Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

U yo yo‘l bo‘lsin, yoki bozor. Denovdagi eski va yangi bozor haqida

U yo yo‘l bo‘lsin, yoki bozor. Denovdagi eski va yangi bozor haqida

Foto: Xabar.uz

Bozorda odam yo‘qotishi mumkin bo‘lgan eng qimmatli narsa nima? Vaqt, albatta.

Bozor qancha betartib bo‘lsa, vaqt ham shuncha ko‘p yo‘qotiladi. Denovning avvalgi bozorida vaziyat shunday ediki, oldidagi yo‘ldan mashinada o‘tib-qaytishga ham bir soatdan kam vaqt ketmas edi. Bozor ichidagi tiqilinch va antisanitariyani-ku, gapirish ham shartmasdir. Yutubda «Denov bozori» deb qidiruvga bersangiz ham o‘nlab videoni topib beradi. Bu muammo kecha yoki o‘tgan yili paydo bo‘lmagan, o‘n yillarki turibdi. Va uning yechimi faqat bitta bo‘lishi mumkin — yangi bozor qurish. Denovda o‘sha bozor qurildi.

Ammo xalqimizda «tarki odat amri mahol», degan gap bor. Juda topib aytilgan. Bir joyga o‘rgandikmi, har qancha azob bermasin, boraveramiz, boraveramiz. Denovda ham shunaqa bo‘lyapti.

Tumanga yetib borganimizda soat ertalabki 10dan oshib qolgandi. Bu vaqtda bozor qaynashi kerak. Darhaqiqat, yangi qurilgan bozorda odam gavjum, ammo «denovcha o‘lchov» bilan qaraganda «xaridor yo‘q». Tiqilinch bozorda o‘zini ham, xaridorni ham qiynab o‘tirgan sotuvchi uchun keng-mo‘l rastadan ko‘ra, o‘sha damlar yaxshiroq, albatta. Savdo bo‘lib tursa, boshqa narsa ko‘zga ko‘rinmaydi. Bozorning mantig‘i ham shunda. Ammo eski joy ham rezinadek cho‘zila olmaydi-da, qachondir yangi bozorga ko‘chish kerak edi, baribir.

Yangi joy esa mana, keng va ravon, zamonaviy tipda qurilgan. Mashinalar qo‘yish uchun alohida maydon bor. Rastalar orasi esa to‘rt-besh metr oralig‘ida, bemalol u yoqdan, bu yoqqa turtinmasdan o‘tsa bo‘ladi. Shoshilinch tibbiy xizmat kerakmi, marhamat. Xudo saqlasin, mabodo yong‘in bo‘lib qolsa, o‘t o‘chirish mashinasi ham bemalol o‘ta oladi. Umuman, bu yerda zamonaviy bozorda kerak bo‘ladigan barcha sharoitlar muhayyo.

Ammo muammolar ham yo‘q emas. Sotuvchilar nazdida bozor ko‘ngildagidek ishlab ketishiga ikkita sabab halal bermoqda:

1. Bozorga qatnash uchun transport muammosi bor. To‘g‘ri, markazdan kelib-ketish uchun alohida yo‘nalishli avtobus qo‘yilgan, ammo «ertalabki soat 9 dan keyin paydo bo‘ladi va 16:00dan keyin topib bo‘lmay qoladi». Bu gapni bizga sotuvchilar aytishdi.

Qolaversa, taksi xizmati ancha qimmat. Ikki marta yo‘nalish almashtirib, 15 ming so‘mgacha harj qilinayotgani aytildi. «Ilgari yo‘l kira uchun 3-5 ming so‘m berardik xolos», — dedi sotuvchilardan biri.

2. Yangi bozor savdo qilish uchun qulay, ammo hamma tadbirkorlar kelmagani va ayrimlari eski bozor yaqinida, ko‘chaning o‘zida savdo qilayotgani bois aksariyat xaridorlar bu yergacha yetib kelmayapti. «Hamma ham o‘rgangan joyiga boradi, toki sotuvchilar 100 foiz yangi bozorga kelmas ekan, xaridor eski joydan qaytib ketaveradi», — degan shikoyatni eshitdik.

Demak, tuman rahbariyati va bozor ma’muriyati qiladigan ish hozircha yetarli. Mana shu ikki muammoni hal qilish chorasini darhol ko‘rish kerak.

Ishonchimiz komil, yaqin vaqtlar ichida Denov bozori nafaqat tuman, balki yondosh hududlar uchun ham savdo markaziga aylanadi. Boisi, hozirda bu yerda zamonaviy kiyim-kechak va xo‘jalik mollari rastasi qurilmoqda. Bozor to‘liq bitsa, ignadan tortib, avtomobilgacha sotib olish imkoni paydo bo‘ladi.

Bunaqa joyga o‘zingiz ham kelishni istagan bo‘lardingiz. Faqat bitta shart — u yerda vaqtingiz ham, naqdingiz ham tejalishi kerak.

Bunisi endi denovliklarga bog‘liq. Hamma — tuman rahbariyati va bozor ma’muriyatidan tortib, oddiy aholigacha harakat qilsa, shunday bo‘ladi. Zero, qachongacha «bozor» deyilganda, qo‘rqinchli bir joy tushuniladi? Qolaversa, yo‘l — o‘tib-qaytish uchun eng qulay joy bo‘lishi lozim. Eski bozorda esa mana shu mantiq buzilgan.

U yo yo‘l bo‘lsin, yoki bozor. Shunday emasmi?

Abdulloh

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring