Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bobomurod Abdullayev yana qiynoqlar haqida gapirdi va «Usmon Haqnazarov» ekanini tan oldi

Bobomurod Abdullayev yana qiynoqlar haqida gapirdi va «Usmon Haqnazarov» ekanini tan oldi

Foto: «Gazeta.uz»

Avval xabar berganimizdek, 26-mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida bo‘lgan o‘tgan sud majlisida jurnalist Bobomurod Abdulla, bloger Hayotxon Nasriddinov, shuningdek, tadbirkorlar Shavkat Ollayorov hamda Ravshan Salayevga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Ular Jinoyat Kodeksining 159-modda 4-qismi (O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish va qonuniy saylangan hukumatni qurolli yo‘l bilan ag‘darishga urinish) bilan ayblanmoqda.

Sud raisi Zafar Nurmatov sud majlisini murojaatlar va pochtalarni ko‘rib chiqishdan boshladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga tayanib «Daryo» xabar bermoqda.

Hayotxon Nasriddinovni himoya qilayotgan advokat Umidbek Davlatov o‘z himoyasi ostidagi shaxsga nisbatan qiynoqlar va boshqa har qanday bosimlarni to‘xtatish, shuningdek, uni Davlat xavfsizlik xizmati tergov izolyatoridan Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining 1-sonli tergov izolyatoriga o‘tkazish bo‘yicha bosh prokuror nomiga iltimosnoma yozdi.

«Men shanba kuni Hayotxon Nasriddinovning yoniga bordim, ariza yozdim, ikki soat kutdim — hech qanday javob kelmadi. Yakshanba kuni soat 15:00 da qo‘ng‘iroq qilishib, orderning asl nusxasi bilan kelsam, u bilan seshanba kuni uchrashishim mumkinligini aytishdi. ’Toshturma’da esa bu borada hech qanday muammo yo‘q edi», — deydi Umidbek Davlatov.

Biroq Nasriddinov o‘zining saqlanayotgan joyini o‘zgartirishlarini istamadi va DXX tergov izolyatorida qoldirishlarini so‘radi. Shuningdek, qolgan sudlanuvchilar ham «hammasini boricha qoldirish» tarafida ekanliklarini bildirgan. Sud yig‘ilishga chiqib ketdi va advokatning iltimosnomasini qondirmaslik bo‘yicha qaror qabul qildi.

Ko‘rsatmalarning davomi

Avvalgi yig‘ilishda Bobomurod Abdullayev o‘zining o‘g‘irlab ketilganini, qiynoqlarga solingani va sanasini ko‘rsatmagan holda tushuntirish xatini yozishga majburlashganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yerto‘ladagi qiynoqlardan so‘ng, u DXX tergov izolyatoriga tushib qolgan. U yana ikki kishi bo‘lgan kameraga joylashtirilgan. 2017-yilning 29-sentyabridan boshlab dastlabki 10 kun unga matras ham, yostiq ham berishmagan — u uchta taburetkada uxlashga majbur bo‘lgan. Shundan keyin unga matrassiz temir karavot berishgan va faqatgina 25—30 kundan so‘ng, u to‘shakka ega bo‘lgan.

«Menga nega karavot va matras bermayotganliklarini so‘raganimda tergov izolyatori navbatchisi men kabi ’vahobiy’ga, davlat dushmaniga, g‘arb maxfiy xizmatlari agentiga berish mumkin emasligini aytdi», — deydi sudlanuvchi.

30-sentyabr kuni uni koridorga olib chiqib, boshiga qop kiydirishgan. Abdullayevning eslashicha, uni Majid, Qobil va avvallari tanish bo‘lmagan, ko‘zoynak taqib olgan Oybek (asl ismi Elmurod) o‘tirgan xonaga olib kirishgan. Stolda kompyuter kabeli, dubinka, suv qaynatadigan qurilma («kipyatilnik»), elektroshoker va ombur turgan. Majid ertadan boshlab Abdullayevni darajasi ancha yuqori bo‘lgan boshqa xodimlar so‘roq qilishini va u yerto‘lada yozganlarini so‘zlab berishi lozimligini ma’lum qilgan.

«Xuddiki men Muhammad Solihning shantaji sabab ’Usmon Haqnazarov’ taxallusi ostida maqolalar yozgan emushman. Qaytaraman — Ravshan Salayev va Shavkat Ollayorov sobiq bosh prokuror Ixtiyor Abdullayevdan va ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovdan ma’lumotlarni olib turganmush. Xuddiki Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorov maqolalar yozishim uchun meni moliyaviy jihatdan ta’minlab turganmush», — deydi Abdullayev.

Majid Abdullayevga o‘z ko‘rsatmalari doirasidan chiqmasligini aytgan. Agarda yozganlaridan bo‘yin tovlasa, uni kompyuter kabeli bilan urishni boshlashlarini so‘zlagan. Shunda ham o‘z bilganidan qolmaydigan bo‘lsa, dubinkani ishlatishadi. Agar Abdullayev dubinkaga ham chidab bersa, elektroshokerni qo‘llashadi.

«Elektroshoker foyda bermasa, ’kipyatilnik’ aniq yordam beradi», — deydi ular. Suv isitishga mo‘ljallangan qurilma ham yordam bermagan taqdirda, ombur yordamida tirnoqlari ko‘chirib olinadi. Aytishicha, qiynoqqa mo‘ljallangan navbatdagi qurilma — bu «elektr taxt».

«Aybimni tan olmaydigan bo‘lsam, 12 yoshli qizimni zo‘rlash, Qozonda o‘qiydigan ikkinchi qizimni ’rus piyonistalari’ changaliga tashlash, futbol bilan shug‘ullanadigan o‘g‘lining oyog‘ini sindirish va ko‘z o‘ngimda 70 yoshli onamni zo‘rlash bilan tahdid qilishdi».

«Maqolalarni men yozganman — men javob beraman. Mening qizim, o‘g‘lim va onam maqola yozganim uchun aybdor emas», — deya ta’kidlaydi sudlanuvchi.

«Qobil shu kabi aybini tan olishni istamagan ’vahobiy’ning olti yoshli qizini zo‘rlashganini aytdi. Men taxminan u kimni nazarda tutayotganini bilaman. Diniy faol Ruxitdinov. 2003—2004 yillarda uning qizini podezdda zo‘rlab ketishgan», — deydi Abdullayev.

Abdullayevning qo‘shimcha qilishicha, uni o‘g‘irlab ketganlar «mustaqil O‘zbekistonning gullab-yashnashi uchun barcha narsaga tayyor» ekanliklarini bildirgan.

Ko‘zoynakli odam gapga aralashdi. U Abdullayevdan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi (2002—2004-yillar) Kreyg Myurreydan 3200 dollar olgan yoki olmaganligini so‘ragan. Abdullayev ushbu pullar rasmiy OAVlar orqali e’lon qilinmaydigan she’rlar, hikoyalar, fuqarolarning prezidentga murojaatlari chop etiladigan «Ozod Ovoz» saytini yaratish uchun berilganini ta’kidlagan.

«Ular mening imzom turgan kvitansiyaning kseronusxasi borligini aytishdi. Bu esa, meni MI6 agenti sifatida tan olishga yetarli ekan. Men NED jamg‘armasidan ham pul olganman. Ushbu mantiqqa ko‘ra, men Amerika maxsus xizmatlarining ham agentiman», — deydi sudlanuvchi.

Keyin tergov bilan boshqa ikki erkak — Andrey (asl ismi Volodya) va O‘lmas (asl ismi ma’lum emas) shug‘ullangan. «Menga ular MXXning ichki xavfsizlik boshqarmasida ishlaydigandek tuyuldi. Ya’ni, xalq dushmanlarini qidirish bilan shug‘ullangan boshqarma. ’KGB’ vaqtida ular ichki kontrrazvedka boshqarmasi deya atalgan. Shuningdek, uni inkvizitsiya boshqarmasi ham deyishgan. Inkvizitorlar bid’atchilarni qidirgan», — deydi Abdullayev.

Qobil, Majid va Oybek yuqoridagi ikki erkakning Abdullayev bilan suhbatida ishtirok etgan. Tergov 123 xonada — MXX tergov boshqarmasi arxivi xonasida bo‘lib o‘tgan. Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, uni 20 litrli suv idishini ko‘tarishga majbur qilishgan va orqasiga kompyuter kabeli bilan 10 marotaba urishgan. Agar zarba vaqtida idishni tushirib yuborsa, yana 10 marotaba urishgan.

Jurnalistning ko‘rsatmalariga bo‘yicha, uni mototsiklchi holatida turishni so‘rashgan va boshiga urishgan. Bunda u qimirlab ketmasligi kerak bo‘lgan. «Ba’zida mototsikl yoki avtomobil ovozini chiqarishimni aytishardi. Arqon va kishanlar bilan yuzimni devorga qaratib osib qo‘yishardi. Bir safar 1,5 litr choyni ichishga majburlashdi va xonaga olib kirib besh marotaba urishdi. Bu kabi holatda siyib qo‘yiladigan bo‘lsa, yana besh marotaba urishadi», — deydi ayblanuvchi.

Abdullayevning aytishicha, unga «ahmoqona» da’volar qo‘yilgan. Undan nega Xorazmda tug‘ilgani, nega Amir Temur boshqa shaharlarni osonlikcha qo‘lga kiritgan bir paytda Xorazmni besh marotaba bosib olganini so‘rashgan. Bundan tashqari Abdullayevning rafiqasini millati qozoq bo‘lanligi sabab, uni qozoq maxsus xizmatlari bilan aloqadorlikda ayblashgan.

Uni ikki yarim oy davomida so‘roq qilishgan. Abdullayevdan nega Bosh prokuratura va IIV haqida emas MXX haqida yozganligini so‘rashgan. Mazkur tuzilmalarning rahbarlari poraxo‘r degan da’voga javoban jurnalist «agarda faktlar bo‘lsa jinoyat ishini ochishni yoki OAV orqali ma’lum qilishlarini» so‘ragan.

Abdullayevni o‘g‘irlab ketganlar unga so‘nggi 20 yil davomida «besh yillik rejalar» borasida maqolalar yozishini ma’lum qilgan. Dastlabki besh yilda u Ixtiyor Abdullayev haqida, ikkinchisida — Po‘lat Bobojonov haqida, uchinchisida — Muhammad Solih haqida, to‘rtinchisida esa — yangi prezident apparati haqida yozishi kerakligini aytishgan.

Abdullayev bundan bo‘yin tovlagan va qamoqqa ketishga rozi ekanligini bildirgan. «Ularning aytishicha, meni qamoqda o‘ldirish oson ekan. ’Seni og‘ir mehnatlarga jalb etamizda, birortasiga muddatidan oldin ozodlik va’da qilamiz va u seni tosh maydalagichning stanogi ostiga turtib yuboradi. Onang tanangni parchalarini ko‘madi keyin. Yoki OITS yuqtiramiz’», — deyishgan.

Yuqorida nomi tilga olingan erkaklar yoniga yana bir kishi — Temur (taxallusi — Rustam) kelib qo‘shilgan. U Abdullayevdan yana uchta tushuntirish xati olgan va ikkitasida sanani ko‘rsatmasligini buyurgan. So‘nggisiga 26-sentyabrni yozishini aytgan. Jurnalistning ta’kidlashicha, o‘shanda sana 26-dekabr bo‘lgan.

«26-sentyabr kuni uyda bo‘lgan bo‘lsam, qanday qilib mendan tushuntirish xati olganliklaringni isbotlaysizlar dedim. Ular sud menga emas, o‘zlariga ishonishini aytdi. Men qo‘l qo‘yishdan bosh tortdim. Ular qayta ishlash uchun yerto‘laga yuborishlarini bildirdi. Men qo‘l qo‘yishga majbur bo‘ldim», — deydi Abdullayev.

Abdullayev ko‘rsatmalarga rioya qilmagan paytlarida avvaliga uning yostig‘ini, keyin matrasini olib qo‘yishgan va shundan so‘ng uxlagani ruxsat berishmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, olti kun ketma-ket uxlay olmagan. «O‘rim» loyihasini yozganligini tan olmagani uchun Abdullayevni «yumshoq xona» bo‘ylab yalang‘och aylantirishgan. Devorlar, potoloklar va pol brezent bilan tikib tashlangan, biror-bir darcha bo‘lmagan.

«O‘tirish mumkinmas, yotish mumkinmas. Faqat yurish yoki bir joyda turish kerak. Hatto, tirsak bilan suyanib ham turish mumkinmas. Uch kundan so‘ng kameraga olib kirishdi. U yerda hatto, bir joyda turishni ham taqiqlab qo‘yishdi. Faqat yurasan. Men qadam tashlagan holda uxlashni o‘rgandim. Yetti qadam tashab, devor qarshisida to‘xtaysan. Ortga o‘girilib ko‘zlaringni ochasan, chunki seni kuzatib turadigan tuynuk bor. Buning natijasida churra («grija») paydo bo‘ldi», — deydi Abdullayev.

Keyinroq unga tanish uchun 20 ta suratni ko‘rsatishgan. U suratlar orasidan «o‘z tanishi»ni topishi kerak bo‘lgan. Abdullayev ularning birortasini tanimagan. Abdullayev sanalar, faktlar yoki ismlarni eslay olmaganida uni «eslatator» bilan urishgan. Majid suratda bosh prokuror borligini sha’ma qilgan, biroq Abdullayev u qaysi biri ekanligini bilmagan. Ertasi kuni esa u suratlar orasida IIV rahbarini qidirishga majbur bo‘lgan.

7 fevral kuni Abdullayev yana bir nechta hujjatlarni imzolashi kerak bo‘lgan, jumladan, advokat Munojat Parpiyevaning xizmatlaridan voz kechish borasidagi arizani ham. Ertasi kuni ertalab u yerto‘ladagi tahdidlar sabab qo‘l qo‘yishga majbur bo‘lgan.

Abdullayev Qozondagi qizining oldiga borish uchun Ravshan Salayevdan 200 dollar qarz olishga majbur bo‘lganini tan oldi. Biroq bunga Salayev Abdullayev maqolalarni yozishi uchun uni o‘z xohishi bilan moddiy tomondan ta’minlab turgan, deya urg‘u berilgan. Bundan tashqari u Shavkat Ollayorovdan 450 ming so‘m qarz olgan, tushuntirish xatida esa har bir maqola narxi 100 dollar deb ko‘rsatilgan.

Abdullayevning aytishicha, u besh yil davomida Muhammad Solihdan 5000 dollardan ortiq qarz olgan. Tushuntirish xatida bu o‘z faoliyatini moliyalashtirish deya ko‘rsatilgan.

«Aytishlaricha, men katta pullar evaziga maqola yozganmushman. Men hech qachon bu maqolalar uchun pul olmaganman. Mening kvartiramni borib ko‘ringlar, u ta’mirlanmagan. Oilam ikkinchi darajaga aylanib qolgan. Men e’tiqodim nuqtayi nazaridan kelib chiqib yozganman», — deydi Abdullayev.

Sudlanuvchining ta’kidlashicha, Abdullayev pul so‘raganida, tadbirkorlar uning «Usmon Haqnazarov» ekanligini bilishmagan. Tushuntirish xatida Bobomurod Abdullayevdan Salayev va Olloyorov 2013-yildan 2016-yil oxirlariga qadar uning taxallusi bo‘yicha taniganliklarini yozishini so‘rashgan. Aslida esa, ulardan biri 2017-yilning yozida, ikkinchisi hibsga olinishidan bir necha kun oldin bilgan.

Bobomurod Abdullayev «O‘zbekiston xalq harakati»ning a’zosi ekanligini va Muhammad Solihga ishlaganini rad etdi. «Aksincha, Solih va uning MXX hamda Xavfsizlik Kengashidagi kanallari menga ishlardi», — deydi u.

Abdullayevning aytishicha, MXX tergovchisi Aleksey Veselov bilan suhbatda u «O‘rim» loyihasi xizmatning ayrim xodimlari tomonidan ishlanganini aytgan. «U Usmon Haqnazarov ertakchi ekanligini so‘zladi. Bizning ham o‘z ertakchilarimiz bor. Ular hozir loyihani ishlab chiqmoqda. Yakunlashgach, sizga o‘qib ko‘rishga beramiz», — degan edi tergovchi.

Sudlanuvchining aytishicha, barcha qiynoqlar Milliy xavfsizlik xizmati tergov hibsxonalarida mahbuslarning ichki tartibini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus qoidada ko‘rsatilgan ko‘rsatmalarga muvofiq amalga oshirilgan.

Abdullayevning tan olishicha, uning maqolalarida xato bo‘lgan, biroq buni MXXda tekshirib olish imkoniyati bo‘lmagan. «Men qayta tekshira olmasdim. Men ozod g‘arb davlatida emasman. Men bunga izoh berishlarini, tasdiqlashlari yoki rad etishlarini so‘ray olmasdim. Biroq ularning ko‘pi tasdiqlandi», — deydi u.

Ayblanuvchining ma’lum qilishicha, uning maqsadi mamlakatda nimalar sodir bo‘layotganini, o‘zi bilgan ma’lumotlarni xalqqa yetkazishdan iborat bo‘lgan. «Men axborot faqat boshqaruv kengashi a’zolarining, boshqaruvdagi elita yoki bir necha oligarxlarning mulki emas, balki, xalqniki bo‘lishi kerak, deb hisoblayman», — deydi Abdullayev.

Abdullayev «Usmon Haqnazarov» taxallusi ostida 2003-yildan 2004-yilning oxiriga qadar, shundan keyin 2011—2017-yillarda yozganligini ma’lum qildi. 2004—2011-yillarda ushbu ism ostida chiqqan maqolalar uning qalamiga mansub emas.

Ish kuni tugaganligi sabab sud jarayoni to‘xtatildi.

Advokat Umidbek Davlatov o‘z himoyasi ostidagi Hayotxon Nasriddinov ilgari aybini tan olgan bo‘lsada, yakuniy xulosa tarzida taqdim etilgan ayblovni tan olmasligini yozma ko‘rinishda bildirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. «U savolni tushunmagan holda shunday javob berdi», — deydi himoyachi.

Sud majlisida Human Rights Watch xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotining, shuningdek, AQSh va Buyuk Britaniya elchixonalarining vakillari ham qatnashdi.

Mazkur ish yuzasidan keyin sud ishi 28-mart kuni bo‘lib o‘tadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring