Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Uyi borning – baxti bor

Uyi borning – baxti bor

Foto: «Xabar.uz»

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati natijasida mamlakatimizda uysiz, kam ta’minlangan, nogiron va boquvchisini yo‘qotgan oilalar ham zamonaviy uy-joylarga ko‘chib o‘tib, baxtli hayot kechirmoqda.

Darhaqiqat, uy inson hayotining ajralmas bo‘lagi. Xalqimiz uni Vatanga qiyoslab, har bir insonning o‘z vatani, go‘shasi bo‘lsin, deya duo qiladi.

Qarshi shahridagi Kat mahallasida 20 nafar nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan fuqaroga 20 moslashtirilgan uy-joyning kaliti topshirilgani ham mazkur duoning amaldagi ifodasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Qarshi shahri «Naxshab» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Dilnavoz Erkayeva yolg‘iz ona. Saraton kasalligiga chalingani bois, 2-guruh nogironi. Shu kunga qadar u bir nafar farzandi bilan onasinikida 4 nafar voyaga yetgan ukasi bilan jami 7 kishi bir xonali uyda yashab kelardi. Bugun uning uchun eng quvonchli kun. Endi uning o‘z uyi bor.

– Xursandchiligim ichimga sig‘maydi, – deydi Dilnavoz ko‘zlariga yosh olib. – Hatto o‘zimni sog‘lom insonlardek his qila boshladim. Keyingi paytlar juda tushkunlikka tushib qolgan edim. Bu uyning menga berilishi hayotimni butkul o‘zgartirib yuborgandek go‘yo. O‘g‘lim Aleksandr ham hursand. Endi u ham tengdoshlari oldida uyalmaydi. Boshini tik tutib yuradi. Buning ustiga bizga berilgan uyda hamma sharoit muhayyo ekan. Xuddi tush ko‘rayotgandekman, hozir.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2017-2018-yillarda viloyatda 428 nafar nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan fuqaroni imtiyozli uy-joy bilan ta’minlash, yashab turgan uylarini ta’mirlab berish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish reja dasturi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, 2017-2018-yillar davomida 122 nafar fuqaroning uy-joy olishi uchun boshlang‘ich to‘lov mablag‘lari to‘lab berilgan. 132 nafar o‘ta og‘ir turmush sharoitidagi nogironlarga bepul moslashtirilgan uylar qurib topshirilgan. 121 nafarining yashash uy-joylari ta’mirlangan. 15 nafariga esa o‘zlari yashab turgan yer uchastkalaridan uy-joy qurib berilgan. 38 nafariga mahalliy hokimliklar tomonidan arzon uy-joylar ajratilgan.

Bu kabi ezgu ishlar joriy yilda ham davom ettirilib, shahar va tuman uy-joy komissiyalari tomonidan 285 nafar nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan fuqarolar ro‘yxati shakllantirilib, ularning arzon uy-joy olishi uchun boshlang‘ich badal to‘lovlarini to‘lab berish bo‘yicha reja dastur ishlab chiqilgan.

Qarshi shahar «Qarliqbog‘ot» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Lobar Usmonova ham turmush o‘rtog‘i vafotidan so‘ng uch nafar yosh farzandi bilan qiynalib qoldi. U qaynotasinikida jami 4 ta oila bir xonadonda yashab kelardi. Ikkita o‘g‘li endigina maktabga bora boshlagan. Kenjasiga hali ona tarbiyasi zarur. Shu bois u ishlash imkonidan mahrum. Uy-joy masalasidagi oilaviy tortishuvlar so‘nggi paytlarda uni juda charchatgan edi. Mutasaddilar unga ham uy ajratganini eshitib, benihoya quvondi.

– Bugun men uchun eng baxtiyor kun, – deydi Lobar Usmonova. – Ayniqsa, farzandlarim juda hursand. Nasib etsa, bu uyda yangi hayot boshlayman. Biz kabi ehtiyojmand oilalarning holidan xabar olganlardan bag‘oyat minnatdormiz. Ilgarilari ham bu masala bo‘yicha ko‘p bora murojaat qilganman, lekin hech natija bo‘lmagan. Mana, haqiqat bor ekan. Nihoyat bizning ahvolimiz o‘rganilib, uy ajratildi. Bu hayotimizni, fikrimizni o‘zgartirdi. Hayotga mehrim oshdi. Bizga ko‘rsatilgan bu e’tiborni, albatta, oqlaymiz. Endi imkonim boricha harakat qilaman. Yonimizdagi tikuvchilik sexida ishlab baxtli hayot kechiraman.

Darhaqiqat, tadbir doirasida yangi xonadonlarga ega bo‘lgan fuqarolar ishlab, mehnat qilishlari uchun tikuvchilik va mebel sexi faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Endilikda ular mana shu sexlarda ishlab, oilasi farovonligini ta’minlaydi.

Shuningdek, tadbir davomida tashkilotchilar tomonidan uyga ega bo‘lgan oilalarning 35 nafar farzandiga o‘quv-qurollari va boshqa qimmatbaho sovg‘alar ham berildi.

Uy topshirish marosimi katta shodiyona, bayramga aylandi. Yuzida hayotdan mamnunlik hissi barq etib turgan yangi xonadon egalarining quvonchi go‘yo olamni tutadi. Taniqli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziyev hamda Prezident maslahatchisi birinchi o‘rinbosari U.Muhammadiyevlar so‘zga chiqdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring