Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

To‘y marosimlarini qisqartirish kerakmas, aksincha...

To‘y marosimlarini qisqartirish kerakmas, aksincha...

Hech kim xafa bo‘lmasinku, shu darajada soxta havasli, rejasiz pul sarflash, bir kunlikni deb necha ming kunlik budjetning kulini ko‘kka sovurayotgan yoki kanalizatsiyaga (uzr, kanalizatsiya deganda chiqindi quvurlari nazarda tutildi) sarflaydigan mantiqsiz maqtanchoqlikni deb ko‘p kulgu bo‘lyapmiz.

«Facebook»dagi bir postimda ushbu ma’lumotlarga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak:

«O‘ZINGA O‘ZING INVESTITsIYa QIL, KALLANG BO‘LSA...

Poytaxtda 200 dan ziyod to‘yxonalar bor (qisqa qilaman). Xalqi to‘y va to‘y tashvishlari uchun o‘rtachadan kamini olsak bir yilda $250 mln. (aslida O‘zbekiston bo‘yicha hisob-kitob qilinganda 3 milliard dollarga to‘g‘ri kelgan) dollardan ko‘p pul sarflamoqda — shu «orzu-havasiga». Bu haliyam biri.

Biz esa chet eldan investor qidiryapmiz, nimagadir ishontirib pul tikishini so‘rayapmiz.. Ular to‘ydagi yeb-ichishimizni... ko‘rib, dumalab kulmoqda. Chunki ular bunchalik yeb-ichishimizda yorilib ketmayotganimizga ham hayron, ham qotib kulmoqda... Poytaxt xalqi esa kanalizatsiyani boyitmoqda sivilizatsiyani o‘rniga.. O‘ylab ko‘ring, bu faqat poytaxt misolida hali...

1. Ertaga qaysi o‘zbekning investitsiyasini yeb-ichib... mazza qilishga borsam ekan-a?! Suf, suf, nimalar deyapman-a...

Iltimos, shuni ko‘proq ulashinglar, zora o‘zimizdagi INVESTORLARGA aql, insof kirsa...».

Taxmin qilyapsizmi qancha pul va ne’matlar isrof bo‘layotganini? Undan ko‘ra o‘sha bekorga sarf etilayotgan oziq-ovqatni qishga g‘amlang, ortsa eksport ham qiling. Qolaversa, xo‘p, dang‘illama to‘y qilsa oila tinch, yoshlar baxti bo‘lib qolyaptimi? Kechirasiz, oilalar o‘rtasidagi ko‘p ixtiloflar, kelishmovchiliklar, munosabatlarning sovuqlashishigacha sabablarning «eng dadil» sabablari shu-ku, dang‘illama to‘ylarning oqibati-ku. Yana qarz bo‘lib, yillab yurganlar-chi, to‘ydan keyin shu soxta «orzu-havas»ni deb yosh kelin-kuyovlarning o‘rtasida kelib chiqayotgan mojarolar-chi? Yo‘q, bunaqasini bilmayman, eshitmaganman deb ko‘ringchi. Bilmasangiz, marhamat, mahallangiz raisi bilan shu haqda bir suhbatlashing, misollarni, bo‘lgan ishlarni eshiting.

Aslida shuncha pulingiz borakan, nega noliysiz? Sababi aniq, beo‘ylarcha yeb yo‘q qilishga shu darajada o‘rgangansizki, hukumat darajasida tushuntirishlar, targ‘ibotlar, hatto Davlat rahbari — juda tajribali inson, makroiqtisodchi va oddiy oila boshlig‘i sifatida jon koyitib tushuntirishga qancha harakat qilmasin, kor qilmayapti. Qayerdagi (uzr) ota-bobomizdan qolgan ertaklardagi to‘ylarni bugun o‘zimizcha reallikka aylantiramiz deb ko‘zlarimiz so‘qir, ongimiz zang bosgan misoli. Million, kerak bo‘lsa milliardlab so‘m pul sarflanayotgan «TO‘Y»lar nima olib kelyapti bizlarga, oila, mahallamizga — baxtmi, tinchlikmi, xotirjamlikmi, rivojlanishnimi yoki fan-texnikani yuksaltiryaptimi? Siz sari ham boraylik, xo‘sh, oddiy va mantiqiy savol: To‘y, ayniqsa DANG‘ILLAMA to‘y Sizga nima beradi, aniq va mantiqiy-ma’noli javob bormi? Iltimos, ertakni davom ettirmang faqat!..

Shunday qilib, qorin to‘ygan sari likkilashga, qabih ishlarni qilishga, nochorning ustidan kulishga, tengimizga maqtanishga, zo‘rlarga ko‘rsatib qo‘yishga, marosim qolib, diskoteka bo‘lib talvasaga tushishga undayaptiki, oxiri «kanalizatsiyani rivojlantirish»ga (uzr) hissa bo‘lib xizmat qilmoqda.

Dang‘illama to‘y qilgandan ta’lim va tarbiyalash, sog‘lik-salomatlik, qobiliyatlilarni qo‘llab-quvvatlash, fan-texnikada yuksak marralarni egallash yuzasidan biror nima so‘rab ko‘rganmisiz, ko‘ringgam — eshitasiz, olasiz oladiganingizni… Gapingiz oxiriga yetmasdan eshiklar taq etib yopiladi. Yo‘qmi shunaqalar? Ammo ertakdagi to‘y uchun darvozani bir muddat sug‘urib olib qo‘yishadi, buni ko‘rganlar ham bor? O‘zim ham ko‘p marotaba ko‘rganman. Afsus-afsus…

Aslida «to‘y» so‘zining ma’nosini yaxshilab o‘ylab ko‘rsak ijobiy ma’no uyg‘otmaydi ham. Hayotimizda ko‘pincha salbiy holatni eslatadi: «Sen to‘y faqat, to‘yib ketdim hammasidan, to‘ydingmi endi, to‘ymadingmi, to‘yasanmi o‘zi, kim to‘ygan ekan, to‘yib qoldingmi hali, to‘ymasakan bular, to‘ydirmadingmi shuni, to‘ymadik-to‘ymadik» v.h.lar.

Endi «choy» so‘zining o‘zbek hayotida kelishi mumkin bo‘lgan turli ma’nolarini qidirib ko‘ramiz: «Bir piyola choy, shirin choy, ko‘k choy — davleniyaga yaxshi, choy ichgani keldik — urinmang, yaxshi choy damlar ekan — tinchlandim» v.h.lar. Ko‘ryapsizki, salbiy eshitilmaydi, oddiy va beg‘ubor odatimizni ko‘rsatmoqda va odamlarning psixologiyasini tarbiyalashda ham foyda beradigan jihati bor.

Biz yevropadan qanday madaniyat oldik, sanasam barmoqlarim yetmaydi. Ammo keragini olyapmizmi? Yo‘q. Mana qanchalar mo‘rtmiz, ta’sirchanmiz, lekin ta’sir etolmaymiz, kimga, o‘zimizga. Vaqt esa o‘tib bormoqda, aqlni yig‘sak ham, yig‘masak ham, zo‘r tursak ham, zor bo‘lsak ham.

Yana bir narsa, odamlarni, kerak bo‘lsa jamiyatni orqaga tortadigan udumlar yashar ekanda, odamlar o‘tib ketaverarkanda? Shumi Biz, shumi Siz, shumi yashash, shumi anglash?..

Xullas, «To‘y marosimi»ning nomini va o‘tkazilish holatini butunlay isloh qilish vaqti keldi. Ya’ni «to‘y marosimi» emas, «Choy marosimi» deb nomlash kerak va bunday tartibda o‘tkazish kerak:

Bo‘lg‘usi kelin-kuyov qonunan nikohdan o‘tgandan keyin, kuyovning uyida(vaziyatga qarab, ko‘p qavatli uylarda tursa qandaydir ChOY marosimi qilish maydonchasi yoki kamtargina bejirim binosi bo‘lsa) kelin-kuyovning unashtirilgani bois o‘z duolarini berib ketuvchilarga (kelin-kuyovning yaqin tanishlari, o‘rtoqlariga) ovoza qilib, taklifnomasini berib, oddiy shirin choy yoki yaxna ichimlik, biroz shirinlik tortiq qilinib(iloji bo‘lsa tik turib choy ichish uchun mo‘ljallangan stollar atrofida bo‘lsa), madaniyatdan, samimiyatdan uzoqlashmay bir yoki uzog‘i ikki soatlarda marosimni tamomlash kerak. Kiyimlar ham o‘zbekona, atlas-adraslarda bo‘lsa yanada ko‘zni quvontiradi. Qolaversa, muhim jihatlardan yana biri — qadriyatimizni tiklashimiz kerak. Eslang, avvallari uylanadigan yigitlar o‘zlashtirgan hunarlaridan yasagan narsalarini yoki amalda qo‘llagan isbotli ishlarini ko‘rsatgan, qizlar ham o‘z hunarlaridan, milliy odatlarimizdan namunlar keltirgan. Umuman, o‘zbek yigiti va qizining qo‘lidan nima ish kelishini xalq oldida so‘rash, ko‘rsatish va hayotga tayyorligini bildirish maqsadida ularga mahalla raislari tomonidan sovchilar rozi-rizoligi bo‘lgach hunar bilish-bilmasligi so‘ralishi ogohlantiriladi va choy marosimi kuni «Qani, kuyov va kelin, mana, katta hayot va oila deb atalgan ostonaga qadam qo‘ymoqdasiz, qo‘lingizda nima hunaringiz bor? Guvohlaringiz bormi, katta hayotni rostgo‘ylik bilan javob bergan holda boshlang», deb so‘ralsin. Mana sizga zamonaviylik, kerak bo‘lsa, mana Sizga asli o‘zbek imiji va turistlarni ham chorlaydigan madaniyat, vaholanki, bosh og‘rig‘i ham kamayadi. Nima deysiz, oddiy, maroqli va qiziqarli — ma’qullaysizmi?

San’atkorlar bo‘lmaydimi dersiz, mayli bo‘lsin, faqat hovlining bir burchida jonli ijro etsin («Mahallada duv-duv gap» kinosida to‘y bo‘layotganda qo‘shiqchi kuylayotgan lavhasi esingizdami?), kelib eshituvchilar uchun sintezatorsiz, mikrofonsiz kuylasin. Ana sizga haqiqiy san’at va san’ati bo‘lsa bundan keyin xalq chaqiradi, unday bo‘lmasa san’atni soxtalashtirmay o‘ziga munosib boshqa hunar, kasbni egallaydi. To‘g‘risi, hozir ovozi boriyam, aksari yo‘g‘iyam o‘zini san’atkor deb mikrofonning kuchi bilan zo‘rma-zo‘raki kuylab qolgan. Agar men taklif bildirayotgan mexanizm ishga tushsa, xonandalar saralanib, kim «o‘yinda» qoladi-qolmaydi yuzaga chiqadi.

To‘yxona xo‘jayinlari-chi? Ular pulini ishlab chiqarishga sarflasin, ishchi o‘rinlarini ko‘paytirsin. Hashamatli to‘yxonani zo‘r fabrikaga aylantirish mumkin. Ana keyin sog‘lom raqobat boshlanadi. Chet ellar bilan shartnomalar qilib, O‘zbekistonga investitsiya kelishini yo‘lga qo‘yishi ham turgan gap.

Ayrimlar aytishi mumkin, «bu bizga to‘g‘ri kelmaydi, qancha yillik odatimiz, mos emas» deb. Qisqa qilaman, 100 marotaba to‘y qilishga qurbi yetadiganlar va bittasini zo‘rg‘a o‘tkaza oladiganlar, NIMA MOS SIZLARGA, men ham soatlab sanasam bo‘ladi chetdan o‘zlashtirayotgan ko‘plab yot odatlaringizni. Bir misol, «Ki-ki» mumkin ekan-u, bu taklif esa... Mana, madaniyatimizga, tarbiyamizga, milliyligimizga zid bo‘lgan ko‘plab narsalarni moslashtirib olyapsiz, bunisi to‘g‘ri kelmaydimi, yoqmadimi?.. Dangal gap shu, azizlar!

Xulosada qarang, qancha rivojlanish boshlanib ketishi mumkin. Faqat kanalizatsiyani rivojlantirish o‘rniga sivilizatsiyani rivojlantirishni dildan istasak bo‘lgani!

Xullas, to‘y marosimlarini qisqartirish kerakmas, aksincha, tubdan innovatsiya qilish kerak.

G‘oya hali kengaytiriladi.

Abduqodir Mo‘minov,
jurnalist

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring