Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Uyingiz yo‘q bo‘lishidan oldin bormidi?

Uyingiz yo‘q bo‘lishidan oldin bormidi?

Ramazon oyi arafasida «O‘zA» saytida berilgan «Masjid kimniki?» sarlavhali videoreportaj ko‘pchilikni bee’tibor qoldirmagani aniq. Unda jurnalistning Andijon shahri, Taxtako‘prik mahallasi fuqarolari shikoyati bo‘yicha Andijonda bo‘lgani va murojaatchilar shikoyatlarini o‘rganib chiqish uchun o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvi aks etgan.

Shikoyatda qaror asosida 1991-yili Taxta ko‘prik mahallasida masjid qurilishi boshlangani va u shu mahalla ahli va homiylar ko‘magi asosida hashar yo‘li bilan 1997-yili bitkazilib, namozxonlar ixtiyoriga topshirilgani, ammo 2009-yilda hech bir sababsiz va izohlaru tushuntirishlarsiz ibodatxona yopib qo‘yilgani bitilgan.

Mahalla ahlining talabi bitta: masjidni qaytarib olish. Lekin bu yerda yana bir muammo paydo bo‘lgan. Gap shundaki, shahar hokimining buyrug‘iga ko‘ra, bir necha uysiz oila masjid hujralariga ko‘chirib keltirilgan. Natijada masjid-madrasa o‘ziga xos «dom»ga aylantirilgan. Hovlida bolalarning shovqin-suroni, «balkon»larga tashlangan ko‘rpa-to‘shaklar, dorlarga osilgan kirlar... Hech bir jihat jurnalist nazaridan chetda qolmagan.

Ayniqsa, birma-bir barcha hujralarga kirib, tor xonalarda yashayotgan oilalar ahvoli bilan qiziqqan. Hammada bir muammo: ota-ona, o‘g‘il-kelin, nevaralar... tag‘in aka-singil bir xonada tiqilib yashashyapti. Nafaqat musulmonchilik, o‘zbekchilikka, oddiy insoniylikka-da to‘g‘ri kelmaydi. Hammom yo‘q, hojatxona erkagu ayolga bittagina. Bir so‘z bilan aytganda, risoladagidek yashash uchun hech qanday sharoit yo‘q. Baribir odamlar yashayapti, yashashga majbur, chunki ular UYSIZ! Juda achinarli holat-a? Biroq... xulosaga shoshilmaylik.

Uysiz so‘zini bejiz bosh harflar bilan yozmadim. Jurnalist savollariga barcha shu taxlit javob berdi: UYSIZMAN! Jurnalist vaziyatni juda yaxshi tahlil qilgan, ammo men undan shu birgina savolni kutdim: Uyingiz yo‘q bo‘lishidan oldin bormidi, avval qayerda yashagansiz? Lekin tasvir yakunigacha bu savol berilmadi. Va aynan shu savol maqola yozishimga turtki berdi.

– Cholim, men, o‘g‘lim, kelinim va nevaralarim bilan shu bitta xonada turamiz. Olti kishi, – deydi yetmishni qoralab qolgan onaxon ko‘zlari yoshlanib. – Uyimiz yo‘q. Cholim kasal, shunday holda o‘tiramiz... Yig‘lab borgandim, shu joyni berishdi vaqtincha yashab turishga...

– Demak, Andijon shahar hokimiyati shu joyni sizlarga berdi. Tor xonada shuncha jon. Yana o‘g‘lingiz, keliningiz, uzr-ku, er-xotin munosabatlari deganday... qayerda yuvinasizlar?..

– Endi ilojimiz yo‘q, uyimiz bo‘lmasa nima qilamiz...

– Ustachilik qilaman, – deydi o‘zini Oxunjon deb tanishtirgan barvastagina yigit. – Uyimiz yo‘q yashashga. Bu xonani hokimiyat berdi...

– Ikki nafar farzandim bor, – yig‘laydi boshqa bir ayol.

– Turmush o‘rtog‘ingiz yo‘qmi?

– Bor, xotinining oldiga ketib qoldi...

– Ikkinchi xotinmidingiz?

– Ha. Birinchi ro‘zg‘orimdan ajrashib ketganman... – ayol battar yig‘iga zo‘r beradi. – Katta o‘g‘lim o‘n besh yoshda, «cherepniy davlenasi» bor, bu yerda yashamayman, urush-janjallardan zerikdim, boshqa kvartiraga chiqib ketaylik deyapti...

– Qizim ikkovimiz yashaymiz, kichik o‘g‘lim ichkuyov bo‘lib qaynonasinikida turadi. Qizim 28 yoshda, turmushidan ajragan... Bitta bolasi bor, uch yashar. Katta o‘g‘lim ham bor, yoshlik qilib turmaga tushib qolgan, yaqinda chiqadi, u ham shu yerga keladi, boshqa qayerga kelardi...

«Opam bilan yashayman, bitta farzandim bor, erim Rossiyada...», «Sharoitimiz qiyin, bitta palos ham ololmayapman, hech vaqoim yo‘q, televizorim ham yo‘q, pullarimiz ham yo‘q...», «Ikkita qizim bor, men yaqinda «bolnisa»dan chiqdim... kasbi korim yo‘q... otasi qamalib ketgan...», «Ikki farzandim bor, xo‘jayinim o‘lib qolgan, hokimiyat joyladi bizni, bir yil bo‘lib qoldi...», «Qaynonam chiqarvorgan uydan ikkita bolam bilan...»

Xullas, «dom» ahli hasratidan chang chiqadi. Jurnalist esa hayron, ochig‘i bu holni hazm qilolmayapti. «Astag‘firulloh» deb qo‘yadi ba’zan. Men ham hazm qilolmadim. Hokimiyatning masjid hujralarini uysizlarga taqsimlab berganini hazm qilolmadim. Shu taklifga rozi bo‘lgan odamlar tushunchasini hazm qilolmadim. Uysizman, deb mo‘ltirab turishlarini, o‘zlarini bechorahol ko‘rsatishlarini hazm qilolmadim.

Ko‘pchilik, o‘zlarini bechorahol ko‘rsatishlarini hazm qilolmadim, degan jumlamga e’tiroz bildirishi ham mumkin. Rostdan bechorahol-ku, yashashga uylari bo‘lmasa, nima qilishsin, deydiganlar topiladi. Aslida shundaymikin? Shunday bo‘lganda ham bunga kim aybor? Negadir shu savollar hech ketmayapti miyamdan. Uysizlik yomon albatta. Ayniqsa, bola-chaqali bo‘lganingda. Biroq...

Ikki yildirki, barcha sohalarda islohotlar jarayoni ketyapti. Chorak asr yig‘ilib qolgan muammolar ro‘y-rost tan olinib, ularni kechiktirmay hal etish choralari olib borilmoqda. Xususan, uysizlik muammosini ham. Lekin keyingi paytlarda ayrim yurtdoshlarimizning bu islohotlarni suiiste’mol qilishga o‘tib olgani odamni ranjityapti, to‘g‘risi. Harakat qilib, hayot tarzini o‘zgartirish o‘rniga, tayyor uy-joy ilinjida davlat muassasalari ostonasiga yotib olishyapti yig‘i-sig‘i qilishib. Qani, tuman hokimi hal qilmasin-chi, viloyat hokimi bor, u ham ish bermasa, portal bor. Mutasaddilar haqiqiy yordamga muhtojlar bu yoqda qolib, ular bilan andarmon bo‘lishga majbur.

Ayni mavzudagi videotasvirdan, odamlar gap-so‘zlaridan yana shu suiiste’molchilikni sezganday bo‘ldim. Nega deysizmi? O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, uyim yo‘q, deb iddao qilayotganlar nega bu ahvolga tushib qolgan? Ko‘rinishidan nogiron bir yigitning, otam bilan shu yerga ko‘chib keldik, alohida-alohida hujralarda yashayapmiz hozir. Xudo bergan pensiyaga qanoat qilib yashaymizda bu yog‘iga, deganini tushunish mumkin. Chunki nogiron u, og‘ir ish qilolmaydi va bunday insonlarga har qancha moddiy va ma’naviy ko‘mak berish ham qarz, ham farz. Lekin xotiniyu bola-chaqasidan tashqari, yana onasi va bo‘yiga yetgan singlisi bilan bitta hujrada yashayotgan va bu holdan taajjublangan jurnalistga «Ilojimiz yo‘q, uysizmiz» deb o‘zini oqlayotgan, hali o‘ttizga ham kirmagan to‘rt muchasi sog‘ erkakni qanday tushunish mumkin?!

Xo‘sh, u shu hujraga kelgunicha qayerda yashagan? Asli uy-joyi bo‘lgandir uning. Ko‘chada tug‘ilmagandir hoynahoy. Ota uyi qayerda? Bu holga ko‘nib yashashga nima majbur qilyapti uni? Uyi buzilganmi? Buzilgan bo‘lsa, davlat o‘rniga uy-joy berishga majburku yoki tovon puli to‘lashga. Yoki qimorga tikvorganmikin uyini?.. Savollar ko‘p, javoblarga esa ojizmiz. Chunki hech kim uysizligining jo‘yali sababini aytmadi yoki so‘ralmadi. 

O‘sha yigit ustachilik qilishini aytdi. Qo‘lida guldek hunari bor ekan, hokimlikdan hech bo‘lmasa shahar chetrog‘idan bo‘lsa ham besh-to‘rt sotix yer so‘rasa berardi nazarimda. Tiklab olish uchun hashar ham uyushtirib berishi mumkin edi. Shahar markazida yashash shartmasku odamga. Muhimi, o‘z uying, o‘lan to‘shaging bo‘ladi. Afsuski, yigitda bu reja yo‘q. Haytovur, jurnalistning, bu holda yashash yaxshimas, boshqa uy-joy qilishga harakat qilyapsizmi, degan savoliga yelka qisib qo‘yaqoldi.

Bir kelini bola-chaqasi bilan bir hujrada, o‘zi esa choli, o‘g‘li, keliniyu nevaralari bilan boshqa hujrada yashayotgan onaxon taqdiri ham munozarali. Hay mayli, uysiz yosh oilani tushunsa bo‘ladi. Qaynona-qaynota bilan murosa qilolmaydigan yoshlar ham borda, deymiz ularni ko‘rganda. Lekin keksayganda bu taxlit yashash sal g‘alatiroqmasmi? Ularning qachonlardir uy-joyi bo‘lganku axir. Yoki shu yoshga yetguncha bir umr ijarama-ijara yashashdimikin ular ham. Avvalo, keksayganda hech bandaning boshiga bu kunlar tushmasin. Ammo ular yolg‘iz emas, ikki kelini bor, demak, ikki o‘g‘li ham. O‘g‘illar nega jim bu holga? Yoki nogironmikin ular ham...

Hayotda qancha-qancha yordamga muhtojlar bor, uch-to‘rttalab bolasini yolg‘iz katta qilayotgan onalar bisyor, nogiron bolasini ming mashaqqat bilan parvarishlayotgan ota-onalar ko‘p, lekin aksariyati ko‘mak so‘rab qo‘l cho‘zishga istihola qiladi. Ko‘pchiligi bu masalada kimga murojaat qilishni ham bilishmaydi. Murojaat qilishsa ham aybdordek bosh egib turishadi, unsiz yig‘lashadi. Sababi ularda oriyat kuchli, hamiyat kuchli. Afsuski, «dom»da yashovchilarda shu oriyat degan xislatni ko‘rmadim. Aslida jurnalist masjidni mahalla ahli ixtiyoriga qaytarishga ko‘mak berish uchun borgan. Ammo odamlar biri qo‘yib, biri o‘z dardini dasturxon qilishdi. Hech kim, to‘g‘ri, bu yerda yashashimiz nojoiz, demadi. Hech kimning chiqib ketish maqsadi ham yo‘q nazarimda. Chiqishadi, qachonki, hokimlik ularga gilamlari, televizorlariyu konditsionerlari bor alohida uy-joy berganida.

Nega hokimlik ularga aynan shu yerni makon qilib berdi? Menimcha, shahar hokimi ham ularning janjalidan zada bo‘lgan ko‘rinadi, ularning arz-dodidan qutulishning yo‘lini shu tarzda topgan. Yashab turishsin-chi, bir gap bo‘lar, chollar namozini boshqa masjidda ham o‘qishlari mumkin, deyishgandir-da. Mayli, shunday ham deylik, lekin «uysizlar» shunga shukr qilishyaptimi, hamma gap shunda.

– Taxtako‘prik mahallasida posbonman, – deya intervyu beribdi bir inson. – Shahar hokimining rahmini keltirishib, shu yerga kirishib oldi, bu yerda yashayotgan insonlar sog‘mas, derazadan sigaret chekishadi, aroq ichishadi, ayollari ham... Bu yerdan zerikkanmiz, har xil insonlar kelishadi. Har kuni urush-janjal. Masjid qaytarib berilsa, mahalla ham tinchib qolardi.

Posbonning e’tirozlarini Andijon shahar IIBning fuqarolar bilan ishlash bo‘yicha inspektori Murodjon Hasanov ham tasdiqladi: «Bir nechta murojaatlarni ko‘rib chiqqanman. Asosan, urush-janjallar, ularni qonuniy hal qilish uchun sudga ham olib chiqqanmiz, jarimalar solingan... Aksariyat ayollar, erim yo‘q, deb kirib olgan, keyinchalik «erlari» paydo bo‘lib qolyapti, har xil odamlar qatnovini ham rad qilmayman».

Mana sizga ahvol. Aksariyati ishga yaroqli, lekin ishlamaslikka bahonalar bisyor. Ish bilganga bir tanga, gap bilganga ming tanga, degan zamon keldimikin yo. Hozir oylik maoshga uy-joy qilib bo‘larmidi, dersiz. To‘g‘ri, bu qiyin. Lekin maqoladagi odamlar azaldan ham hech qayerda ishlamagan bo‘lsa kerak. Vaqtida biror kasb-korning boshini tutganda balki bugun shu darajaga tushib qolishmasmidi.

Bu yerda hech kimni ayblash niyatim yo‘q. Aytmoqchi bo‘lganim, har bir muammoga davlatni balogardon qilavermaylik. To‘g‘ri, fuqarolarining hech kimdan kam bo‘lmay yashashlari uchun davlat, hukumat mas’ul. Biroq, bu mas’ullikni, yuqorida aytganimdek, juda suiiste’mol qilib yubormaylik. Imkon qadar harakat qilib, o‘z hayotini yaxshilashga urinmasdan, bersang yeyman, ursang o‘laman, qabilida davlatdan tama qilaverish Xudoga ham xush kelmasa kerak. Tag‘in bilmadim.

Yana bir gap: jurnalist surishtiruvni boshlab to yakunlagunga qadar «masjid-dom» hovlisidan ham, tashqarisidan ham bola-chaqaning shovqin-suroni tinmadi. Hech kim, bolam, birpas jim tur, sekinroq gapir, muxbir kelgan, demadi. Xulosa o‘zingizdan: olmaning tagiga olma tushadi...mi?

Usmonjon Yo‘ldoshev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring