Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda yana bir yangi masjid ochildi (foto)

Toshkentda yana bir yangi masjid ochildi (foto)

Foto:«Muslim.uz»

Xabaringiz bor, Ramazon oyida Toshkent shahrida «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf», «Suzuk ota», Termiz shahrida «Hakim Termiziy» nomida yangi masjid-majmualar ochilgan edi. Barakotli oydan keyin ham xushxabarlar davom etib, Toshkent shahridagi yana bir masjid davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, o‘z faoliyatini boshladi.

Foto:«Muslim.uz»

12-iyun kuni Uchtepa tumanidagi «Ko‘rkamobod» mahallasida «Fayzullaxo‘ja o‘g‘li Murodhoji» jome masjidi rasmiy faoliyat boshladi. Masjidning ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov ishtirok etdilar. Muftiy hazratlari jamoani yangi masjid bilan qutlab, Allohning baytida toat-ibodatlar, solih amallar, Qur’oni karim tilovati Qiyomat qadar davom etishini tiladilar. Shuningdek, tashkiliy ishlarda faollik ko‘rsatgan pok niyatli kishilar haqqiga duolar qildilar.

Foto:«Muslim.uz»

Aslida, ushbu ibodat uyi 1997-yilda qurilgan bo‘lib, mahalliy masjid sifatida faoliyat yuritib kelgan. Mahallaning jonkuyar kishilari, ko‘pni ko‘rgan keksalari tomonidan masjidni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun qilingan sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq bugun mahalla ahliga Alloh taolo ushbu mo‘’tabar jome masjidni in’om etdi.

Foto:«Muslim.uz»

– Bizga eng yaqin masjid «Said Vaqqos ota» jome masjidiga qatnash uchun katta yo‘lni kesib o‘tish kerak edi. Bu esa mahalla ahliga, ayniqsa, keksalarga katta qiyinchilik tug‘dirardi. Shunda mahallamizda masjid qurish zarurati borligi uchun faollar bilan bir masjid barpo etishni maslahat qilganmiz. 1997-yilda xalq hashari bilan masjid qurildi, 2006-yilda qayta ta’mirlandi. Alhamdulillah, bugun mutasaddi tashkilotlar murojaatlarimizni ijobiy hal qilib berishdi, - deydi mahalla faoli Saidkarim Sotvoldiyev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring