchilari bilan mashg‘ulot hamda MDH davlatlari HHM bo‘yicha navbatchilari aniq nishonlar parvozi bo‘yicha nazorat tekshiruvidan o‘tkaziladi.

Bugun majlis qatnashchilari Toshkent viloyatidagi harbiy qismlarning birida o‘quv-uslubiy yig‘in mashg‘ulotida ishtirok etadi.

Ma’lumot o‘rnida:

MDHga a’zo davlatlarning birlashgan HHM (MDH HHM BT) tizimi hamdo‘stlikka a’zo o‘nta davlat tomonidan 1995-yilning 10-fevralida Olmaota shahrida imzolangan bitim asosida tashkil etilgan.

Hozirda MDHga a’zo davlatlarning birlashgan HHM tizimi tarkibiga Rossiya Federatsiyasi, Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi kiradi.

1995 yildan boshlab MDH HHM BT kuchlarining «Jangovar hamdo‘stlik» («Boyevoye sodrujestvo») qo‘shma mashqlari, shuningdek, MDHga a’zo davlatlar birlashgan HHM tizimining boshqaruv organlari va havo hujumidan mudofaa kuchlari bo‘yicha navbatchilari bilan qo‘mondonlik-shtab mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinmoqda.      Shu davrgacha 25 ta qo‘mondonlik-shtab mashg‘uloti va jangovar o‘q otish bilan 10 dan ziyod hamkorlikdagi mashqlar o‘tkazilib, ularda MDHga a’zo davlatlar Harbiy havo kuchlarining havo hujumidan mudofaa bo‘yicha navbatchiligi sinovdan o‘tkazildi.

«Jangovar hamdo‘stlik — 2017» deb nomlangan MDHga a’zo davlatlarning birlashgan HHM tizimi hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari 2017-yilning sentyabrida Rossiya Federatsiyasi Astraxan viloyatining Ashuluk poligonida o‘tkazilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring