Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Urgutda ko‘chadan ham pul qilishadi

Urgutda ko‘chadan ham pul qilishadi

Foto: «Xabar.uz»

Turli shaharlarimizda bozorlar va ularning atrofidagi avtoturargohlar masalasida doim muammolar bo‘lgan. Qaysidir bozor atrofida avtoturargohning o‘zi yo‘q, odamlar mashinasini shundoq katta ko‘chaning yoqasiga qo‘yib bozorga kirib ketaveradi. Qaysidir bozor oldida avtoturargoh bor, ammo kirib-chiqish narxi sharoitdan kelib chiqib belgilanmagan, chek berilmaydi. Yana qayerlardadir bozor atrofidagi yerlarni kimlardir noqonuniy avtoturargoh qilib olgan. Qisqasi, bu masalada muammo ko‘p.

Bundan bir yarim oy oldin,  aniqrog‘i 2018-yil 4-iyun kuni Samarqand shahrida chop etiladigan «Zarafshon» gazetasida Samarqand viloyat soliq boshqarmasi bosh mutaxassisi T.Mahmatmurodov tomonidan bir xabar berildi. Unda Urgut tumanidagi «Urgut savdo kompleksi» mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida shu tumanning Kamongaron mahallasida yashovchi, 1981-yilda tug‘ilgan N.N. noqonuniy ravishda avtomobillarni vaqtincha saqlash joyi tashkil qilgani aniqlanganligi va bu ish yuzasidan Urgut tuman soliq inspeksiyasi xodimlari dalolatnoma tuzgani haqida aytilgan edi.

Foto: «Xabar.uz»

Bugun «Xabar.uz» muxbiri o‘sha ishdan keyin savdo majmuasi va uning atrofida avtoturargoh masalasi qanday hal etilganini o‘rganish maqsadida Urgutga bordi. Muxbirimizning xabar berishicha, tuman soliq inspetsiyasining dalolatnomasi amalda hech narsani o‘zgartirmagan. Savdo majmuasi hududida, unga yondosh ko‘chalarda bugungi kunda ham qandaydir shaxslar noqonuniy faoliyatini davom ettirmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

Muxbirimiz bozor hududiga borib noqonuniy «stoyanchik»larni kuzatib turgan mahalda ularning oldiga bir kishi kelib nega avtoturargohga kirib-chiqayotgan mashinalardan pul olinib chek berilmayotgani haqida so‘rab-surishtirgan. Shundan so‘ng «stoyanchik»lar darrov narsalarini yig‘ishtirib, bozor hududiga qochib ketgan. Birozdan keyin ularning faoliyati bilan  qiziqqan odam ketganidan so‘ng yana o‘z faoliyatini davom ettirganlar.

Bu yerdan bir kunda minglab moshinalar o‘tib-qaytadi va buning ortidan noqonuniy «stoyanchik»lar millionlab pul ishlashadi.

Foto: «Xabar.uz»

Muxbirimizning xabar berishicha, o‘sha hududda u yerning avtoturargoh ekanligini bildiruvchi bironta yozuv yo‘q. Narxlar preyskuranti yo‘q. Faqatgina hudud «Urgut avto center» MChJga qarashli shohbekatligi haqida yozuv bor xolos.  Noqonuniy «stoyanchik»lar hududning chiqish joyida ikki-uchta bo‘lib turib olib, u yerga kirgan avtoulov egalaridan kim qancha pul bersa olmoqdalar. Shuningdek o‘sha hududga kiradigan yo‘lning ham, savdo majmuasi atrofidagi boshqa yo‘llarning ham o‘z egalari bor va ko‘cha yoqalarini noqonuniy ravishda pulli avtoturargoh qilib olishgan.

Foto: «Xabar.uz»

Bu masalani saytimizda yoritar ekanmiz, «Urgut savdo kompleksi» savdo majmuasi ma’muriyatidan, Urgut tuman hokimiyatidan, tuman soliq inspeksiyasidan savdo majmuasi hududidagi va majmuaga yondosh ko‘chalardagi noqonuniy «stoyanchik»lar masalasida izoh kutib qolamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring