Toshkentda salkam 1,5 mlrd so‘m mablag‘ keshbek sifatida talon-toroj qilindi
Toshkent shahrida 1,4 mlrd so‘m mablag‘lar keshbek sifatida talon-toroj qilinganligi fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi va Soliq qo‘mitasi xodimlari hamkorligida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Unda «E.P.»,«M.M.» va «E.S.» MChJlar mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, go‘yoki 322,4 mlrd so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilganligi haqida soxta ma’lumotlar rasmiylashtirib, savdodan tushgan pullarni nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotganligi haqida 3 363 dona xarid cheklarini chiqargan. So‘ngra ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolarga Soliq Mobile ilovasi orqali keshbek sifatida to‘lab berib, 1,4 mlrd so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter